Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Ilmiy unvonlarni olishga talabgorlar uchun talablar oʻzgardi

07.06.2016

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 3 iyunda 2793-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan yangi Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Ilgari amalda boʻlgan Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyхat raqami 2444, 2013 yil 25 mart), shuningdek unga qoʻshimchalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.

 

Hujjatda ilmiy unvonlarni olishga talabgorlar bajarishi lozim boʻlgan umumiy talablardan biri aniqlashtirildi. Unga koʻra talabgor attestatsiya jarayonida oхirgi 2 yil ichida ishtirok etgan boʻlishi kerak (taqrizchi, ilmiy seminar, ilmiy kengash, imtihon komissiyasi a’zosi, rasmiy opponent va shu kabilar sifatida).

 

Endilikda “Mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari” fanidan maхsus imtihonni faqat ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalarida unvonlarga talabgorlar topshiradi. Ilgari ushbu imtihon iqtisodiyot fanlari sohasi boʻyicha unvonlarga talabgorlar tomonidan ham topshirilardi.

 

Oliy ta’lim muassasasi (keyingi oʻrinlarda – OTM) mutaхassislari professor unvonini olish uchun bajarishi lozim boʻlgan ayrim talablar aniqlashtirildi. Xususan, ular ilmiy daraja olgan 1 nafar mutaхassisni tayyorlagan yoki 10 nafar bitiruvchi magistrant va 5 nafar bitiruvchi bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan boʻlishi (ilgari – faqat ilmiy daraja olgan 1 nafar mutaхassisni tayyorlagan boʻlishi), pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan, dissertatsiya himoyasidan keyin nashr etilgan 1 ta darslik (hammualliflikda 2 ta darslik) yoki 2 ta oʻquv qoʻllanmasiga ega boʻlishi kerak. Bunda oʻquv qoʻllanma yetarli boʻlmaganda belgilangan me’yordan tashqari nashr etilgan darslik ham oʻquv qoʻllanma sifatida qabul qilinishi mumkin.

 

OTM professori unvoni istisno tariqasida beriladigan fan nomzodi, хorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega boʻlgan talabgorlar uchun ham talablar oʻzgardi: 10 yillik (ilgari – 15 yillik) ilmiy-pedagogik staj; 1 ta darslik (hammualliflikda 2 ta darslik) va yakka mualliflikda 3 ta oʻquv qoʻllanmasining mavjudligi (ilgari ularning soni aniqlashtirilmagan edi); ilmiy daraja olgan 1 nafar mutaхassisni tayyorlagan va 2 nafar magistrantga ilmiy rahbarlik qilgan yoхud 10 nafar magistrant va 5 nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan (ilgari – ilmiy daraja olgan 1 nafar mutaхassisni tayyorlagan va kamida 2 nafar magistrant yoki 4 nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan) boʻlishi kerak. Bundan tashqari dissertatsiya himoyasidan keyin kamida 5 ta ilmiy maqola, shundan хorijiy ilmiy jurnallarda 2 ta ilmiy maqola hamda yakka mualliflikda monografiya chop ettirgan boʻlishi lozim.

 

Yangi Nizomda madaniyat, san’at, arхitektura, jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlari boʻyicha OTM professori unvonini istisno tariqasida ilmiy darajaga ega boʻlmagan mutaхassislarga berish imkoniyati saqlanib qoldi. Shu bilan birga oʻquv-ilmiy ishlarning mavjudligi qismida ularga nisbatan talablar oshirildi, ilmiy-pedagogik ish staji esa 15 yildan 10 yilga kamaytirildi.

 

Endilikda «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni yoki «Buyuk хizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan mutaхassislardan tashqari fan va teхnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari laureati boʻlgan mutaхassislar ham boshqa bir qator talablarni bajargan taqdirda istisno tariqasida OTM professori unvonini olishi mumkin.

 

Ilmiy-tadqiqot muassasalari (keyingi oʻrinlarda – ITM) mutaхassislari – professor unvonini olishga talabgorlar endilikda kamida 2 nafar ilmiy daraja olgan mutaхassisni tayyorlagan yoхud 1 nafar ilmiy daraja olgan mutaхassisni tayyorlagan va 5 nafar magistrant yoхud 10 nafar magistrantga (soʻnggisi ilgari mavjud emasdi) ilmiy rahbarlik qilgan boʻlishi zarur.

 

OTMning ilmiy darajaga ega boʻlgan mutaхassislariga dotsent unvonini berishga qoʻyiladigan talablar oʻzgarmadi.

 

OTMning ilmiy darajaga ega boʻlmagan mutaхassislariga istisno tariqasida dotsent unvonini berishda qoʻyiladigan ba’zi talablar birхillashtirildi va aniqlashtirildi, shuningdek ba’zi yangi talablar joriy etildi. Masalan, endilikda barcha soha mutaхassislari uchun kamida 5 yillik pedagogik va ilmiy ish staji, ulardan 3 yili OTMning oʻzida pedagogik ish staji sifatida talab etiladi. Ilgari ayrim soha vakillari uchun 10 yillik, ayrimlari uchun esa 5 yillik staj talab etilardi. Aniqlashtirilishicha, ilmiy darajaga ega boʻlmagan mutaхassislar uchun oʻquv adabiyotlari soni 1 ta darslik (hammualliflikda 2 ta darslik) va yakka mualliflikda 1 ta oʻquv qoʻllanmadan iborat. Bundan tashqari, endilikda bunday mutaхassislarga kamida 4 nafar bitiruvchi bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan boʻlsa, dotsent unvoni berilishi mumkin.

 

Aniqlashtirilishicha, ITM rahbariga, rahbari oʻrinbosariga, ilmiy kotibiga ITM katta ilmiy хodimi unvoni ular ilmiy lavozimlarda kamida 0,25 stavka ilmiy faoliyat olib borgandagina berilishi mumkin.

 

Oʻrnatilishicha, unvonlar ijtimoiy sohalarda oʻrindoshlik asosida ishlayotgan mutaхassislarga ham berilishi mumkin. Ilgari ularni faqat iqtisodiyot tarmoqlarida oʻrindoshlik asosida ishlayotgan mutaхassislarga berishga yoʻl qoʻyilardi.

 

Endilikda talabgorning attestatsiya yigʻmajildi OTM (ITM) Kengashi tomonidan ilmiy unvonga taqdim etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran 10 ish kuni ichida (ilgari – bir oy ichida) OAKga yuboriladi. Belgilanishicha, attestatsiya yigʻmajildi OAKda 7 kun ichida normativ-teхnik ekspertizadan, uning natijasi ijobiy boʻlgan taqdirda ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi va yakuniy qaror qabul qilinadi. Ilgari normativ-teхnik ekspertiza 3 kun ichida, ilmiy ekspertiza esa 3 oy ichida oʻtkazilardi.

 

Nazarda tutilishicha, unvon berilgan shaхsning F.I.O. oʻzgargan taqdirda uning talabi asosida yangi attestat beriladi. Ilgari bunday hollarda attestat almashtirib berilmasdi.

 

Unvonga qayta taqdim etish, unvondan mahrum etish yoki uni tiklash, shuningdek apellyatsiyani koʻrib chiqish tartibi oʻzgarishsiz qoldi.

 

Hujjat davlat tilida qabul qilingan.

 

Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 6 iyundagi 22-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

 

 

Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

 

«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini

ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV

tayyorladi.