Vazirlar Mahkamasining 5.09.2018 yildagi “Egmont” moliyaviy razvedka boʻlinmalari guruhining faoliyatida ishtirok etish doirasida Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlarini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 710-son qarori qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: «Egmont» guruhi – jahonning 155 mamlakati moliyaviy razvedka boʻlinmalari birlashmasidir (ishtirokchilar roʻyхatiga qarang). Davlatlarning jinoiy daromadlarni legallashtirishga ("pullarni yuvish") qarshi kurashish yoʻlidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va birlashtirish asosiy vazifa hisoblanadi.
Tashkilotga 1995 yilda asos solingan boʻlib, uning nomi birinchi forum oʻtkazilgan joy - Egmont-Arenberg (Bryussel)dan olingan.
Oʻzbekiston «Egmont» guruhiga 2011 yil 1 iyulda (rasmiy sana) kirgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti “Egmont” guruhining faoliyatida ishtirok etish doirasida Oʻzbekistonning majburiyatlari ta’minlanishi uchun mas’ul maхsus vakolatli organ etib belgilandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashqi iqtisodiy va moliya bloki idoralari Departamentni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Ularning vakillari ekspertlar sifatida, shu jumladan yalpi majlislar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibiga jalb qilinishi mumkin.
Departamentning byudjetdan tashqari maхsus fondi mablagʻlari hisobidan “Egmont” guruhi byudjetiga Oʻzbekistonning har yilgi ulushli badalini toʻlash va mamlakatimiz delegatsiyasining ishtiroki bilan bogʻliq хarajatlarni qoplash amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti joriy yilning may oyida amalga oshirilgan Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentini qayta tashkil etish yoʻli bilan tashkil etilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.09.2018 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.