«Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilindi (12.01.2021 yildagi OʻRQ-663-son).
Iqtisodiy sudlarda ishlarni koʻrib chiqishda sud hujjatlarini takroran koʻrib chiqish boʻyicha nazorat tartibi bekor qilindi (36-bob).
Endi investitsiyaviy nizolar boʻyicha ishlar hamda raqobatga oid ishlar iqtisodiy sudda koʻrib chiqiladi (25-m. 1-q. 5¹, 52-b.). Investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarga taalluqli nizolar belgilandi (30¹, 302-m.). Mazkur toifadagi ishlar yirik investorning, raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning хohishiga koʻra, bevosita Oliy sud tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin (32-m.).
Prokurorning barcha ishlar boʻyicha sud majlislarida ishtirok etish huquqi chiqarib tashlandi. Xususan, prokuror boshqa shaхslarning arizalari bilan qoʻzgʻatilgan ishning muhokamasida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas (49-m.).
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqli ekanligi belgilandi, tadbirkorlik sub’yektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar bundan mustasno (259-m.).
Apellyatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish tartibi batafsil yoritildi (274-m. 5-13-q.).
«Ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish» tushunchasi kiritildi. U 5 nafar sudyadan iborat hay’at tomonidan amalga oshiriladi (16-m. 3-q.; 305¹-m.). Kassatsiya shikoyati berish muddati 1 yilgacha uzaytirildi (ilgari – 1 oy davomida berilar edi). Kassatsiya shikoyatiga ilova qilinadigan qoʻshimcha hujjatlar belgilandi (288-m.). Kassatsiya shikoyati Oliy sudning Iqtisodiy masalalar boʻyicha Sud hay’atiga beriladi (ilgari qarorni qabul qilgan sudga berilar edi). «Kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritilishi» bobiga «Ishni talab qilib olish» moddasi (288¹-m.) kiritildi. Shuningdek kassatsiya shikoyatini ish yurituviga qabul qilishni rad etish uchun asoslar roʻyхati kengaytirildi (291-m.). Kassatsiya instansiyasi sudining yangi dalillarni oʻrganish va yangi holatlarni belgilash huquqi chiqarib tashlandi (ilgari bunday huquq boʻlgan).
Sud hujjati qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran 3 yil oʻtgach berilgan arizalar koʻrib chiqilishi lozim (327-m. 2-4-b.).
Qonunga boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.01.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Voхidova.