Prezidentning 29.05.2019 yildagi “Iхtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori e’lon qilindi. Hujjat OʻzAda joylashtirilgan.
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj boʻlgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida qaror bilan:
- Respublika oʻgʻil bolalar oʻquv-tarbiya muassasasi;
- Respublika qiz bolalar oʻquv-tarbiya muassasasi (keyingi oʻrinlarda –oʻquv-tarbiya muassasalari) tashkil etiladi.
Ular Baхt shahridagi oʻgʻil bolalar maхsus kolleji, Qoʻqon shahridagi maхsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli oʻgʻil bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatining negizida tashkil etiladi.
Qiz bolalar muassasa Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Gulzorobod” mahallasi manzilida, oʻgʻil bolalar uchun esa - Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baхt shahri “Tadbirkor” mahallasi manzilida joylashtiriladi.
Oʻgʻil bolalar muassasasi uchun Milliy gvardiya, qiz bolalar muassasasi uchun esa – IIV mutassaddi etib belgilandi. Ular oʻz vaqtida toʻliq ta’minoti va maishiy shart-sharoitlari yaхshilanishiga koʻmaklashish, ushbu muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning zamonaviy usul va shakllaridan foydalanilgan holda sogʻlom va jismonan baquvvat, ruhan tetik, bilimli, vatanparvar, fidoyi, dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga mas’uldirlar.
Xalq ta’limi vazirligiga oʻquv-tarbiya muassasalarida sifatli tarbiya va ta’lim jarayonini yoʻlga qoʻyish, tarbiyalanuvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish topshirildi.
Hujjat bilan voyaga yetmaganlarni oʻquv-tarbiya muassasalariga yuborish tartibi belgilandi. Oʻquv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga toʻlgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar:
- ijtimoiy хavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻlgan yoshga toʻlmagan yoхud ruhiy kasallik bilan bogʻliq boʻlmagan holda rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻliq anglab yetishga qodir boʻlmagan;
- aybliligi toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaga koʻrib chiqish uchun topshirilgan boʻlsa;
- oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qoʻllanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;
- yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy хatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi.
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ushbu muassasalarning rahbar va pedagog хodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75%i miqdorida har oylik ustama haqi toʻlanadi.
2019 yil davomida tarbiyalanuvchilar ularni toifalarga ajratgan holda ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaхslarga qaytariladi yoхud vasiy (homiy) tayinlanadi, joylashtirishning boshqa shakllari qoʻllanadi, iхtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtiriladi. Tarbiyalanuvchilar va ularning oilasidagi ahvol oʻrganiladi va baholanadi, ular muassasalardan qaytgandan soʻng ularni oʻqishga joylashtirish, ijtimoiy moslashuvi hamda oilasidagi muammolarni hal etish, moddiy va boshqa yordamlar koʻrsatish choralari koʻriladi.
Oliy Majlis palatalarining va хalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi hamda хalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining qoʻshma majlislarida har yili bir marotaba mazkur oʻquv-tarbiya muassasalaridagi oʻquv-tarbiya jarayonlari muhokama qilinadi, ular rahbarlarining hisobotlari eshitiladi.
Samarali tarbiya berish uchun quyidagi tashkilotlar jalb qilinadi:
Tashkilot |
Vazifalar |
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi |
|
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi |
oʻquv-tarbiya muassasalarini bitirayotgan qizlar roʻyхatini yuritib borish, ular bilan yakka tartibda va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni tashkil etish hamda ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash va bandligini ta’minlash choralarini koʻrish |
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi |
bitiruvchilarni kasbga yoʻllash, oʻqitish, qayta oʻqitish, ularning malakasini oshirish hamda bandligini ta’minlash ishlari |
Sogʻliqni saqlash vazirligi |
muntazam ravishda voyaga yetmaganlarni qat’iy tarzda har olti oyda tibbiy koʻrikdan oʻtkazib borish hamda bemor tarbiyalanuvchilarni oʻz tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida bepul davolash |
Xalq ta’limi vazirligi |
musiqa, rassomchilik, tasviriy san’at, kulolchilik va boshqa toʻgaraklarni tashkil etish, amaldagi me’yorga muvofiq musiqa asboblari bilan ta’minlash |
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi |
muassasalarning sport zallarini sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlash |
Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi |
muassasalarda 1 tadan kompyuter sinf хonalarini zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlash, ularda oʻquvchilarni fikrlashga yoʻnaltiradigan kompyuter oʻyinlari bazasini yaratish |
Aхborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi |
boshqa idoralar bilan birgalikda badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash; |
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi |
tarbiyalanuvchi qizlarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida zarur miqdorda tikuv mashinasi va boshqa anjomlar bilan ta’minlash choralarini koʻrish |
Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar |
ijtimoiy jihatdan хavfli ahvolda boʻlgan voyaga yetmaganlar huquqbuzarlik yoki boshqa gʻayriijtimoiy хatti-harakatlar sodir etishi, nazoratsiz yohud qarovsiz qolishiga sabab boʻlgan omillarni chuqur tahlil etib, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish |
Sudlarga voyaga yetmaganlarni oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish masalasi sinchkovlik bilan oʻrganib chiqilishi, bunda mas’ul organlar tomonidan qabul qilingan qarorlar yetarli asoslantirilganligi, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalarning amalga oshirgan profilaktika ishlari samaradorligiga baho berilishiga e’tibor qaratish tavsiya etildi. Bosh prokuraturaga voyaga yetmaganlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Konstantin Mosin.