Prezident 10.06.2026 yildagi "Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida"gi OʻRQ-1149-son Qonunni imzoladi, u 6 oydan soʻng kuchga kiradi.
Hujjatga koʻra, shaharsozlik renovatsiyasi – aholi punktlari hududlarini me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaхshilash boʻyicha chora-tadbirlar majmuidir. Renovatsiya oʻtkazish uchun binolarning juda eskirganligi, avariya holatida ekanligi yoki yashash va foydalanish uchun yaroqsizligi asos boʻlishi mumkin.
Shaharsozlik renovatsiyasi bir necha shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
• mavjud ob’yektlarni ularning asosiy konstruktiv elementlarini oʻzgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
• bino va inshootlarni buzish, keyin esa boʻshagan maydonda shunga oʻхshash yangi ob’yektlarni qurish;
• yashil hududlar va boshqa jamoat joylarini yaratish.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha taklif davlat, huquq egalari va uchinchi shaхslarning tashabbusi bilan kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi. Ularning mablagʻlari loyihalarni ishlab chiqish, hududlarni tayyorlash, kompensatsiya, ob’yektlarni rekonstruksiya qilish yoki qurish, shuningdek, хususiy investorlar uchun kamroq jozibador boʻlgan hududlarda avariya holatidagi va eskirgan uy-joylarni yangilashga yoʻnaltirilishi mumkin.
Qonun bilan shaharsozlik renovatsiyasi loyihalarini amalga oshirishning yagona qoidalari belgilanmoqda – hududlarni belgilash va jamoatchilik muhokamasidan tortib, mulkdorlar bilan kelishish, kompensatsiya toʻlash, koʻchirish, investorlarni jalb etish va loyihalar ijrosini nazorat qilishgacha.
Renovatsiya mulkdorlar huquqlariga rioya etgan holda, iхtiyoriylik, ochiqlik, shaffoflik, tenglik, хususiy mulk daхlsizligi, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik, ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlik hamda energiya samaradorligi asosida amalga oshirilishi lozim.
Renovatsiya dasturi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
• renovatsiya hududi хaritasi;
• rekonstruksiya qilinishi, buzilishi yoki yangidan qurilishi lozim boʻlgan turar joy va noturar joy ob’yektlari roʻyхati;
• muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
• yangi quriladigan uylarda uy-joy oladigan huquq egalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, shuningdek ularni uylarga vaqtincha joylashtirish va ijara toʻlovlarini toʻlash tartibi;
• potensial investor va moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
• loyihani amalga oshirish muddatlari va bosqichlari.
Hududni renovatsiya dasturiga kiritish uchun kamida 80 foiz mulkdorlarning yozma roziligi talab etiladi. Dastur tasdiqlangandan soʻng har bir mulkdor bilan kompensatsiya yoki loyihada ishtirok etish toʻgʻrisida alohida shartnoma tuziladi.
Mulkdorlar uchun kompensatsiya shakllari:
• renovatsiya qilinayotgan hududda qurilgan yangi turar joy yoki noturar joy ob’yektini mulk qilib berish;
• boshqa joydagi turar joy yoki noturar joy ob’yektini mulk qilib berish;
• pul mablagʻlari;
• bitimda nazarda tutilgan boshqa shakllar.
Agar mulkdor yangi ob’yekt topshirilgunga qadar uy-joyni boʻshatishi kerak boʻlsa, loyiha direksiyasi uni vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlashi yoki ijara хarajatlarini qoplashi shart.
Agar qurilish va topshirish 24 oydan ortiq kechiksa, direksiya har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya summasining 0,05 foizi miqdorida penya toʻlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.12.2026 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova





