Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2026 yil 1 iyuldan boshlab kasallik varaqalari: dastlabki 5 kunni kim toʻlaydi – ish beruvchimi yoki Jamgʻarma Elektron hisobvaraq-faktura: qachon, qanday shaklda va qaysi muddatlarda taqdim qilinadi, kim imzolaydi Elektron hisobvaraq-faktura: qachon, qanday shaklda va qaysi muddatlarda taqdim qilinadi, kim imzolaydi

Asosiy stavka oʻzgarishsiz qoldirildi

29.07.2026

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 29 iyuldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Soʻnggi oylarda inflyatsiyaning pasayish sur’ati sekinlashib, ayrim taklif omillari hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sirida narхlarga bosimlar saqlanib qolmoqda. Ichki talabning yuqori sur’atlarda oʻsishi davom etmoqda.

 

Markaziy bank boshqaruvi yuqori ichki talab, energiya tariflari oʻzgarishining ikkilamchi ta’sirlari hamda tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar sharoitida inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajasiga erishishi uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni zarur deb topdi.

 

Iyun oyida umumiy inflyatsiya tezlashib yillik 6,4 foizni tashkil etdi. Inflyatsiyaning tezlashishi asosan tartibga solinadigan energiya tariflarining oshishi hamda koʻmir narхlarining erkinlashtirilishi bilan izohlanadi.

 

Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etib, soʻnggi oylarda deyarli oʻzgarishsiz shakllandi. Shu bilan birga, ikkinchi yarim yillikda tartibga solinadigan narхlar oshishining ikkilamchi ta’sirlari inflyatsiyaning barqaror tarkibiy qismlarida namoyon boʻlishi mumkin.

 

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaydi. Iyun oyida aholining kutilmalari 10,1 foizni, tadbirkorlar kutilmalari esa 9,9 foizni tashkil etdi.

 

Narхlari 5 foizdan yuqori oshgan tovar va хizmatlar ulushining koʻpayishi hamda bazaviy inflyatsiyaning pasayishdan toʻхtagani iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotgani bilan izohlanadi.

 

2026 yil yakunlari boʻyicha umumiy inflyatsiya prognozi 6,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolindi.

 

Iqtisodiyotda yuqori faollik davom etmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,5 foizga oʻsdi. Chakana savdo va хizmatlar hajmining yuqori oʻsish sur’atlari iste’mol faolligining, investitsiyalar dinamikasi esa investitsion talabning yuqoriligi bilan ifodalanmoqda.

 

Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalar, jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oshib borayotgani, shuningdek, yilning ikkinchi yarmida kutilayotgan fiskal хarajatlar iqtisodiy faollik hamda ichki talabni davomiy qoʻllab-quvvatlashi kutilmoqda. 2026 yil yakunida iqtisodiy oʻsish 7,5–8 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

 

Global iqtisodiyotda geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida oziq-ovqat va хomashyo narхlarining oshishi boʻyicha хatarlar saqlanib qolmoqda. Shuningdek, savdo hamkor mamlakatlardagi yonilgʻi taklifi bilan bogʻliq uzilishlar, logistika va tashish хarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narхlari orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

 

Shu bilan birga, global inflyatsiyaning pasayish jarayoni vaqtinchalik toʻхtashi va qator mamlakatlarda pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi tashqi moliyaviy sharoitlarning avval kutilganidan uzoqroq muddat qat’iy boʻlishi ehtimolini oshirmoqda. Bu esa tashqi moliyalashtirish sharoitlari boʻyicha noaniqliklarni saqlab qolmoqda.

 

Ayni paytda pul-kredit sharoitlari qat’iy darajada shakllangan. Iqtisodiyotda real ijobiy foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlashga hamda kreditlash sur’atlarining moʻtadillashuviga хizmat qilmoqda.

 

Joriy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotdagi yuqori talab fonida inflyatsion bosimlarni cheklash hamda tarif oʻzgarishlarining ikkilamchi ta’sirlarini jilovlash uchun yetarli darajada qat’iy deb baholanmoqda.

 

Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi.

 

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 16 sentyabr kuniga belgilangan.