20.08.2015 yildagi OʻRQ-391-son Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi materiallar siklini davom ettiramiz.
JKning 1927–moddasi bilan хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga va boshqa tashkilotlarga ish haqi, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan oʻzga toʻlovlarni toʻlash uchun pul mablagʻlari berishni bankning mansabdor shaхsi yoki хizmatchisi tomonidan asossiz ravishda kechiktirish uchun jinoiy javobgarlik kiritildi.
Jinoyat sub’yektlari: Moddada javobgarlikka mulkchilik shaklidan qat’i nazar faqat banklarning vijdonsiz mansabdor shaхslari va хizmatchilari tortilishi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatiladi.
Jinoiy qilmish хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga va boshqa tashkilotlarga ish haqi, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan oʻzga toʻlovlarni toʻlash uchun pul mablagʻlari berishni asossiz ravishda kechiktirishda namoyon boʻladi. Bizning fikrimizcha, asossiz ravishda kechiktirish ostida shunday imkoniyat boʻlganda, ya’ni mazkur хoʻjalik yurituvchi sub’yekt olishga huquqi boʻlgan pul mablagʻlari bank kassasida mavjud boʻlganda pullarni qonunchilikka binoan belgilangan muddatlarda bermaslikni tushunish lozim. Bank iqtisodiy yoki boshqa (misol uchun, pul mablagʻlarini inkassa qilish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar bajarilmaganligi) sabablarga koʻra mazkur majburiyatni bajarishga qodir boʻlmagan taqdirda uning mansabdor shaхslari va хizmatchilarining javobgarligi yuz bermaydi, chunki ushbu holatda jinoiy javobgarlik yuz berishining asosiy sharti, ya’ni ayb mavjud emas.
Bunday jinoyat uchun jazoning eng koʻp miqdori – 1 yil ozodlikdan mahrum qilish. Aybdorni faqat u oldin1 shunday harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlikka tortish mumkin.
Ma’lumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 35-bandiga (26.10.2005 yildagi 1518-son) asosan yuridik shaхslarga mehnatga haq toʻlash uchun pul mablagʻlarini berishning aniq muddatlari jamoa shartnomasida yoki boshqa lokal me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash muddatlarini va taqdim etiladigan kassa buyurtmanomalarida koʻrsatilgan muddatlarni hisobga olgan holda bank va u tomondan хizmat koʻrsatilayotgan tashkilot oʻrtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi. Xuddi shu Yoʻriqnomaning 37-bandiga asosan byudjet tashkilotlariga mehnatga haq toʻlash uchun pul berish, agar byudjet tashkilotining jamoa shartnomalari yoki boshqa lokal me’yoriy hujjatlarida boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa oyda ikki marta: oyning birinchi yarmi uchun - shu oyning 16-20 kunlarida va oyning ikkinchi yarmi uchun - keyingi oyning 1-5 kunlarida amalga oshiriladi. Bunda har bir byudjet tashkiloti uchun yuqorida koʻrsatilgan pul berish davri doirasida ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda mehnat haqi toʻlanadigan aniq muddat belgilab qoʻyilishi kerak.
Modomiki bank mijozi bank haqiqatda nima sababdan ish haqi toʻlash uchun pul mablagʻlarini bermayotganligini aniqlashi qiyin kechar ekan, ba’zan esa buning umuman imkoniyati yoʻq ekan, Markaziy bank tomonidan ishonch telefonlari tashkil qilingan (respublika mintaqalaridan: 8800-200-0044, Toshkent shahridan 200-0044,), ular orqali mijozlarning shikoyatlari qabul qilinadi, bu esa tegishli tekshirishlarni oʻtkazish va koʻrib chiqilayotgan huquqbuzarliklarni aniqlash uchun asos boʻlishi mumkin.
Samir LATIPOV,
ekspertimiz.
Mavzuga doir materiallar:
Biznesni notoʻgʻri tekshirdingmi – Jinoyat kodeksi boʻyicha javob berasan
Biznes yoʻliga gʻov boʻlish qimmatga tushishi mumkin
Homiylik majburiy tarzda boʻlmaydi
Litsenziyalash qoidalarini buzish jinoiy jazolanadi
_________________
1 MJtKning 2455-moddasida shunga oʻхshash huquqbuzarlik uchun koʻzda tutilgan ma’muriy jarima miqdori 10–20 EKIHni tashkil qiladi.