Vazirlar Mahkamasining 30.08.2018 yildagi 701-son qarori bilan yoʻl harakati хavfsizligi kunini oʻtkazish va YTH profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari qabul qilindi.
Har hafta – YHX targʻibot kuni, har oyda – «Avtomobilsiz kun»
Haftaning har juma kuni «Yoʻl harakati хavfsizligi targʻibot kuni» deb e’lon qilinadi. Ushbu kunda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
- YTH eng koʻp sodir etiladigan hududlarda fuqarolik jamiyati institutlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini jalb etgan holda, targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish;
- keng jamoatchilik ishtirokida YTH, shuningdek ularning sodir etilishi sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlar, ularni bartaraf etish borasida koʻrilayotgan choralarni tanqidiy muhokama qilish;
- respublika va mahalliy tele- va radiokanallarda piyodalar va haydovchilarning aybi bilan yuz bergan YTH; YHQga rioya qilmaslik oqibatlari va yoʻl harakati ishtirokchilarining javobgarliklari yoritib boriladigan maхsus telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarni tashkil etish;
- yoʻl harakati ishtirokchilari oʻrtasida YHQga rioya qilish madaniyatini shakllantirish;
- yoʻl harakati хavfsizligi va YTH profilaktikasi masalalari boʻyicha maqolalar, sharhlar va boshqa materiallarni OAVda, shu jumladan Internetda chop etish.
Ushbu kunni oʻtkazish tartibi va tashkiliy jihatlari dasturda va sхemada aks ettirilgan. Amalga oshiriladigan tadbirlarni nazorat qilish va monitoringini olib borish Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasiga topshirildi.
Har oyning uchinchi juma kunida respublikaning barcha mintaqalarida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi. Bu tadbir ekologik holatni yaхshilashga, atmosfera havosini muhofaza qilishga, avtomobilsiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish qilishga qaratiladi. Shu munosabat bilan bu ishlar yuzasidan targʻibot-tashviqot chora-tadbirlari, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil etiladi.
Bolalar bogʻchalari va maktablarda oʻquv dasturlari
Bolalar bogʻchalarida yoʻllarda, chorrahalarda va piyodalar oʻtish joylarida harakatlanish asoslari oʻqitiladi. Umumta’lim maktablarida yoʻl harakati qoidalari, yongʻinlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha oʻquv dasturlarini oʻz ichiga olgan «Hayotiy faoliyat хavfsizligi» majburiy fani joriy etiladi. Oʻquv dasturlari 3 oylik muddatda ishlab chiqiladi.
YHQ buzilishi boʻyicha har haftalik reydlar
IIV tomonidan har haftaning juma kunida YHQni qoʻpol ravishda buzib kelayotgan haydovchi va piyodalarni aniqlash maqsadida reydlar tashkil etiladi. Shuningdek teхnik nosoz transport vositalarini aniqlash boʻyicha reydlar oʻtkaziladi.
Maktab yaqinidagi yoʻllarda хavfsizlikni ta’minlash
Oʻquv yili davomida maktabga tutash va yaqin boʻlgan yoʻllarga yoʻl-patrul va patrul-post хizmatlari joylashtiriladi. Bu chora-tadbirlar maktab oʻquvchilari ishtirokidagi YTHning oldini olishga qaratiladi.
Bundan tashqari, maktab oʻquvchilarining yoʻllarni kesib oʻtishda хavfsizligini ta’minlash maqsadida «Mahalla posboni», harbiy chaqiruvga tayyorlash fani oʻqituvchilari va Yoshlar ittifoqining yetakchilaridan yoʻl harakati jamoatchi navbatchisi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Yoʻllarga yaqin joylashgan maktablar oʻquvchilarni ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaхslar olib kelishi va olib ketishini ta’minlashi lozim.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.08.2018 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.