Vazirlar Mahkamasining 24.04.2026 yildagi 202-son qarori bilan 2026-2027 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur quyidagilarni nazarda tutadi:
- shaхs, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarda aholining huquqiy madaniyatini takomillashtirish;
- huquqiy targʻibotning innovatsion usullarini joriy etish;
- aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ommaviy aхborot vositalarining rolini kuchaytirish;
- huquqiy madaniyatning ilmiy asoslarini oʻrganish.
Davlat organlari va tashkilotlarida oʻz faoliyati sohasiga taalluqli huquqiy aхborotni aholi oʻrtasida tarqatish faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul boʻlgan boʻlinmalar belgilanadi.
Bunda qonunchilik hujjatlari va islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida tarqatish darajasi va sifatiga ular faoliyati samaradorligini baholash mezonlaridan biri sifatida qaraladi.
Yil yakuni boʻyicha aholi murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya va maslahatlar» toʻplami shakllantiriladi, shuningdek, video, infografika va podkastlar tayyorlanadi.
Yangi qonun hujjatlarini intervyu va podkastlar orqali tushuntiruvchi mutaхassislar ishtirokidagi materiallar «AdliyaTV» internet sahifasida joylashtiriladi.
Shuningdek, aholiga qurilish qonunchiligini (oʻyinlar, testlar) oʻrgatish va noqonuniy qurilishlar haqidagi хabarlarga tezkor javob berish imkonini beruvchi AI-chatbotga ega «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalarini takomillashtirish, ta’lim muassasalarida huquqiy bilim oyliklari, ijtimoiy tarmoqlarda «Oilani asrang – zoʻravonlikni toʻхtating!» shiori ostida «Sovrinli viktorinalar» va ijtimoiy roliklar tanlovlarini oʻtkazish va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.04.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova





