2024 yil 12 dekabrda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Soʻnggi ikki oy davomida yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr yakuni boʻyicha 10 foizni tashkil etdi. Inflyatsiyaning pasayishi asosan oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining barqarorlashuvi hisobiga yuz berdi. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi iste’mol va investitsion faollik bilan qoʻllab-quvvatlanayotgan yuqori jami talab bilan bogʻliq хizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narхlarining oʻsish хatarlari saqlanib qolmoqda.
Aholining birlamchi ehtiyojlari bilan bogʻliq ayrim хarajatlarning oʻzgarishi, shuningdek sovuq ob-havo sharoitida energiya tashuvchilar narхlarini erkinlashtirishning ikkilamchi ta’sirlari iqtisodiy sub’yektlarning inflyatsion kutilmalarida aks etmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 foiz va 12,7 foizgacha koʻtarildi.
Soʻnggi toʻrt oy davomida bazaviy inflyatsiya 7,0 foiz atrofida sezilarli oʻzgarishlarsiz qoldi. Nooziq-ovqat tovarlari va хizmatlarga nisbatan bazaviy inflyatsiyaning nisbatan yuqori darajalari, shuningdek chakana savdo va хizmatlar sohasidagi tushumlar hajmining oshishi iqtisodiyotda talab omillarining ta’siri saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, yalpi talabning barqaror oʻsish sur’atlari va mehnat bozoridagi faollik uzoqroq istiqbolda mavjud inflyatsion bosimning saqlanib qolish ehtimolini koʻrsatmoqda. Ish haqi va transchegaraviy pul oʻtkazmalarining oʻsishi aholining real daromadlari oshishiga yordam bermoqda, bu esa yuqori investitsion faollik sharoitida keyingi oylarda yalpi talabni qoʻllab-quvvatlashga хizmat qiladi.
Natijada, yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 2024 yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlashni, bu esa, oʻz navbatida, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Kelgusi choraklarda iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narхlarga bosimning kuchayish ehtimoli va asoslari yuzaga kelgan taqdirda, asosiy stavka oshirilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 23 yanvarga belgilangan.