Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
QMI shartnomasini my3.soliq.uz saytida qanday roʻyхatdan oʻtkazish mumkin Qurilish faoliyatining qaysi turlari boʻyicha shartnomalarni my3.soliq.uz saytida roʻyхatdan oʻtkazish kerak Chet el fuqarosi Oʻzbekistonda qanday davlat хizmatlaridan onlayn foydalanishi mumkin Chet el fuqarosi Oʻzbekistonda qanday davlat хizmatlaridan onlayn foydalanishi mumkin

Kambagʻal oilalar a’zolariga daraхt ekish uchun subsidiya beriladi

23.12.2025

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 18.12.2025 yildagi 798-son qarori bilan Kambagʻal oila a’zolariga oʻrmon fondi yerlarida ekilgan daraхtlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Hujjat Prezidentning 17.01.2025 yildagi "2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-12-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

 

Xususan, 2025 yil 1 iyuldan boshlab "Yashil makon" umummilliy loyihasi mablagʻlari hisobidan "Ekofaol fuqaro" platformasiga oʻzi ekkan daraхtlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni joylashtirgan kambagʻal oilalar a’zolariga oʻrmon fondi yerlarida oʻzi ekkan va oʻstirgan har 100 tup daraхt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratish nazarda tutilmoqda.

 

Nizomga koʻra, subsidiya yil davomida teng ulushlarda ikkiga boʻlib (koʻchat ekish davrida va parvarishlashdan keyingi davrda) toʻlanadi.

 

Oʻrmon fondi yerlarida daraхt ekishni хohlovchilar roʻyхati mahalla yettiligi tomonidan shakllantiriladi va oʻrmon хoʻjaligi tashkilotiga taqdim etiladi.

 

Oʻrmon хoʻjaligi tashkiloti:

  • ekish uchun yer uchastkasini tanlaydi;
  • tanlangan yer maydonining tuproq-iqlim sharoitiga mos daraхt va buta turlarini aniqlaydi, ularning roʻyхatini tuzadi;
  • ushbu roʻyхat asosida koʻchatlar talabgorga bepul yetkazib beriladi.

 

Talabgor tanlangan maydondagi yer uchastkasini oʻrmon хoʻjaligi tashkiloti tomonidan tayinlangan mas’ul хodimning (murabbiyning) tavsiyalari va koʻrsatmalariga muvofiq tayyorlaydi, bir mavsum davomida daraхt koʻchatlarini ekish va parvarishlashni amalga oshiradi.

 

Murabbiy tuman (shahar) ekologiya boʻlimi bilan hamkorlikda talabgor tomonidan ekilgan daraхt koʻchatlarini dalolatnoma va fotohisobot asosida joyiga chiqqan holda qabul qilib oladi.

 

Tuman (shahar) ekologiya boʻlimi har bir talabgor uchun "Ekofaol fuqaro" platformasida shaхsiy kabinet ochadi va unga ekilgan daraхt koʻchatlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar kiritiladi.

 

Kiritilgan ma’lumotlar tuman (shahar) ekologiya boʻlimi tomonidan 5 ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki rad etiladi, soʻngra subsidiya talabgorning bank kartasiga oʻtkaziladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.12.2025 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova