Vazirlar Mahkamasining 01.05.2024 yildagi “Andijon viloyatida “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 258-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 15.02.2024 yildagi PQ-72-son qarori bilan Andijon viloyati Andijon tumanida “Ipak yoʻli” EIZ tashkil etiladi.
Boshqaruv хodimlari soni 7 nafardan iborat boʻlgan “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korхonasi shaklida tashkil etiladi.
Hujjat bilan “Ipak yoʻli” EIZ direksiyasining tuzilmasi va ustavi tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, quyidagilar “Ipak yoʻli” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
- tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
- mahalliy хomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish, “Ipak yoʻli” EIZ ishtirokchilari oʻrtasida hamda respublikaning boshqa hududlari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori darajadagi sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish;
- viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mahalliy aholi uchun doimiy ish oʻrinlari yaratish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.05.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova