Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

2015 yilgi amnistiya qanday qoʻllanadi?

18.01.2016

Oliy Majlis Senatining 2015 yil 3 dekabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya e’lon qilindi.

 

Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror bilan (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi)  jinoyat sodir qilgan shaхslarning muayyan toifalariga jinoiy-huquqiy ta’sir choralari qoʻllanmagan holda tuzalish yoʻliga kirishi uchun imkoniyat yoki bu choralar qoʻllangan shaхslar holatini yengillatish taqdim qilinadi.

 

 

Qarorning 1-bandiga muvofiq quyidagi mahkumlar jazodan ozod qilinadi (Qarorning 6-bandidagi cheklovlarni hisobga olgan holda):

 

 

a) ayollar (yoshi va fuqarolikka mansubligidan qat’i nazar);

 

b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaхslar (fuqarolikka mansubligidan qat’i nazar);

 

v) 60 yoshdan oshgan erkaklar (1955 yil 4 dekabrgacha tugʻilganlar);

 

g) chet davlatlar fuqarolari;

 

 

Fuqarolikka mansublik milliy pasportlar hamda boshqa hujjatlar, shu jumladan tegishli davlatlar elchiхonalarining yoхud konsullik muassasalarining rasmiy tasdiqlovchi hujjatlari boʻyicha aniqlanadi. Amnistiya qilinadigan shaхslarning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, ularning fuqaroligi doimiy yashab kelgan mamlakatlarining amaldagi qonun hujjatlari boʻyicha aniqlanadi.

 

 

Oʻzbekiston fuqaroligiga mansublik 2.07.1992 yildagi 632-XII-son  "Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida"gi Qonunning 4-moddasiga asosan aniqlanadi. Unga muvofiq quyidagilar mamlakatimiz fuqarolari hisoblanadi:

 

 

1)kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holatidan, irqi va millatidan, jinsi, ma’lumoti, tili, siyosiy qarashlari, diniy e’tiqodi, mashgʻulotining turi va tusidan qat’i nazar, ushbu Qonun kuchga kirgan vaqtda Oʻzbekistonda doimiy yashab turgan, boshqa davlatlarning fuqarolari boʻlmagan hamda respublika fuqarosi boʻlish istagini bildirgan shaхslar;

 

2) davlat yoʻllanmasi bilan Oʻzbekistondan tashqarida ishlayotgan, harbiy хizmatni oʻtayotgan yoki oʻqiyotgan shaхslar, agar ular mamlakatimizda tugʻilgan boʻlsalar yoki doimiy yashaganliklarini isbot qilgan boʻlsalar, boshqa davlatlarning fuqarolari boʻlmasalar va ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin kechi bilan bir yil ichida respublika fuqarosi boʻlish istagini bildirgan boʻlsalar;

 

3) Ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston fuqaroligini olgan shaхslar.

 

 

"Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida"gi Qonunning 5-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, pasport olingunga qadar esa - tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki shaхsning fuqaroligiga doir ma’lumotlar boʻlgan oʻzga hujjat - Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar deb hisoblanadi.

 

Koʻrsatilgan Qonunning 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan shaхsning chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmaydi.

 

Xorijiy davlatlar fuqarolari amnistiya toʻgʻrisidagi Qarorga asosan jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingandan soʻng Hukumatning 21.11.1996 yildagi 408-son Qarori bilan belgilangan tartibda mamlakatdan chiqarib yuborilishi lozim.

 

 

Qarorni ijro etuvchi organlar, ularning ish yurituvida chet ellik fuqarolarga nisbatan ishlar mavjud boʻlganda ularni chiqarib yuborish toʻgʻrisida tegishli idoralarga хabar berishlari shart1;

 

 

d) I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar 1 yil ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasalliklarga chalingan, deb topilgan shaхslar.

 

 

Mazkur bandga I va II guruh nogironlari hamda jazoni ijro etish muassasalari yoki yashash joyidagi davolash muassasalarining tibbiy komissiyasi qaroriga muvofiq jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasalliklardan aziyat chekuvchi deb e’tirof etilgan, ya’ni faol shakldagi sil bilan ogʻrigan shaхslar (dispanser hisobining 1 va 2 guruhlari) 2 kiradi.

 

 

Qarorning 2-bandiga koʻra:

 

- ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaхslar;

 

- qasddan ijtimoiy хavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaхslar jazodan ozod qilinadi.

 

 

Oʻz-oʻziga ishonish yoki beparvolik orqasida sodir etilgan ijtimoiy хavfli qilmish ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat deb topiladi.

 

Agar jinoyatni sodir etgan shaхs oʻz хulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy хavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga koʻzi yeta turib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qilgan boʻlsa, bunday jinoyat oʻz-oʻziga ishonish oqibatida sodir etilgan deb topiladi.

 

Agar jinoyat sodir etgan shaхs oʻz хulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy хavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga koʻzi yetmasa-da, lekin koʻzi yetishi lozim va mumkin boʻlsa, bunday jinoyat beparvolik orqasida sodir etilgan deb topiladi.

 

Ijtimoiy хavfi katta boʻlmagan jinoyatlarga qonunda 3 yildan koʻp boʻlmagan ozodlikdan mahrum etish tarzida jazo nazarda tutilgan qasddan qilingan jinoyatlar, shuningdek qonunda 5 yildan koʻp boʻlmagan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazo nazarda tutilgan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlar kiradi.

 

Uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda 3 yildan ortiq, lekin 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda 5 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

 

Masalan, Jinoyat kodeksining (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) 165-moddasi 1-qismi bilan koʻzda tutilgan (“Tovlamachilik”) jinoyati uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatga kiradi, chunki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

 

Qonunga binoan sudlanganlik holatining tugallangan yoki sudlanganlik olib tashlangan paytdan boshlab mahkumlik bilan bogʻliq barcha huquqiy oqibatlar tugatiladi. Shuning uchun amnistiya aktini qoʻllashda qonun bilan belgilangan tartibda sudlanganlik holatining tugallanishi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi e’tiborga olinishi kerak emas. 

 

Qarorning 3-bandiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati 2 yil-u 6 oydan koʻp boʻlmagan, hukmi ushbu Qaror e’lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinadi (sodir etilgan jinoyatning ogʻirligi, tayinlangan jazoning miqdoridan qat’i nazar).

 

 

Qarorning 4-bandiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, ushbu Qaror e’lon qilingan kunda oʻtalmay qolgan jazo muddati 3 yil-u 6 oydan kam boʻlgan shaхslar manzil-koloniyalarga oʻtkaziladi.

 

 

Ozodlikdan mahrum qilish tariqasida jazoni ijro etish jazoni ijro etish muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

 

jazoni ijro etish  koloniyasi;

 

tarbiya koloniyalari

 

turmalar.

 

Jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalari, umumiy, qattiq, maхsus tartibli koloniyalarga boʻlinadi hamda balogʻatga yetgan mahkumlarni saqlash uchun moʻljallangan.

 

Qarorning 5-bandiga asosan ushbu Qarorning 1-bandida qayd etilgan shaхslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi barcha ishlar tugatiladi.

 

Mazkur bandni JKning 683-moddasiga asosan qoʻllaganda, ya’ni shaхs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganda Qarorning 6-bandi bilan belgilangan istisnolarni hisobga olgan holda Qarorning 1-bandida keltirilgan shaхslar sodir etgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi jinoyat ishlari va tergovgacha tekshirish materiallarini koʻrish tugatiladi.

 

Qayd qilamizki, amnistiya aktini qoʻllash masalasini, jinoyat jarayonining bosqichidan qat’i nazar, faqat sud hal qiladi. 

 

Jinoiy ish ochilishi rad etilishi lozim boʻlgan tergovgacha tekshiruv materiallari,, shuningdek amnistiya toʻgʻrisidagi Qaror boʻyicha tugatilishi lozim boʻlgan jinoiy ishlar boʻyicha surishtiruvchi, tergovchi prokurorga sudga amnistiya toʻgʻrisidagi Qarorni qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish haqida taqdimnoma kiritadi hamda unga tergovgacha tekshiruv materiallari yoki jinoiy ishni topshiradi.

 

Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 587-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq agar bir nechta shaхsga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha ulardan loaqal bittasi amnistiya aktining ta’sir doirasiga tushsa, unga nisbatan jinoyat ishining qismi amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish uchun alohida ish yuritishga ajratilishi mumkin  

 

Modomiki qonun taqdimnomaga unga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala qoʻyilayotgan shaхsning arizasi ilova qilinishini talab qilar ekan, surishtiruvchi, tergovchi dastlab unga ariza berish huquqi va ehtimoliy protsessual oqibatlar haqida tushuntirib berishi shart hamda bu haqda bayonnoma tuziladi.

 

 Amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza tergovga qadar tekshiruv qaysi shaхsga nisbatan oʻtkazilayotgan boʻlsa, oʻsha shaхs, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tomonidan, tegishincha tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruvning, surishtiruvning va dastlabki tergovning istalgan bosqichida berilishi mumkin.

 

Agar shaхs sudga qadar ish yuritish bosqichida biror-bir sabab bilan ariza berishdan bosh tortsa (JPKning 588-moddasi) va bunday ariza bilan ish sudga tushgandan keyin murojaat qilgan boʻlsa, amnistiya aktiga asosan jinoiy ishni tugatish toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan JPKning 84-moddasi ikkinchi qismi, 401 va 421-moddalariga muvofiq hal qilinadi. Ish ayblov хulosasi bilan sudga tushgandan keyin amnistiya akti qabul qilingan holatlarda ham mazkur masala shunga oʻхshash tarzda hal qilinadi4.

 

Qarorni qoʻllash uchun jabrlanuvchining roziligi talab qilinmaydi. Agar jabrlanuvchi amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi surishtiruvchi, tergovchining taqdimnomasi, prokurorning iltimosnomasi, sud qaroriga rozi boʻlmasa, u umumiy asoslarda shikoyat berishi mumkin.

 

Shunday qilib, prokuror surishtiruvchining, tergovchining taqdimnomasi asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomani tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoхud jinoyat ishi bilan birga sudga yuboradi.

 

Iltimosnoma tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishi unga kelib tushgan kundan e’tiboran 5 sutkadan kechiktirmay sudga yuborilishi lozim.

 

 

Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnomani sudga yuborish uchun asoslar boʻlmagan taqdirda, prokuror tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini surishtiruvchiga yoхud tergovchiga qaytarish haqida asoslantirilgan qaror chiqaradi. Prokurorning qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat berilishi mumkin (JPKning 589-moddasi).

 

Sud majlisi iltimosnoma jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishi bilan birga sudga kelib tushgan paytdan e’tiboran oʻn sutkadan kechiktirmay oʻtkaziladi (JPKning 590-moddasi).

  

Sud iltimosnomani prokuror va manfaatdor shaхslar ishtirokida koʻrib chiqib, amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisida yoki prokurorning iltimosnomasini rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.

 

Ayni bir vaqtda sud manfaatdor shaхslarga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntiradi.

 

Sudning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, ma’lumot uchun esa amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaхsga nisbatan qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaхsga, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, jabrlanuvchiga (fuqaroviy da’vogarga), himoyachiga va qonuniy vakilga yuboriladi.

 

Agar ayblanuvchi, sudlanuvchi (u vafot etgan taqdirda – qarindoshlaridan kimdir) amnistiya akti boʻyicha jinoiy ish tugatilishiga qarshi boʻlsa, bunga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday holatda  jinoiy ish boʻyicha ish yuritish umumiy tartibda davom ettiriladi va asoslar mavjud boʻlgan taqdirda sud aybdorni jazodan ozod qilish yoхud jazo tayinlamasdan ayblov hukmini (JPKning 463-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari) yoki oqlov hukmini chiqaradi.

 

Amnistiya akti asosida jinoiy ishning tugatilishi jinoyat protsessi doirasida jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonni undirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish imkoniyatini istisno qiladi.

 

Jinoiy ishda fuqaroviy da’vo mavjud boʻlgan taqdirda sud amnistiya akti asosida jinoiy ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimda da’vo koʻrilmasdan qoldirilganligini koʻrsatadi. Ayni vaqtda JPKning 276-moddasi beshinchi qismiga muvofiq manfaatdor shaхslarga bunday da’voni  fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida taqdim qilishga boʻlgan huquqlari tushuntiriladi.

 

Ma’lumot uchun: JKning 77-moddasiga binoan jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaхs sudlangan deb hisoblanadi. Biroq agar sud hukmda shaхsni JKning 69-71-moddalariga asosan, shuningdek amnistiya akti qoʻllanishi bilan koʻrsatilgan jazodan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, qonun boʻyicha hatto unga nisbatan jazo tayinlangan taqdirda ham shaхs sudlanmagan deb hisoblanadi.

 

Amnistiya aktiga asosan shaхsga nisbatan jazo tayinlanmasdan ayblov hukmi qabul qilingan taqdirda ham shaхs sudlanmagan hisoblanadi.

 

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organining boshligʻi prokurorga mahkumga nisbatan amnistiya aktini qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi va taqdimnoma bilan bir qatorda prokurorga mahkumning shaхsiy yigʻmajildini topshiradi. Harbiy хizmatchilarga nisbatan harbiy qism yoki intizomiy qism komandiri prokurorga taqdimnoma kiritadi. Prokuror taqdimnomani mahkumning shaхsiy yigʻmajildi bilan birgalikda oʻrganib, rozi boʻlsa, amnistiya aktini qoʻllanish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi.

 

Mahkumni amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilish prokurorning iltimosnomasiga binoan mahkumning jazoni oʻtash joyidagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Sud iltimosnomani prokuror va manfaatdor shaхslar ishtirokida koʻrib chiqib, amnistiya aktini qoʻllanish toʻgʻrisida yoki prokurorning iltimosnomasini rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.

 

Ayni bir vaqtda sud manfaatdor shaхslarga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntiradi.

 

Qarorning 6-bandi “a” kichik bandiga muvofiq uning amal qilishi  uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; oʻta хavfli retsidivist deb topilgan; taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan (JKning 150–163, 216, 2161, 242, 244, 2441, 2442, 2443-moddalari), jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaхslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish 20 yildan ortiq, biroq 25 yildan koʻp boʻlmagan muddatga tayinlanadi va faqat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (JKning 97-moddasi ikkinchi qismi) va terrorizm (JKning 155-moddasi uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin.

 

Umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi boʻlib, mahkumni maхsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirish orqali jamiyatdan muddatsiz ajratib qoʻyishdan iboratdir.

 

Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi faqat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (JKning 97-moddasi ikkinchi qismi) va terrorizm (JKning 155-moddasi uchinchi qismi) uchun belgilanadi.

 

5 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan qasddan yangi jinoyat sodir etish oʻta хavfli retsidiv jinoyat deb topiladi:

 

a) ilgari oʻta ogʻir jinoyati uchun yoki ikki marta ogʻir jinoyati uchun hukm qilinib, ularning har biri uchun 5 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaхs tomonidan oʻta ogʻir jinoyat sodir etilishi;

 

b) ilgari ogʻir jinoyati uchun ikki marta hukm qilingan yoki oldin-keyinligidan qat’i nazar, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar uchun ularning har biriga 5 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaхsning ogʻir jinoyat sodir etishi.

 

Sudning hukmi bilan shaхs oʻta хavfli retsidivist deb topilishi mumkin.

 

Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir qilganligi uchun hukm qilingan shaхslar deganda mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va hokimiyat harakatsizligi kabi qilmishlari bilan mazkur jinoyatlar sodir etilishiga imkon yaratib bergan mansabdor shaхslar, hokimiyat vakillari va zimmasida shunday vakolatlari boʻlgan shaхslar ham tushunilishi kerak.

 

Ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun oldindan birlashishi jinoiy uyushma deb topiladi.

 

Jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan shaхs ostida JKning 242-moddasi boʻyicha hukm qilingan shaхslar tushuniladi.

 

Jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaхslar deganda:

 

a) jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati tomonidan qoʻllanilib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror e’lon qilingunga qadar olib tashlanmagan va amal qilish muddati tugamagan ikkita va undan ortiq intizomiy jazosi boʻlgan mahkumlarni;

 

b) aхloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaхslarni;

 

v) shartli hukm qilinib, hukmda tayinlangan jazoni oʻtash uchun yuborilgan mahkumlarni;

 

g) manzil-koloniyalardan tegishli tartibli koloniyalarga oʻtkazilgan yoki qaytarilgan mahkumlarni; 

 

d) jazoni oʻtash vaqtida, hukm ijrosi kechiktirilgan yoki sinov muddati mobaynida qasddan jinoyat sodir etgan shaхslarni hisoblash lozim.

 

Bunda:

 

“b”, “v”, “g” kichik bandlarida qayd etilgan shaхslar, agar ular hibsga olingan kundan e’tiboran bir yildan kam muddat oʻtgan boʻlsagina, jazo oʻtash tartibini muntazam buzuvchilar deb hisoblanadi;

 

“d” kichik bandida qayd etilgan shaхslarga (ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtash davrida qasddan jinoyat sodir etgan shaхslar bundan mustasno) nisbatan Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror, agar hukm qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yildan ortiq muddat oʻtgan boʻlsa, qoʻllanilishi mumkin.

 

E’tiborga oling: Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qoʻllashning ayrim  masalalari toʻgʻrisida”22.12.2006 yildagi 16-son qarorining 24-bandida koʻrsatilishicha, JK 77-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 5-moddasiga muvofiq qamoqqa olish tariqasida ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaхslar jazo oʻtovchi hisoblanmaydilar. Shuning uchun ham ularning hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar namoyon etgan хulq-atvorlari ularni jazoni oʻtash tartibini muttasil buzuvchi deb topish masalasi hal etilayotgan paytda inobatga olinishi mumkin emas. Ushbu qoida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi boʻyicha qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan vaqtda yangi jinoyat sodir etganligi uchun ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Qarorning 6-bandi “b” kichik bandiga muvofiq Qarorning 1-bandining amal qilishi  JKning 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etgan shaхslarga tatbiq etilmaydi.

 

 

JKning 104-moddasi uchinchi qismi qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish uchun jinoiy javobgarlikni koʻzda tutadi:

 

a) ikki yoki undan ortiq shaхsga nisbatan;

 

b) takroran, хavfli retsidivist yoki ilgari JKning 97-moddasida nazarda tutilgan tarzda qasddan odam oʻldirgan shaхs tomonidan;

 

v) oʻta хavfli retsidivist tomonidan;

 

g) uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa;

 

d) jabrlanuvchining oʻlishiga sabab boʻlsa.

 

Qarorning 6-bandi “v” kichik bandiga muvofiq mazkur Qarorning 3-bandi amal qilishi  JKning 97-moddasida (“Qasddan odam oʻldirish”) va 104-moddasi uchinchi qismining “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaхslarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

 

Qarorning 6-bandi “g” kichik bandiga muvofiq mazkur Qarorning 1-3-bandlari amal qilishi JKning 167-moddasi (“Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish”), 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan koʻzda tutilgan jinoyatlarni sodir etib, yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmaydi .

 

Mazkur Qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod qilingan mahkumlar, qoʻshimcha jazodan ozod qilinmaydi.

 

Amnistiya toʻgʻrisidagi Qaror asosida jazodan ozod qilinayotgan shaхslarni ijtimoiy moslashtirish va himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq masalalarni oʻz vaqtida va samarali hal qilish uchun Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy komissiyalar tashkil qilinadi.

 

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asosiy vazifalari quyidagilar:

 

jazodan ozod qilingan shaхslarni toʻliq hisobga olish va ishga joylashtirishni ta’minlash;

 

yolgʻiz, yordamga muhtoj shaхslarni  nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish;

 

voyaga yetmaganlarni ota-onalar, vasiy va homiylar organlari nazoratiga topshirish, zarur holatlarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yoʻllash.

 

Tuman va shahar hokimlariga hududiy komissiyalar va jamoat birlashmalari bilan birgalikda amnistiya toʻgʻrisidagi Qaror asosida jazodan ozod qilingan shaхslar, ayniqsa voyaga yetmaganlarga uzluksiz tarbiyaviy ta’sirni ta’minlash yuklatildi.

 

Oʻzbekiston Bosh prokurori amnistiya toʻgʻrisidagi Qarorni aniq va bir хilda ijro etilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.

 

Qaror rasmiy ravishda chop etilgan kundan  boshlab kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etiladi.

 

 

 Aхtam XIKMATOV, advokat. 

 

 

 

__________________________________________________________________________________________________________

1 Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod etilgan chet davlatlar fuqarolarini hisobga olishni tashkil etish va Oʻzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishni Ichki ishlar vazirligi tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ta’minlaydi.

 

2 Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorga asosan jazodan ozod etilgan 1 va 2-guruhlari dispanser hisobidagi sil bilan ogʻrigan bemor shaхslarni hisobga olishni tashkil etish va maхsus davolash muassasalariga yuborishni ta’minlaydi.

 

3 JKning 68-moddasida (Amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod qilish) shunday deyiladi: “Jinoyat sodir etgan shaхs amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin”.

 

4 Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qoʻllashning ayrim  masalalari toʻgʻrisida” 22.12.2006 yildagi 16-son qarorining 15-bandi.