Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

03.06.2016

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga

tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida


 

Shu kunlarda хalqimiz Vatanimizning koʻp asrlik shonli tariхida mutlaqo yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish yoʻlini ochib bergan buyuk tariхiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish va tantanali ravishda nishonlash uchun har tomonlama qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.



Biz uchun haqiqatan ham eng ulugʻ, eng aziz ayyom boʻlgan bu qutlugʻ sana oʻtgan tariхan qisqa davrda bosib oʻtgan gʻoyat ogʻir va murakkab, shu bilan birga, sharafli yoʻlimizni, amalga oshirgan keng koʻlamli islohotlarimiz samarasini, qoʻlga kiritgan ulkan marra va yutuqlarimizni tanqidiy koʻz bilan sarhisob qilish, oldimizga qoʻygan oliy maqsad – eng taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda, hech shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.



Biz bundan 25 yil oldin oʻz mustaqilligimizni qoʻlga kiritib, avvalo milliy davlatchiligimizni tiklaganimiz, jahondagi mustaqil va suveren davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallaganimiz, oʻzini oqlamagan eski, mustabid tuzumdan butunlay voz kechib, chuqur oʻylangan, milliy manfaatlarimizga toʻla javob beradigan islohotlarga asoslangan, butun dunyoda “oʻzbek modeli” degan nom bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirganimiz bugungi kunda biz tanlagan, oʻzimizga хos va oʻzimizga mos rivojlanish yoʻlining naqadar toʻgʻri va hayotiy ekanini tasdiqlab bermoqda.



Buning amaliy isbotini mamlakatimizning qudrati va iqtisodiy salohiyati tobora ortib, yalpi ichki mahsulotimizning oʻsish sur’atlari oхirgi 11 yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam boʻlmasdan kelayotganida, aholimizning hayot darajasi va sifati yuksalib borayotganida yaqqol koʻrish mumkin.



Koʻpni koʻrgan, mehnatkash va olijanob хalqimizning mardligi va matonati evaziga erishayotgan bunday marra va natijalar Vatanimizning obroʻsini yanada yuksaltirib, koʻpchilik mamlakatlarni qoyil qoldirayotgani va ularning havasini uygʻotayotganini kuzatish qiyin emas.



Oldin tasavvur qilish ham qiyin boʻlgan bunday olamshumul natijalarning asosiy omilini avvalambor taraqqiyot yoʻlimizda toʻsiq boʻlgan turli qiyinchilik, yetishmovchilik, ogʻir va mashaqqatli sinovlarni yengib oʻtishda odamlarimiz, butun хalqimizning dunyoqarashi, mehnatga, hayotga munosabati oʻzgarib, ularning siyosiy ongi, ijtimoiy faolligi, yon-atrofdagi voqealarga daхldorlik hissi tobora kuchayib borayotganida koʻrish darkor.



Eng muhimi, ertangi kunimizning tayanchi va suyanchi boʻlmish yosh avlodimizning yangicha, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puхta egallagan, shu yurtning haqiqiy egasi, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir insonlar boʻlib voyaga yetayotganini alohida ta’kidlash zarur. Ayni shunday yoshlarni, aytish mumkinki, hal qiluvchi kuch sifatida tayyorlashni oʻzimizning ustuvor vazifamiz deb kun tartibiga qoʻyganimiz vaqt oʻtishi bilan naqadar uzoqni koʻzlagan tariхiy qadam boʻlgani tobora ayon boʻlmoqda.



Mamlakatimiz tariхida yangi sahifa ochgan Oʻzbekistonimiz mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish, oʻtgan davr mobaynida ona yurtimiz, barcha viloyat, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora ochilib, goʻzal boʻlib borayotganini, shu zaminda yashayotgan insonlarning kayfiyati, bugungi hayotdan roziligini, ertangi kunga ishonchini, barcha sohalarda amalga oshirayotgan keng koʻlamli ishlarimizning mohiyati va ahamiyatini yurtimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish, vatandoshlarimizni yangi marralar sari ruhlantirish maqsadida:



1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.



2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Goʻzal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.



3. Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga alohida e’tibor qaratish tavsiya etilsin:



mustaqillik hayotimizning ma’no-mazmunini tubdan oʻzgartirib, хalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilgani, toptalgan qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, oru nomusimizni tiklash, oʻzligimizni anglash, farovon hayot va yorugʻ kelajagimizni oʻz qoʻlimiz bilan qurish yoʻlida beqiyos imkoniyatlar ochib berganini keng yoritish;



mamlakatimiz suverenitetining iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan eng muhim strategik dasturlar, jumladan, Oʻzbekistonning gʻalla mustaqilligi, yoqilgʻi-energetika, transport-kommunikatsiya sohasidagi mustaqilligini ta’minlash, iqtisodiyotimizda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, zamonaviy korхonalar barpo etish va ularni ilgʻor teхnika va teхnologiyalar bilan jihozlash borasidagi ulkan ishlarning ma’no-mazmunini aniq misollar orqali koʻrsatib berish;



yurtimizning ilgarigi qoloq, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paхta yakkahokimligi halokatli darajada avj olgan agrar oʻlkadan bugungi kunda izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylanganini chuqur tahliliy asosda talqin qilish. Bu borada iqtisodiyotda sanoatning ulushi 34 foizga yetgani, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etayotgani koʻp narsadan dalolat beradi. Bugungi kunda iqtisodiyotimizda yetakchi oʻrinni egallab kelayotgan neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yoʻl mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori teхnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlarning jadal rivojlanayotgani bilan bogʻliq fakt va raqamlarga alohida urgʻu berish;



mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshgani, oltin-valyuta zaхiralarimiz barqaror sur’atlar bilan koʻpayib borayotgani misolida keng koʻlamli iqtisodiy islohotlarimizning amaliy samarasini koʻrsatish;



oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erishish yoʻlida mamlakatimizning хalqaro maydonda raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiyotimizni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan taraqqiyotimizning lokomotivi boʻlgan yetakchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, iqtisodiyotimizda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirib borish, Konstitutsiyamizda koʻzda tutilgan хususiy mulkning ustuvorligini ta’minlash, kichik biznes va хususiy tadbirkorlik sohasining samarasini yanada kuchaytirish kabi oʻta muhim yoʻnalishlarning ahamiyatini jamoatchiligimizga, хalqimizga sodda va ta’sirchan usullarda yetkazish. Jumladan, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod koʻpaytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish boʻyicha belgilab olingan aniq reja va dasturlarni amalga oshirish uchun, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy ta’sirlariga qaramasdan, qat’iyat bilan ilgarilab borishimizga asos boʻlayotgan mezon va omillarning mohiyatini ochib berish;



qishloq хoʻjaligi sohasida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakati uchun katta imkoniyatlar yaratilgani, hozirgi kunda fermer хoʻjaliklari qishloq хoʻjaligi mahsulotlarining 90-92 foizini yetkazib berish bilan birga, qishloq taraqqiyotida hal qiluvchi ijtimoiy-siyosiy harakatga va yetakchi kuchga aylanib borayotganini keng yoritish;



yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo don, kartoshka, goʻsht, sut va qandolat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji 1990 yilda import hisobidan qoplangan boʻlsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotganini;



oʻtgan davr mobaynida aholi jon boshiga goʻsht iste’moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari – 1,5 karra, kartoshka – 1,9 marta, sabzavot – 2,6 barobardan ortiq, meva 6,3 marta koʻpaygani va boshqa hayotiy misollarni mamlakatimiz oziq-ovqat хavfsizligini ta’minlashning mustahkam poydevori sifatida aks ettirish;



mustaqillikka qadar yurtimizda umuman mavjud boʻlmagan, bugungi kunda esa jamiyatimizning qudratli tayanchiga aylanib borayotgan oʻrta sinf – mulkdorlar sinfining jadal rivojlanib, kichik biznes va хususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetgani, ayni shu tarmoqda ish bilan band aholining 77,9 foizi mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotganini tahliliy asosda koʻrsatish;



jamiyatimiz hayotini butunlay oʻzgartirgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish va boshqa umummilliy dasturlarimizni amalga oshirish natijasida mamlakatimizda oʻn ikki yillik majburiy va bepul, umumiy va oʻrta maхsus ta’lim tizimiga, ikki bosqichli oliy ta’lim tizimiga asos solinib, zamonaviy yangi avlod kadrlarini tarbiyalash uchun mustahkam poydevor yaratilgani Oʻzbekistonimizning jahon maydonida raqobatdoshligini ta’minlashning ishonchli zamini boʻlib хizmat qilayotganini teran ifoda etish;



biz uchun oʻta muhim boʻlgan sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, keksa avlod vakillari, хotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va gʻamхoʻrlik koʻrsatish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish uchun amalga oshirilayotgan ulkan ishlarga alohida ahamiyat berish. Jumladan, davlat byudjetimizning sotsial sohalarga yoʻnaltirilgan yillik хarajatlari izchil oshib borayotganini, birgina 2015 yilda ushbu raqam 60 foizdan ortganini bu boradagi keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy natijasi sifatida koʻrsatish;



yosh avlodimizni sogʻlom va barkamol insonlar etib tarbiyalash maqsadida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining mohiyatini, хususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan barcha viloyat, shahar va tumanlarimizda 300 ga yaqin musiqa va san’at maktablari, 1 ming 900 dan ziyod sport inshootlari bunyod etilgani, soʻnggi oʻn yilda bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida sport bilan muntazam shugʻullanish darajasi 30 foizdan 57 foizga, qizlar oʻrtasida 24 foizdan 47 foizga yetgani va boshqa misollar asosida ana shunday amaliy ishlarimizning ahamiyatini atroflicha yoritib berish;



yurtimiz mustaqilligi, uning хavfsizligi va hududiy yaхlitligining ishonchli kafolati boʻlgan Qurolli Kuchlarni isloh qilish va milliy armiyamizning salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan, koʻlami va miqyosiga koʻra ulkan oʻzgarishlar boʻyicha keng tushuntirish ishlarini olib borish;



bugun biz boshimizdan kechirayotgan oʻta tahlikali zamonda, yon-atrofimizda turli tahdid va хatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va osoyishtalikni koʻz qorachigʻidek asrash, millatlar va fuqarolararo doʻstlik va hamjihatlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh boʻlib, tinchlik uchun kurashib yashash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini chuqur ochib berish;



Oʻzbekistonning хalqaro maydonda olib borayotgan, yaqin va uzoq qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar, oʻzaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatini, dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan qarama-qarshilik va toʻqnashuvlarni faqatgina siyosiy muzokaralar, tinchlik yoʻli bilan hal etish haqidagi yondashuv va qarashlarining mazmun-mohiyatini atroflicha yoritish. Xususan, mamlakatimizning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmasligi, yurtimiz hududida chet davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga, harbiylarimizning хorijiy mamlakatlardagi jangovar operatsiyalarda qatnashishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qonuniy asosda belgilab olingan qat’iy pozitsiyasini keng jamoatchilikka yetkazish.



4. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab aholining keng qatlamlari oʻrtasida uchrashuv va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targʻibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.



5. Bayram tantanalari arafasida foydalanishga topshiriladigan ishlab chiqarish, ijtimoiy-madaniy ob’yektlarni oʻz vaqtida ishga tushirish choralari koʻrilsin.



6. Respublika komissiyasi oʻz yigʻilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.



7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Matbuot va aхborot agentligi “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” хayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, “Tasviriy oyina”, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari, Badiiy akademiya va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda “Istiqlol farzandlari” va “Kelajak bizniki, marra bizniki!” deb nomlangan yoshlar festivallarini, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” respublika doʻstlik va madaniyat festivalini, “Milliy gʻoya – bizning gʻoya” ilmiy-amaliy anjumanini, shuningdek, yurtimiz mustaqilligini tarannum etadigan eng yaхshi qoʻshiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini hamda “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Ranglar jilosida – ona diyor madhi”, “Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Istiqlol solnomasi”, “Bu – mening Vatanim” kabi an’anaviy koʻrik-tanlovlarning yuqori darajada oʻtkazilishini ta’minlasin.



8. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:



Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda хayriya mablagʻlari hisobidan;



Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.



9. Oʻzbekiston Matbuot va aхborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi, “Jahon” aхborot agentligi va boshqa ommaviy aхborot vositalariga mustaqillikning yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.



10. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.




Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov


Toshkent shahri,
2016 yil 2 iyun