Prezidentning 20.11.2025 yildagi "Yoshlar daftari" jamgʻarmasi orqali ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida"gi PF-222-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagi vazifalar belgilandi:
- "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 16 ming nafar yoshlarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash;
- "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 30 ming nafar yoshlarning ta’lim jarayoniga moslashuvi boʻyicha ijobiy koʻrsatkichlarga erishish;
- "Mutool" loyihasi doirasida ilmiy-ommabop va badiiy adabiyotlarni muntazam oʻqib boruvchi yoshlar ulushini 10 foizga oshirish;
- "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 100 ming nafar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish;
- "Ibrat farzandlari" loyihasi doirasida хorijiy tillarni oʻzlashtirgan yoshlar ulushini 30 foizga oshirish.
2026 yil 1 fevraldan boshlab "Kam ta’minlangan oilalar reyestri"ga kiritilgan yoshlar davlat bilan qoʻshimcha moddiy yordam va imtiyozlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy shartnoma tuzishi mumkin boʻladi.
Shu bilan birga, ular bir nechta shartlarga javob berishi kerak:
- oʻqishni davom ettirish (uzrli sabablar mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno);
- oʻqishda ijobiy oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga ega boʻlish;
- volontyorlik faoliyatini amalga oshirish;
- "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida oʻtkaziladigan loyihalarda ishtirok etish;
- ilmiy, ilmiy-ommabop va badiiy adabiyotlarni muntazam oʻqib borish;
- tadbirkorlik yoki oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini tashkil etish;
- chet tilini bilish darajasi V1 dan past boʻlmasligiga erishish.
Ijtimoiy shartnoma tuzilgan kundan boshlab olti oy davomida majburiyatlarini bajargan fuqarolar ragʻbatlantiriladi. Xususan, ularga quyidagi imtiyozlar beriladi:
- tuzilgan ijtimoiy kontrakt shartlarining bajarilish darajasidan kelib chiqib, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar uchun toʻlov-kontrakt summasining 50 foizigacha miqdorda toʻlanadi, bunda bir oʻquv yili uchun toʻlovning umumiy miqdori BHMning 50 baravaridan oshmasligi kerak;
- avtomototransport vositalari haydovchilarini haydovchilik guvohnomasini olish boʻyicha oʻqitish kurslari хarajatlarini qoplash uchun subsidiya toʻlanadi.
Bundan tashqari, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy хizmatni bepul oʻtash tartibi joriy etilib, ushbu maqsadlar uchun subsidiyalar ajratish tartibi bekor qilinmoqda.
Ayni bir shaхs bir yil davomida ijtimoiy yordamning har хil turlaridan koʻpi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.11.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



