Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qarori bilan (2023 yil 17 martdagi 2257-6-son) Rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Prezidentning 2021 yil 28 iyundagi "Oʻzbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida"gi PF-6252-son Farmoniga muvofiq kiritildi.
Xususan, “uchinchi tomon”, “yuridik shaхs tashkil etmagan chet el tuzilmasi”, “mijozni identifikatsiyalash” tushunchalariga ta’rif berilgan.
Oʻzgartirishlarga muvofiq, rieltorlik tashkilotlari Qoidalarning 14-bandi ikkinchi-toʻrtinchi хatboshilarida koʻrsatilgan mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirgan uchinchi tomonlarning lozim darajada tekshirish natijalariga ishonishlari mumkin. Bunday hollarda mijozlarni lozim darajada tekshirish natijalari boʻyicha soʻnggi javobgarlik rieltorlik tashkilotlarining zimmasida qoladi.
Bundan tashqari, mijozlarni lozim darajada tekshirish natijasida olingan ma’lumotlar ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda hamda mijoz ma’lumotlarida oʻzgarishlar boʻlganda, yiliga kamida bir marotaba yangilanishi lozim.
Hujjat bilan boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.03.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.