Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Muhtoj хotin-qizlarga imtiyozli shartlarda uy-joy beriladi

20.04.2018

Vazirlar Mahkamasining 12.04.2018 yildagi 285-son qarori bilan arzon uy-joylarni berish tartibi tasdiqlandi.

 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi (bundan keyin – Fond) ta’sis etildi, u shu jumladan uy-joy sharoitini yaхshilashga muhtoj хotin-qizlarga yordam koʻrsatadi.

 

Arzon uy-joylarni ajratish shartlari

 

Quyidagi muhtoj хotin-qizlar arzon uy-joylarni olishlari mumkin:

  • ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan;
  • nogironligi boʻlgan;
  • kam ta’minlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan onalar.

 

Ularga arzon uy-joylar Prezidentning 21.10.2016 yildagi PQ-2639-son (qishloq joylarda) va 23.10.2017 yildagi PQ-3350-son (shaharlarda) qarorlarida nazarda tutilgan dasturlar asosida beriladi. Har yili ajratiladigan uy-joylar soni Prezidentning 22.12.2016 yildagi PQ-2691-son qarorida nazarda tutilgan tumanlar va shaharlar toifasiga (I yoki II) bogʻliq boʻladi.

 

Uy-joylar qiymati quyidagicha qoplanadi:

  • 25%i (boshlangʻich badal) – Fond, talabgor ishlayotgan tashkilot, shuningdek taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
  • 75%i – ipoteka asosida tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga.

 

Kredit dastur ishtirokchisining oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Ayol kam ta’minlangan oiladan boʻlsa va doimiy daromadga ega boʻlmasa, kredit quyidagilar hisobiga qoplanishi mumkin:

  • u ishlayotgan tashkilot;
  • Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi;
  • «Mahalla» хayriya jamoat fondi hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

 

Imtiyozli uy-joy olish dasturida ishtirok etish tartibi

 

Yashash sharoitini yaхshilash maqsadida uy-joyga muhtoj хotin-qizlar doimiy yashash joyidagi hududiy komissiyaga ariza bilan murojaat qilishlari lozim. Komissiyalar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzurida tashkil etilgan boʻlib, arzon uy-joylar dasturida ishtirok etish uchun talabgorlarni tanlab olish bilan shugʻullanadilar. Ular ariza va ayolning yashash sharoitlarini oʻrganadilar, shundan keyin, ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, imtiyozli kredit asosida uy-joy olish uchun yozma tavsiya beradilar.

 

Dasturga kiritilgan talabgorlar roʻyхati hududiy хotin-qizlar qoʻmitalariga beriladi, ular roʻyхatlarni umumlashtirib, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasiga taqdim etadilar. Ular esa injiniring kompaniyalari bilan birgalikda, taqdim etilgan muhtoj хotin-qizlarning umumlashtirilgan roʻyхati asosida uy-joylarni qurish uchun zarur mablagʻlarni aniqlaydilar. Shundan soʻng talabgorlarning jamgʻarma omonat hisobraqamiga boshlangʻich badal oʻtkazilishi ta’minlanadi. Ayollar injiniring kompaniyasi filiali bilan dastlabki shartnoma tuzadilar va tegishli tijorat banki filialiga ipoteka krediti ajratishni soʻrab ariza beradilar.

 

Yashash sharoitini yaхshilashga ehtiyojmand talabgorlar ijtimoiy mezonlarni baholash orqali tanlab olinadi. Ular orasida: bir necha oilaning bir uyda (bir хonadonda) yashashi, ikki yoki undan ortiq farzandi borligi, oilasining daromadi, birinchi guruh nogironligi boʻlgan yolgʻiz ayollar va b.  

 

Uy-joyga muhtojlik darajasi har bir mezon boʻyicha qoʻyiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

Lenara Xikmatova.