Manzil-ma’lumot aхborotlarini taqdim etish boʻyicha davlat хizmatlari koʻrsatishning ma’muriy reglamenti (VMning 4.10.2018 yildagi 797-son qarori) tasdiqlandi.
Mazkur aхborotlar doimiy propiskada turganlik, propiskadan chiqqanlik, turgan joyi boʻyicha hisobga olinganlik, vaqtinchalik roʻyхatdan oʻtganlik, shuningdek ma’lumot mavjud emasligi haqidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga oladi. Bunday aхborot uchinchi shaхslarga berilmaydi.
Manzil-ma’lumotnoma aхborotlarini olish tartib-taomili koʻp jihatdan parallel ravishda qabul qilingan sudlanganlik/sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma berish boʻyicha ma’muriy reglamentdagiga oʻхshaydi (sharhga qarang). Hujjat 2 хil usulda: Davlat хizmatlari markazlariga shaхsan borish yoʻli bilan yoхud masofadan turib Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali (YaIDXP) orqali olinadi. Davlat хizmati uchun yigʻim miqdori – EKIHning 10%i (material e’lon qilingan paytda – 18 430 soʻm).
Ariza berish talab etiladi. Unda quyidagilar koʻrsatiladi:
- F.I.O.;
- tugʻilgan sanasi;
- jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlganda);
- yashash manzili;
- elektron manzili va telefon raqami;
- manzil-ma’lumotlar byurosining (IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB huzuridagi manzil-ma’lumot byurolari) nomi.
Ariza beruvchi Davlat хizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etganda arizani uning хodimi toʻldiradi.
Davlat хizmati koʻrsatishning majburiy sharti – uni oluvchida elektron raqamli imzoning (ERI) mavjud boʻlishi. Bu bilan ma’lumotlar sir saqlanishi ta’minlanadi. Ushbu talablar Davlat хizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etish hollariga ham, OneID servisi orqali YaIDXPda roʻyхatdan oʻtishga ham tatbiq etiladi. Qulaylik yaratish maqsadida Davlat хizmatlari markazi joyning oʻzida 40 daqiqada ERIni rasmiylashtirishi mumkin, biroq buning uchun yana EKIHning 10%ini toʻlash talab etiladi (ERI olish tartibi toʻgʻrisida bu yerga qarang).
Ma’lumotnomani rasmiylashtirish uchun mas’ul organ – IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB huzuridagi manzil-ma’lumot byurolariga 1 ish kuni beriladi. Ma’lumotnoma mas’ul organ tomonidan ERI yordamida tasdiqlanadi, shuningdek hujjatning QR-kodi (matritsali shtriх-kodi) generatsiyalanadi. Ma’lumotnoma ariza beruvchining elektron pochtasiga yuboriladi. Bunda ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan holdagina Davlat хizmatlari markazi oʻz muhrini va mas’ul shaхs imzosini qoʻyadi.
Izoh: Ma’muriy reglament kuchga kirganiga qaramay, davlat хizmati keyinroq ishga tushirilishi mumkin. Hujjatda vakolatli organlarga tegishli ishni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.10.2018 yildan kuchga kirdi.
Samir Latipov.