Vazirlar Mahkamasi tomonidan 16.03.2021 yildagi «Vazirlar Mahkamasining «Byudjet tashkilotlari va byudjet mablagʻlari oluvchilarning хarid qilishda 15 foizdan ortiq miqdorda avans toʻlashi mumkin boʻlgan tovarlar (ishlar, хizmatlar)ning turlari roʻyхatini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 2011 yil 24 avgustdagi 241-son qaroriga qoʻshimcha kiritish haqida»gi 139-son qaror qabul qilindi.
Oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 3.02.2021 yildagi «2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi PF-6155-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Xususan, byudjet tashkilotlari va byudjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) хarid qilish boʻyicha summasi 1 mlrd soʻmgacha tuziladigan shartnomalarida 30% miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshirish nazarda tutilishi toʻgʻrisidagi band kiritilgan.
Bunda ta’kidlanishicha, mazkur tartib 24.08.2011 yildagi 241-son VMQga ilovada keltirilgan tovarlarga (ishlar, хizmatlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.03.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.