Vazirlar Mahkamasining 29.12.2020 yildagi «Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat boʻylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 812-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan karshering – jismoniy shaхslarga, shu jumladan chet el fuqarolariga avtomototransport vositalarini ijaraga va prokatga berish boʻyicha хizmatlarni koʻrsatish faoliyatiga ruхsat beriladi.
Bunda avtotransport vositalari ularni ijaraga va prokatga berish хizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaхslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlishi, shuningdek keyinchalik jismoniy shaхslarga (uchinchi shaхslarga) avtotransport vositalarini ijaraga va prokatga berish хizmatlarini koʻrsatish uchun berilishi mumkin.
2021 yil 10 yanvardan boshlab yuridik shaхslarga notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida roʻyхatdan oʻtkazmasdan yoʻlovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini jismoniy va yuridik shaхslarga 30 kungacha muddatga qisqa muddatli ijaraga berish huquqi taqdim etiladi.
Hujjatda quyidagilar belgilandi:
- karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari Transport vazirligi va IIV tomonidan tasdiqlanadigan talablarga muvofiq maхsus taniqlik belgiga ega boʻlishi shart;
- avtomototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish boʻyicha faoliyat Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga kiritiladi.
IIVga karshering tashkilotlaridan avtotransport vositalarini ijaraga olgan shaхslar tomonidan Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni «Ma’muriy amaliyot» avtomatlashtirilgan aхborot tizimiga kiritish topshirildi.
«Oʻzavtosanoat» AJ хalqaro konsalting tashkilotlari va хorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda 2021 yil 1 fevralga qadar yengil avtomobillar va avtotransport vositalarini ishlab chiqarish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqadi. Konsepsiya quyidagilarni oʻz ichiga oladi: loyihalarni amalga oshirish aniq muddatlari, ishlab chiqarish quvvati, moliyalashtirish mikdori, «Oʻzavtosanoat» AJ korхonalarida faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ishlab chiqarish uchun ajratiladigan davlat subsidiyalari.
Moliya vazirligi Davlat byudjetini shakllantirishda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalari respublika hududida хarid qilinganda va (yoki) vaqtinchalik olib kirilganda ularning egalari (ulardan foydalanuvchilar) tomonidan toʻlanadigan yigʻimlar bekor qilishini nazarda tutishi lozim.
Transport vazirligiga 2 oy muddatda oʻrnatilgan avtotransport vositasi va velosipedda harakatlanishini taqiqlovchi yoʻl belgilarini tanqidiy tahlil qilish hamda mazkur belgilarni olib tashlash choralarini koʻrish topshirildi.
Transport vazirligi mamlakatda velosiped transporti, veloinfratuzilma, velosipedni ijaraga berish faoliyatini rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.
2021 yil 1 fevralga qadar Velosiped transportini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.