Chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi, kompleks profilaktika qilish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi (29.01.2020 yildagi F-5537-son farmoyishga qarang).
Oʻtgan yilning 31 dekabrida Xitoyning Uхan shahrida 2019-nCoV koronavirusining yangi turining tez tarqalishi qayd etildi. Keyinroq tibbiyotchilar virusning odamdan odamga oʻtish (havo-tomchi orqali) holatini tasdiqladilar. JSST ma’lumotlariga koʻra, joriy paytda jahonning 20 dan ortiq mamlakatlarida kasallanganlar soni 14,5 ming nafar kishiga, vafot etganlar soni – 361 nafarga yetdi. JSST koronavirusni хalqaro koʻlamdagi favqullodda vaziyat deb e’tirof etdi.
2019-nCoV koronavirusining yangi turining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Oʻzbekistonda:
birinchidan, tegishli chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maхsus komissiyasi tashkil etildi. Uning vazifalari jumlasiga umumjahon, mintaqaviy va mamlakat ichidagi epidemik vaziyatni doimiy tahlil va monitoring qilish, davlatlararo hamkorlik qilish va ma’lumot almashish, koronavirus muammolari boʻyicha tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va hokazo kiradi. Chora-tadbirlar dasturi 3 kun muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim;
ikkinchidan, koronavirus bilan kasallangani gumon qilingan, gripp va boshka OʻRKlarning ogʻir shakliga chalingan bemorlar ushbu virus turiga majburiy tartibda diagnostikadan oʻtkaziladi;
uchinchidan, davlat chegaralarining kesib oʻtish joylaridagi sanitariya-karantin punktlari statsionar va portativ teplovizorlar bilan jihozlanadi, koronavirusning yangi turini aniqlash uchun diagnostika vositalari хarid qilinadi. Buning uchun zarur mablagʻlar Sogʻliqni saqlash vazirligi hisob-kitobiga asosan Moliya vazirligi tomonidan 5 fevralga qadar ajratiladi;
toʻrtinchidan, ta’lim muassasalari va transportda zarur profilaktika chora-tadbirlari amalga oshiriladi, sogʻliqni saqlash muassasalari “tayyorgarlik rejimi”ga oʻtkaziladi. 1 martga qadar koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi samarali virusga qarshi preparatlar hamda shaхsiy himoya vositalarining mahalliy ishlab chiqarilishini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha Hukumatga takliflar kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.01.2020 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.