Vazirlar Mahkamasi tomonidan 8.06.2020 yildagi “2020/2021 oʻquv yili uchun I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialiga qabul toʻgʻrisida”gi 363-son qaror qabul qilindi.
I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida (keyingi oʻrinlarda - Filial) malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2020/2021 oʻquv yili uchun Filialga talabalarning qabul kvotasi 345 nafar miqdorida belgilandi.
Kunduzgi ta’lim shakli boʻyicha kvota 225 kishini, kechki ta’lim shakli boʻyicha esa – 120 kishini tashkil etadi.
Kunduzgi ta’lim shakli yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida 40% oʻrin, toʻlov-kontrakt asosida – 60% oʻrin ajratilgan. Kechki ta’lim shakli yoʻnalishlari boʻyicha – barcha oʻrinlar toʻlov-kontrakt asosida.
Filialga Qashqadaryo viloyatidagi hududiy tayyorlov boʻlinmasi bitiruvchilarini qabul qilish alohida tanlov yakunlariga koʻra amalga oshiriladi. Tanlovdan oʻta olmagan tayyorlov boʻlinmasi bitiruvchilari imtihonni Filialga umumiy asoslarda topshirish huquqiga egalar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.