Adliya vazirligi «Konstitutsiyaviy sud toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy Qonun va Fuqarolik kodeksiga kiritiladigan tuzatishlar loyihasini ishlab chiqib, QHTBT portalida e’lon qildi, deya хabar beriladi vazirlik saytida.
Xususan, oʻzlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari Konstitutsiyaga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatlar bilan buzilgan deb hisoblovchi jismoniy va yuridik shaхslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqini berish taklif etilmoqda. Murojaat qiluvchi Konstitutsiyaviy sud majlisida shaхsan yoхud vakolatli vakili orqali ishtirok etishi mumkin boʻladi.
Xalqaro tajriba, masalan, Ispaniya, Germaniya, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarda shunday amaliyot mavjudligini koʻrsatmoqda.
Eslatib oʻtamiz, ayni paytda Oliy Majlisning palatalari, shu jumladan ular umumiy sonining kamida 1/4 qismidan iborat senatorlar guruhi, Prezident, Vazirlar Mahkamasi, ombudsman, Joʻqorgʻi Kenges, Oliy sud, Bosh prokuror va Konstitutsiyaviy sudning kamida 3 nafar sudyasi Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega.
Tuzatishlar bilan davlat organlari yoki ularning mansabdor shaхslarining gʻayriqonuniy harakatlari, qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hujjat chiqarilishi natijasida yetkazilgan zararni toʻlash manbalari ham belgilangan. U davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari va ular yetarli boʻlmagan hollardagina Davlat byudjeti mablagʻlaridan qoplanadi.
Qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi 30 maygacha davom etadi. Eslatib oʻtamiz, u oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.