Koʻchmas mulk ob’yektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 12.12.2019 yildagi “Koʻchmas mulk ob’yekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 987-son qarori qabul qilindi.
Pasport bosqichma-bosqich joriy etiladi:
- 2020 yil 1 martdan boshlab - Toshkent shahrida, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida;
- 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich - boshqa viloyatlarda va Qoraqalpogʻistonda.
2020 yil 1 martdan boshlab Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaхsga oʻtgan, bekor boʻlgan yoki koʻchmas mulk ob’yektining huquqiy holati oʻzgarganligini tasdiqlash yuzasidan murojaat qilinganda, ariza beruvchiga davlat хizmatlari markazlari orqali yangi namunadagi kadastr pasporti beriladi.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga bir oy muddatda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda DSQ bilan birgalikda yangi namunadagi kadastr pasporti shakli va uning tavsifini tasdiqlash topshirildi. Ikki oy muddatda pasportlarni yetarli miqdorda ishlab chiqarilishini hamda davlat хizmatlari markazlariga yetkazib berilishini ta’minlash zarur. Bunda moliyalashtirish uchun chet el investorlarining mablagʻlari jalb etiladi.
Manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarga bir oy muddatda tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.12.2019 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.