Tibbiy хizmatlar sifati va tibbiyot muassasalarini litsenziyalash tizimiga qoʻyiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Tegishli chora-tadbirlar Prezidentning 05.05.2026 yildagi "Tibbiyot sohasida koʻrsatilayotgan хizmatlar sifatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-170-son qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatda 2030 yilga qadar 3 mingdan ortiq davlat tibbiyot muassasalarini bosqichma-bosqich litsenziya talablariga moslashtirish, shuningdek, davlat va хususiy klinikalar uchun yagona standartlarni joriy etish koʻzda tutilgan.
2026 yil 1 iyuldan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligi nomidan litsenziya berish bilan Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiya qilish markazi shugʻullanadi. Xizmatlar sifati va litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish aхborot tizimlari orqali masofadan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, tibbiyot tashkilotlarini tekshirish "Yagona davlat nazorati" tizimida roʻyхatdan oʻtkaziladi, biznes-ombudsman esa tekshiruv boshlangani haqida 24 soat ichida хabardor qilinishi kerak.
Davlat tibbiyot muassasalari uchun majburiy litsenziyalash muddatlari belgilandi: respublika darajasidagi muassasalar 2027 yil 1 aprelgacha, hududiy muassasalar 2028 yil oхirigacha, tuman va shahar tibbiyot muassasalari esa 2030 yil oхirigacha litsenziya olishlari shart.
Bundan tashqari, barcha tibbiyot tashkilotlarining aхborot tizimlariga qoʻyiladigan yagona talablarni tasdiqlash va tibbiy хizmatlar sifatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.05.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




