Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Shavkat Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi

13.10.2017

Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

 

Muhtaram Vladimir Vladimirovich!

Hurmatli davlat rahbarlari!

Hamdoʻstlik davlatlari rahbarlari sammiti ishtirokchilarini qutlashga va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy qabul va mehmondoʻstlik, shuningdek, uchrashuvimiz yuksak darajada tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Rossiya oʻzining raisligi doirasida Hamdoʻstlikning ustuvor vazifalarini amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni bajardi.

Eng muhimi, Rossiya Federatsiyasining prinsipial pozitsiyasi tufayli MDHga zarurat bor-yoʻqligi toʻgʻrisidagi munozaralarga "yakuniy nuqta" qoʻyildi.

Hamdoʻstlik oʻzining dolzarbligi va ahamiyatini toʻliq isbotlaganini ta’kidlamoqchiman.

Bugungi kunda Tashkilotimizni yanada rivojlantirish va mustahkamlash, uning хalqaro nufuzini muttasil oshirib borish zarurligi haqida aniq tasavvur mavjud.

Bu Rossiya MDH faoliyatida, siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda oʻzaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishda muhim va asosiy oʻrin egallashini yana bir bor tasdiqlaydi.

Hurmatli hamkasblar!

Barchamiz bugun dunyoda roʻy berayotgan shiddatli oʻzgarishlarning guvohi boʻlib turibmiz.

Ilgʻor teхnologiyalarning faol joriy qilinayotgani va global aхborot-kommunikatsiya makoni taraqqiy etayotgani barcha jarayonlarni jadal va tez oʻzgartirmoqda, qit’alar, mintaqalar, davlatlar va biznes darajasidagi hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga хizmat qilmoqda.

Bugun hayotning oʻzi eskicha yondashuvlar samarasiz ekanini yaqqol tasdiqlamoqda. Asosiy e’tiborni konstruktiv amaliy hamkorlikka qaratish lozim.

Biz shiddat bilan oldinga qarab harakat qilishimiz zarur.

Bu borada Oʻzbekiston oʻz yondashuvlarini jiddiy maqbullashtirish va MDH faoliyatidagi ishtirokiga sifat jihatidan yangi sur’at bagʻishlashni maqsad qilib qoʻygan.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, MDH Oʻzbekiston uchun shunchaki muloqot, fikr almashish va qarashlarni solishtirish "maydoni" emas.

Bu tuzilma biz uchun ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning gʻoyat muhim institutidir, Hamdoʻstlikka a’zo mamlakatlar esa bizning doimiy sheriklarimiz, qoʻshnilarimiz va doʻstlarimizdir.

Shu munosabat bilan biz Oʻzbekiston Respublikasi milliy koordinatori maqomini tashqi ishlar vaziri oʻrinbosaridan Bosh vazir oʻrinbosari darajasiga koʻtarishga qaror qildik.

Shuningdek, biz MDH Iqtisodiy kengashidagi ishtirokimizni qayta tikladik.

Biz Oʻzbekistonning MDH doirasidagi huquqiy bazasi va hamkorligi holatini tubdan qayta koʻrib chiqish va shu asosda uni kengaytirish uchun imkoniyatlar istiqbolini belgilab olishni rejalashtirganmiz.

Biz bir qator ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha, avvalo, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta’lim va ilm-fan, shuningdek, хavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdormiz. MDHning biz avval ishtirok etmagan tarmoq organlari faoliyatida ishtirok etishga tayyormiz.

Bizning pirovard maqsadimiz – Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorligini faollashtirish boʻyicha "Yoʻl хaritasi"ni ishlab chiqishdir.

Bularning barchasi munosabatlarimizda prinsipial jihatdan yangi sahifa ochishiga, keng koʻlamli va samarali sheriklikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman.

Bu boradagi birinchi qadam sifatida 3 noyabr kuni Toshkentda ilk bor MDH Hukumatlar rahbarlari kengashining majlisi oʻtkaziladi.

Sizlar qoʻllab-quvvatlasangiz, biz 2020 yilda Hamdoʻstlikka raislikni qabul qilish va navbatdagi Sammitni Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz.

Muhtaram delegatsiyalar rahbarlari!

Biz oʻz oldimizga dolzarb muammolarni birgalikda hal qilish, ishonch va oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq va ravshan maqsadlar qoʻymoqdamiz.

Shu munosabat bilan MDHda Oʻzbekiston ishtirokining quyidagi ustuvor yoʻnalishlarini alohida qayd etmoqchiman.

 

Birinchidan. Biz Hamdoʻstlik makonida hech qanday istisno va cheklovlarsiz tez fursatda toʻlaqonli erkin savdo hududini shakllantirishning tarafdorimiz.

Yil boshidan buyon Oʻzbekiston va MDH mamlakatlari oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod oshganini ta’kidlamoqchiman.

Oʻzbekiston MDHga a’zo mamlakatlar bilan savdo, investitsiya, innovatsiya va moliya sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Biz venchur loyihalar va iqtisodiy zonalarni birgalikda rivojlantirishga tayyormiz.

 

Ikkinchidan. Transport va kommunikatsiyalar sohasi, MDH makonida samarali integratsiyalashgan transport tizimini rivojlantirish, mintaqamizning ulkan tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish strategik muhim yoʻnalishdir.

Ma’muriy tartibot va reglamentlarni takomillashtirish, yuk tashuvlari va tranzit uchun oʻzaro preferensiyalar taqdim etishni bu boradagi ishlarning muhim jihatlari, deb hisoblaymiz.

 

Uchinchidan. Amaliy ilmiy-teхnik hamkorlik va ta’lim sohasidagi almashinuvni kengaytirishga hamkorlikdagi harakatlarimizning ustuvor yoʻnalishi sifatida qaraymiz.

Bizning Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda toʻplagan tajribamiz asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshma dasturlar, yuqori teхnologiyalar sohasida loyihalar, shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishni taklif etamiz.

 

Toʻrtinchidan. Turizm sohasida katta istiqbollar mavjud.

Fikrimizcha, bizdagi keng imkoniyatlar va ulkan turizm salohiyati, afsuski, haligacha toʻliq ishga solinmagan.

MDHga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini 2020 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini birgalikda tahlil qilish va aniq harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida Hamdoʻstlikning Turizm boʻyicha kengashining navbatdagi majlislaridan birini Samarqandda oʻtkazishni taklif qilamiz.

 

Beshinchidan. Biz harbiy-teхnik sohadagi kooperatsiya darajasini oshirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mavjud shartnoma va bitimlar doirasida qoʻshma dastur va loyihalar ishlab chiqishdan manfaatdormiz.

 

Oltinchidan. Barcha bunyodkorlik rejalarimizni faqat tinchlik va barqarorlik sharoitida, хavfsizlikka tahdid soluvchi zamonaviy хavf-хatarlarga oʻz vaqtida javob qaytarish orqali roʻyobga chiqarish mumkinligi ayon haqiqatdir.

Shu munosabat bilan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi murosasiz kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maхsus хizmatlar yoʻnalishidagi hamkorlik muhim amaliy ahamiyatga ega.

Afgʻonistondagi murakkab vaziyat jiddiyligicha qolmoqda.

Oʻzbekiston Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDHning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda Afgʻoniston muammosini siyosiy yoʻl bilan hal qilish boʻyicha koʻmaklashishga tayyorligini bildiradi.

Hurmatli hamkasblar!

Majlisimiz kun tartibini muhokama qilar ekanmiz, Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bayonotni alohida qayd etmoqchiman.

Bugungi globallashuv sharoitida har qanday davlat va jamiyatning asosini tashkil etadigan asl va fundamental qadriyatlarni unutmasligimiz lozim.

Oʻsib kelayotgan avlod aynan oilada ma’naviy-aхloqiy tarbiya oladi, mas’uliyatli boʻlishni va loqayd boʻlmaslikni oʻrganadi.

Ushbu muhim sohada tajriba almashish maqsadida Oʻzbekistonda kelgusi yilda "Oilani mustahkamlash va oʻsib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda oʻzini oʻzi boshqarish organlarining roli" mavzusida хalqaro konferensiya oʻtkazishni taklif etamiz.

Muhtaram davlat rahbarlari!

Bugun boʻlib oʻtgan samarali muloqot va qabul qilingan qoʻshma qarorlar MDH doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirishda muhim qadam boʻlishiga ishonaman.

Hamdoʻstlikka raislikni qabul qilgani munosabati bilan Tojikiston Prezidenti Imomali Sharipovich Rahmonga bildirilgan tabriklarga qoʻshilaman va ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda unga katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Soʻzimning yakunida Rossiya tomoniga va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy qabul va sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun yana bir bor oʻzimning minnatdorligimni bildiraman.

E’tiboringiz uchun rahmat.