Неверный логин или пароль
или войдите через:
×
На ваш почтовый ящик отправлены инструкции по восстановлению пароля
x
Новое на buxgalter.uzЗадержали выплаты работнику – как рассчитать проценты за задержку выплат Как трактовать компенсацию за задержку выплаты дохода работнику Не пропустите сроки регистрации чеков онлайн-ККТ за апрель для зачета НДС по ним Как предприятию продать квартиру физическому лицу Как предприятию продать квартиру физическому лицу

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

16.05.2016

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida



Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligining, madaniy-ma’rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” degan hikmatli so‘zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.



Shuning uchun ham qachonki bosqinchi va istilochi kuchlar el-yurtimizni o‘ziga qaram qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, uni o‘z tili va dinidan, tarixi va madaniyatidan, milliy g‘ururidan judo etishga uringan. O‘lkamiz qaramlik changaliga tushib qolgan istibdod davrlarida ona tilimizning rivojlanish imkoniyatlari cheklab qo‘yilgani hech kimga sir emas.



O‘zbek tili qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, uning shakllanishida miloddan oldingi va miloddan keyingi dastlabki asrlarda mintaqamiz hududida yashagan baqtriylar, so‘g‘diylar, xorazmiylar va boshqa elat va millatlar o‘z ta’sirini ko‘rsatgani haqida mavjud ilmiy manbalar dalolat beradi.

O‘zbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash tabiiydir.

Shu borada Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy kabi ilmu fan va adabiyot namoyandalarining xizmati va qoldirgan merosi muhim o‘rin egallaganini qayd etish joiz.

O‘zbek adabiy tili ayniqsa XIV-XV asrlarda – Amir Temur va temuriylar davrida rivojlanishning yangi, yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.

Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy, Boborahim Mashrab, Muqimiy, Furqat kabi o‘nlab mumtoz adib va allomalarimizning ijodida ona tilimizning lug‘at boyligi, badiiy imkoniyatlari, uning go‘zalligi va nafosati yanada yorqin namoyon bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, o‘z hayotini xalqimizning ma’naviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bag‘ishlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarning ulkan xizmatlarini, bu yo‘lda haqiqiy vatanparvar, yurtparvar, millatparvar sifatida iz qoldirgan ziyoli insonlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi.

Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish, nufuzini oshirishni o‘zimiz uchun eng ustuvor, uzviy davom etadigan yuksak maqsad deb bilishimiz va bu masalaning ahamiyati hech qachon e’tiborimizdan chetda qolmasligi zarur.

Bu borada 1989-yili yurtimizda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va ushbu huquqiy norma Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim.

Shuningdek, 1990-yili Vazirlar Mahkamasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun, 1995-yili “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri, 1996-yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori va shu kabi boshqa hujjatlar qabul qilingani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Ushbu sohada yaratilgan normativ-huquqiy baza o‘zbek tili bilan birga mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning o‘z ona tilini rivojlantirish va uni erkin qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishni kafolatlab kelayotgani alohida e’tiborga sazovordir.

Ayni shu asnoda O‘zbekistonda milliy tillarni rivojlantirish uchun keng sharoit yaratilgani, bugungi kunda yurtimizda ta’lim-tarbiya muassasalari va ommaviy axborot vositalari yetti tilda faoliyat olib borayotgani jamiyatimiz hayotida millatlararo ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga yanada chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash maqsadida chet tillarni, xususan, ingliz tilini o‘qitishning kompleks tizimi yaratilib, amalda keng joriy etilmoqda.

Ana shunday ishlar qatorida o‘zbek tili va adabiyotining xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy rivojida, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni va roli bilan bog‘liq dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, ko‘plab lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar nashr etilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga katta e’tibor berilmoqda.

Ayni vaqtda bu sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hali ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz darkor. Eng avvalo, ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda.

Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish oldimizda muhim vazifa bo‘lib turganini qayd etish lozim.

Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:

1. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet deb yuritiladi) tashkil etilsin.

Universitet tarkibida 3 ta fakultet: o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin. Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

3. Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

o‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;

ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;

talaba yoshlarni, o‘zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash;

o‘zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o‘zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o‘zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq ilmiy muammolarni tadqiq etish;

o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish;

umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish;

ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, uning komputer uslubini, o‘zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug‘atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog‘liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish.

4. Universitet faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etish uchun ilovaga muvofiq tarkibda respublika komissiyasi tuzilsin.

Respublika komissiyasi (Sh.Mirziyoyev)ga:

Universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarorini tayyorlash vazifasi topshirilsin.

Ushbu qarorda Universitetning tarkibiy tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash, Universitetni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish, ustav hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Universitetni vaqtincha joylashtirish uchun tegishli bino bilan ta’minlash;

Universitetni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, shu maqsadda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining tugatilayotgan o‘zbek filologiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining rahbar va ilmiy xodimlari, professor-o‘qituvchilarini belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazish;

Universitet oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv rejalari va dasturlar, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va nashr etish;

Universitet uchun quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan tegishli binolar, uning hududidagi maydon va xiyobonlarni rekonstruksiya qilish maqsadida qurilish-montaj ishlarini tashkil etish, xususan, bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni, istisno tariqasida, tender savdolari o‘tkazmasdan tanlash, qurilish-montaj ishlarini loyiha-qidiruv ishlari bilan bir vaqtda olib borish va ularning belgilangan muddatda moliyalashtirilishini ta’minlash, qurilish-montaj va jihozlash ishlarini 2017-yilning 1-avgustiga qadar yakuniga yetkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘zda tutilsin.

5. Universitetda o‘quv jarayoni 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab tashkil etilsin va 1-kursga qabul ko‘rsatkichlari bo‘yicha takliflar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etilsin.

6. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bir oy muddatda:

Universitetning bosh binosi oldidagi maydonda ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ijodiy tanlov e’lon qilsin va uni belgilangan tartibda o‘tkazsin;
haykalni yaratish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning hisob-kitobini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etsin.

7. Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha mamlakatimiz hududiga olib kiriladigan komputer texnikasi, maxsus asbob-uskuna va inventarlar, istisno tariqasida, 2020-yilning 1-yanvarigacha bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno) to‘lashdan ozod qilinsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur Farmonni keng yoritish tavsiya etilsin.

10. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi
            Prezidenti

 

 
 I.Karimov



Toshkent shahri,
2016-yil 13-may

kadrovik.uz

Курс валют

2024-04-24
  • USD:12705.00 (+0.00) сум
  • EUR:13543.53 (+0.00) сум
  • RUB:136.11 (+0.00) сум

Читайте в свежих номерах