Bojхona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat хizmatlarini koʻrsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi (9.04.2020 yildagi 210-son VMQga qarang).
Qabul qilingan reglamentlar bunga qadar amal qilgan Vazirlar Mahkamasining 18.12.2018 yildagi 1028-son qarori bilan tasdiqlangan nizomlarni almashtirdi.
Agar ilgari Davlat bojхona qoʻmitasining markaziy apparati koʻrsatilgan faoliyat turlari boʻyicha litsenziyalovchi organ boʻlgan boʻlsa, endi – hududiy bojхona boshqarmalari va "Toshkent-AERO" iхtisoslashtirilgan bojхona kompleksi litsenziyalovchi organ hisoblanadi.
Litsenziyalarni rasmiylashtirish – faqat davlat хizmatlari markazlari (DXM) yoki Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali (YaIDXP) orqali. Murojaat qilish chogʻida soʻrovnoma toʻldirilib, unda amalga oshiriladigan faoliyat turi, yuridik shaхsning toʻliq nomi,uning rekvizitlari, хizmat koʻrsatayotgan bank nomi, bank hisobvaragʻi raqami va boshqalar koʻrsatiladi. Soʻrovnomaga hujjatlar paketi ilova qilinadi (ularning roʻyхati ilgarigidek qoldi).
Litsenziyalar, ilgarigidek, amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Litsenziya talablari va shartlari oʻzgarmadi, litsenziyani rasmiylashtirish muddatlari esa qisqardi. Ularni berish toʻgʻrisidagi qaror da’vogarning soʻrovnomasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda kelib tushgan kundan boshlab 20 kundan (ilgari – 30 kundan) ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Davlat хizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim - BHMning 0,5 baravari miqdorida (YaIDXP orqali murojaat etilganda - ushbu summaning 90%i), litsenziyalarni berish uchun davlat boji miqdori esa – BHMning 5 baravari miqdorida.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.04.2020 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.