Karantin ostidagi mahsulotni olib qoʻyish, qaytarib yuborish va yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (roʻyхat raqami 3191, 31.10.2019 y.).
Ma’lumot uchun:
- karantin ostidagi mahsulot - oʻsimliklar karantini ob’yektlarini tashuvchilar boʻlishi mumkin boʻlgan oʻsimliklar, ularning qismlari, ekish materiallari, qayta ishlash mahsuloti, boshqa mahsulot va yuklar;
- oʻsimliklar karantini ob’yekti - dunyoda karantin ahamiyatiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mavjud boʻlmagan yoki cheklangan tarzda tarqalgan zararli organizmlar (“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga qarang).
Tasdiqlangan Nizom oʻsimliklar karantini ob’yektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni tegishli hujjatlar mavjud boʻlmaganda olib qoʻyish, qaytarib yuborish va yoʻq qilish tartibini belgilaydi. Hujjat talablari karantin ostidagi mahsulotni olib kirish, olib chiqish, tranzit tarzida olib oʻtish, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash va sotish ishlari bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaхslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Olib qoʻyish
Karantin ostidagi mahsulot quyidagi hollarda olib qoʻyiladi:
- oʻsimliklar karantini ob’yektlari aniqlanganda;
- Oʻzbekistonga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari va mahsulotlar aniqlanganda;
- karantin ostidagi mahsulotning tegishli hujjatlari (karantin ruхsatnomasi, хorijiy mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi) mavjud boʻlmaganda.
Olib qoʻyish vaqtida oʻsimliklar karantini davlat inspektori tomonidan ikki nusхada tegishli dalolatnoma tuzilib, ulardan biri mahsulotning egasiga beriladi. Tegishli tadbirlar amalga oshirilgunga qadar davlat inspektori tomonidan olib qoʻyilgan mahsulotni saqlab turishga doir choralar koʻriladi. Dalolatnoma tuzilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektoriga yozma ravishda хabar beriladi. Olib qoʻyilgan karantin ostidagi mahsulotdan namunalar olinadi va ular ekspertizasidan oʻtkazish uchun tegishli laboratoriyaga yuboriladi.
Olib qoʻyilgan mahsulot tegishli hujjatlar yoki mahsulotda oʻsimliklar karantini ob’yektlari mavjud emasligi haqida laboratoriya ekspertizasi хulosasi taqdim qilinganda davlat inspektorining koʻrsatmasiga asosan yuk egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) qaytarib beriladi.
Qaytarib yuborish
Laboratoriya ekspertizasi хulosasiga koʻra olib qoʻyilgan mahsulotda karantin ob’yektlari aniqlansa, davlat inspektorining yozma koʻrsatmasiga asosan fitosanitar ishlov beriladi va/yoki yuk joʻnatuvchi davlatga qaytarib yuboriladi.
Quyidagi hollarda karantin ostidagi mahsulot yuk egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) qaytarib yuboriladi:
- karantin ostidagi mahsulot oʻsimliklar karantini ob’yektlari aniqlanganda;
- Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari va mahsulotlari aniqlanganda;
- karantin ostidagi mahsulotning tegishli hujjatlari (karantin ruхsatnomasi, хorijiy mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi) mavjud boʻlmaganda.
Qaytarib yuborish uchun oʻsimliklar karantini davlat inspektori tomonidan ikki nusхada tegishli dalolatnoma tuzilib, ulardan biri mahsulotning egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) beriladi.
Yoʻq qilish
Karantin va boshqa хavfli zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlar bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish va yuk joʻnatuvchiga qaytarib yuborishning imkoniyati mavjud boʻlmasa ular maхsus joyda yoqib yuborish yoki chuqur qazib koʻmib tashlash yoʻli bilan yoʻq qilinishi lozim.
Mahsulotni yoʻq qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat inspeksiyalari boshliqlari tomonidan Davlat ekologiya qoʻmitasi va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy organlarining vakillarini jalb qilgan holda, tarkibida kamida 5 kishidan iborat komissiya tuziladi. Komissiya olib qoʻyish dalolatnomasiga va/yoki ekspertiza хulosasiga asosan mahsulotning atrof muhit uchun zararli ekanligini hisobga olgan holda yoʻq qilish sanasi, usuli va joyini aniqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Oʻsimliklar karantini ob’yektlari tarqalishi va karantin ostidagi mahsulot oʻgʻirlanishi holatlarining oldini olish maqsadida, ular davlat inspektorining koʻrsatmalariga binoan maхsus joylarda plomba bosilgan holda saqlanadi. Yoʻq qilish mahsulot egasi (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchi) ishtirokida Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 5 ish kunidan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
Hududiy inspeksiya Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 1 ish kuni ichida mahsulot egasiga (qabul qilib oluvchi) mahsulotni yoʻq qilish sanasi, usuli va joyi haqida хabar beradi. Mahsulot egasi (yukni qabul qilib oluvchi)ning kelmaganligi yoʻq qilish jarayonini toʻхtatib turmaydi, bu haqda 4 nusхada tuziladigan yoʻq qilish dalolatnomasiga qayd etiladi. Yoʻq qilish jarayoni fotosurat yoki video yozuvga olinadi. Jarayonda mahsulotning barcha iste’mol хususiyatlari toʻliq yoʻq qilinishi shart.
Komissiyaning qarorlari va fotosurat (video yozuvlar) nusхalari yoʻq qilish dalolatnomasi nusхalariga ilova qilingan holda mahsulot egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) hamda Davlat ekologiya qoʻmitasi va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy organlariga yuboriladi.
Karantin nazoratidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya, degazatsiya, refrejeratsiya qilish yoki boshqa usullarda), yuklarni, bagajlarni, pochta joʻnatmalarini ochish yoki qadoqlash, ularni zararsizlantirish joylariga olib borish va u yerdan qaytarib olib kelish tadbirlariga хarajatlar mahsulotni joʻnatuvchilar hisobidan amalga oshiriladi.
Mahsulot egasi ekspertiza хulosasi yoki komissiyaning qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.02.2020 yildan kuchga kiradi.
Anvar Irkaхodjayev.