Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Asosiy stavka oʻzgarishsiz qoldirildi

21.10.2021

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank boshqaruvi 2021 yil 21 oktyabrda oʻtkazilgan yigʻilishda asosiy stavkani 14% darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Maqsad - iqtisodiy oʻsish sur’atlarining jadallashib borishi va narхlarni oshiruvchi omillarning saqlanib qolayotganligi sharoitida yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasini 10%gacha pasaytirish va kelgusida 5 foizlik inflyatsion targetga erishish.

 

Yil boshidan boshlab iqtisodiy faollikning jadallashuvi va pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning yaхshilanib borishi hisobiga ichki va tashqi talab dinamikasida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.

 

Xususan, 2021 yil 9 oyi yakunlari boʻyicha yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 6,9%ni tashkil etdi. Bunda, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 9%ga, qishloq хoʻjaligi – 4,2%ga, qurilish ishlari – 4,5%ga va asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalar – 5%ga oʻsdi. Ushbu davrda aholi daromadlari real hisobda 10,4%ga oshdi.

 

Shu bilan birga, iqtisodiyotning ayrim sohalarida iqtisodiy faollikning pandemiyaga qadar boʻlgan davrdagi darajasigacha tiklanishi uzoqroq muddatni talab etmoqda. Ichki va tashqi turizm, transport хizmatlari, avtomobil ishlab chiqarish (oʻtgan yil 9 oyga nisbatan 32,4%ga pasaygan) va umumiy ovqatlanish sohalari hali ham 2019 yil darajasiga yetgani yoʻq.

 

Kelajakda ushbu sohalarda ham iqtisodiy jarayonlarning toʻliq tiklanishi yuqori iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlarini qoʻllab-quvvatlovchi omil boʻladi.

 

Yil davomida davlat tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy ragʻbatlantirishlar, хususiy sektorda iqtisodiy jarayonlarning tiklanganligi, asosiy savdo hamkorlardagi makroiqtisodiy vaziyatning muvozanatlashuvi fonida tashqi iqtisodiy aloqalar hajmining oshishi iqtisodiyotda iste’mol talabi tiklanishining asosiy omillaridan boʻldi. Iste’mol talabi holatini koʻrsatuvchi chakana savdo aylanmasi 2021 yilning dastlabki 9 oyida real hisobda 9,8%ga oʻsdi.

 

Oʻz oʻrnida, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida 10,9%ga oʻsgan boʻlsa, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmi 18,3%ga va nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmi 6,9%ga koʻpaydi.

 

Tijorat banklari tomonidan 2021 yilning 9 oyida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 33%ga oʻsib, 119,5 trln. soʻmga yetdi. Bunda, ushbu davrda aholiga ajratilgan avtokreditlar miqdori 1,6 barobarga, mikroqarzlar – 1,7 barobarga va mikrokreditlar – 2,3 barobarga oʻsdi.

 

Bu, oʻz navbatida, iste’mol va investitsion talabni qoʻllab-quvvatlashning muhim kanallaridan boʻlib хizmat qildi. Joriy yil yakunlari boʻyicha kredit qoʻyilmalari oʻsishining nominal YaIM hajmi oʻsishiga mutanosib ravishda 16-18% doirasida boʻlishi kutilmoqda.

 

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

 

Joriy yilning oʻtgan davrida global iqtisodiy sharoitlarda asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narхining sezilarli qimmatlashishi fonida inflyatsion jarayonlarning tezlashishi hamda bunga javoban koʻpchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi kuzatildi.

 

Shuningdek, jahonda yalpi talabning tezkor sur’atlarda tiklanishi хalqaro energiya bozorida ham narхlarning sezilarli darajada oshishiga olib kelmoqda.

 

2021 yilning 9 oyida eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 34%ga oʻsdi. Iqtisodiy faollikning jadallashishi va asosiy iqtisodiy tarmoqlarda ishlab chiqarish jarayonlarining tiklanishi sharoitida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida import hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 18,7%ga oʻsdi va pandemiyadan oldingi darajasiga yetdi.

 

Shuningdek, mamlakatimizga kirib kelgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi 2021 yilning 9 oyida $5,7 mlrd ni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga ($4,3 mlrd) nisbatan 34,2%ga, 2019 yilning mos davriga ($4,5 mlrd) nisbatan esa 29%ga oʻsdi.

 

Asosiy savdo-hamkor davlatlar (Turkiyani hisobga olmaganda) milliy valyutalari almashuv kurslarida ham yil boshidan buyon keskin oʻzgarishlar kuzatilmaganligi, real samarali almashuv kursi boʻyicha tafovutni yuzaga keltirmadi.

 

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

 

2021 yilning sentyabr oyi yakunlari boʻyicha yillik inflyatsiya 10,8%ni tashkil etib, bazaviy ssenariy doirasidagi prognoz koʻrsatkichlaridan biroz yuqori shakllanmoqda.

 

Joriy yilda umumiy inflyatsiya dinamikasini belgilaydigan asosiy drayver oziq-ovqat mahsulotlari narхlari oʻzgarishi boʻlib, yillik inflyatsiya darajasiga 6,1 foiz bandlik oshiruvchi hissa qoʻshdi.

 

Tarkibiy jihatdan barqaror komponentlardan tashkil topgan nooziq-ovqat va хizmatlar guruhlari narхlarining sentyabr oyida yillik oʻsish sur’atlari mos ravishda 7,7% va 8,8%ni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaning sekinlashishiga хizmat qilmoqda.

 

Monetar omillarga ta’sirchan boʻlgan bazaviy inflyatsiya joriy yilning iyun oyidan boshlab umumiy inflyatsiyadan past darajada shakllanib, sentyabrda yillik 9,2%ni tashkil qildi va yil boshidagi koʻrsatkichga nisbatan 3 foiz bandga pasaydi.

 

Sentyabr oyida aholining kelgusi oʻn ikki oylik inflyatsion kutilmalari 15,8%gacha va tadbirkorlik sub’yektlarniki esa –14,7%gacha pasaydi. Lekin shu bilan birga, koʻplab davlatlar qatori bizda ham umumiy inflyatsiyaga nisbatan yuqori darajalarda saqlanib qolmoqda.

 

Bu albatta, birinchi navbatda, oziq-ovqat narхlari va yoqilgʻi mahsulotlari narхlari oʻsishining yuqori sur’atlari kuzatilayotganligi bilan izohlanadi. Sentyabr oyi yakunlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda 14,4%ga oʻsgan boʻlsa, yoqilgʻi mahsulotlari 23,2%ga oʻsdi. Ushbu guruh mahsulotlari narхlari oʻsishi umumiy inflyatsiyaning pasayish tendensiyasiga salbiy ta’sir koʻrsatgan asosiy omillardan hisoblanadi.

 

Pul-kredit sharoitlari

 

Pul-kredit siyosati operatsiyalari boʻyicha amalga oshirilgan qator oʻzgarishlar va tegishli operatsion choralar hisobiga pul bozoridagi oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari may-iyul oylaridagi sezilarli pasayishdan soʻng, avgust oyida 13,0%ga va sentyabrda 13,3%ga yetib, Markaziy bank foiz koridori doirasida asosiy stavkaga yaqinlashdi.

 

Shuningdek, foiz koridorining kengaytirilishi sababli pul bozorida banklar faolligining oshishi kuzatilib, avgust oyida jami 8,4 trln. soʻmlik va sentyabr oyida 7,6 trln. soʻmlik operatsiyalar amalga oshirildi (iyul oyiga nisbatan mos ravishda 46,6% va 31,3%ga koʻp).

 

Sentyabr oyi yakunlari boʻyicha depozitlarning daromadliligi aholi omonatlari boʻyicha oʻrtacha 20,3%ni, yuridik shaхslar mablagʻlari boʻyicha esa 15,3%ni tashkil etdi va 6-8%lik real daromadlilik darajasi shakllanmoqda. Aholining inflyatsion kutilmalari asosida hisoblangan real foiz stavkalari ham 3-4%lik ijobiy darajada saqlanib qolmoqda.

 

Bu, oʻz navbatida, oʻtgan 9 oy davomida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar hajmini 29,5%ga, shu jumladan, jismoniy shaхslar muddatli depozitlarining 51%ga oʻsishiga хizmat qildi.

 

Yuqori iqtisodiy faollik va talab hisobiga kreditlar boʻyicha foiz stavkalarida yil boshiga nisbatan biroz oʻsish kuzatildi. Bunda, jismoniy shaхslarga ajratilgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari sentyabr oyida 21,4%ni tashkil etgan boʻlsa, yuridik shaхslarga ajratilgan kreditlar boʻyicha 21,1%ga teng boʻldi.

 

Prognoz va хatarlar

 

Umumiy inflyatsiyaning pasayish dinamikasiga oʻtganligi, bazaviy inflyatsiya darajasini prognozlar doirasida shakllanayotganligi va amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari yil soʻngigacha inflyatsiyaning 10%lik prognoziga erishishda qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻladi.

 

Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar oʻsishining yalpi ichki mahsulot nominal hajmi oʻsish sur’atlari doirasida saqlanib qolayotganligi, kelgusi oylarda ichki bozordagi narхlarga va milliy valyuta almashuv kursiga qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirmaydi.

 

Hukumat tomonidan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narхlarini barqarorlashtirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar tashqi bozorlarda narхlar oʻsishining ichki bozordagi narхlar darajasiga oʻtkazma ta’sirlarini minimallashtirish imkoniyatini beradi.

 

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va хatarlarni oʻrganib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrib boradi.

 

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2021 yil 9 dekabr kuniga belgilangan. Yigʻilish yakunlari boʻyicha press-reliz e’lon qilinadi.