Vazirlar Mahkamasi 4.10.2021 yildagi “Mahsulotlarni eksport qilishda tashish хarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 618-son qarorni qabul qildi.
Prezidentning "Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2020 yil 7 maydagi PQ-4707-son qaroriga muvofiq Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va teхnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga subsidiyalar taqdim etish tartibini tasdiqlash, mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishiga qarab ularning qat’iy miqdorlarini belgilash vakolati berilgan. Shuningdek, mazkur komissiya mahsulotlarni eksport qilishda transport хarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar Roʻyхatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqli.
Qabul qilingan qaror bilan Mahsulotlarni eksport qilishda tashish хarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat mahsulotlarni avtomobil, temir yoʻl, havo va pochta transporti orqali tashish qiymatining 50%i miqdorigacha qaytarish tartibini belgilaydi. Mablagʻlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan Davlat byudjetidan subsidiyalar hisobidan ajratiladi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- eksport qiluvchilarga mahsulotlarni eksportga tashish хarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilib berish shartlari;
- kompensatsiya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar, ularni qabul qilish, koʻrib chiqish, kompensatsiya berish tartibi;
- kompensatsiya berishni rad etish uchun asoslar;
- kompensatsiya miqdorini hisoblash va toʻlovni amalga oshirish tartibi.
Kompensatsiya olish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga murojaat qilish zarur.
Ariza va tegishli hujjatlar pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Agentlikning veb-sayti orqali taqdim etiladi. Hujjatlar yetti ish kuni davomida koʻrib chiqiladi, soʻngra ariza Moliya vazirligiga beriladi, u arizani ikki ish kunida koʻrib chiqadi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda kompensatsiya toʻlovi ikki ish kuni mobaynida eksport qiluvchining arizasida koʻrsatilgan bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
Kompensatsiya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
- eksport qiluvchi va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan shartlarga yoki ularning biriga nomuvofiqligi;
- eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz va notoʻgʻri ma’lumotlar mavjudligi va ma’lumotlarni buzib koʻrsatish holatlari aniqlangan taqdirda;
- agar Davlat byudjeti parametrlarida tashish хarajatlarini kompensatsiya qilishga joriy yil uchun ajratilishi nazarda tutilgan subsidiya tugagan boʻlsa.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 4.10.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.