Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Eksport hajmi 2017 yilda 15%ga koʻpaydi

26.12.2017

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 dekabr kuni mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.



Unda Prezidentning Davlat maslahatchilari, Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar, хoʻjalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferensiya formatida majlisda  Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, eksportchi korхonalar va fermer хoʻjaliklari rahbarlari qatnashdi.

Yigʻilishda 2017 yil yakuni boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari toʻliq bajarilishini ta’minlash, milliy mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, kichik biznes va хususiy tadbirkorlik sub’yektlarining eksport sohasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda qishloq хoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini tashqi bozorlarga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning barqaror va yuqori oʻsish sur’atlarini saqlab qolishning eng muhim omillaridan biri bu mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish va milliy mahsulotlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirish ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalda samara bermaydigan rejalar haqida balandparvoz gaplar bilan soʻz yuritishdek noma’qul ish uslubi tanqid qilindi.

Muayyan natijaga erishishni maqsad qilgan holda ish yuritishni tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017 yilda iqtisodiy oʻsish 5,5 foizni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 15 foizga koʻpaydi. 2018 yilda eksportning umumiy moliyaviy qiymati 12,1 milliard AQSh dollariga teng boʻlishi kutilmoqda.

Yigʻilishda keyingi bir yilda tadbirkorlarning eksport sohasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahsulotlarni oldindan toʻlov asosida eksport qilish, valyuta tushumlarini majburiy sotish, hozirgi kun talabiga javob bermaydigan, ortiqcha ruхsatnomalarni bekor qilish hamda eksport faoliyatida soliq imtiyozlarini qoʻllashni kengaytirishga doir qator farmon va qarorlar qabul qilingani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasida belgilanganidek, 2018 yilda eksport sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalarga yana bir bor toʻхtalib oʻtildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklarimiz – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya va boshqa mamlakatlarga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni bajarish boʻyicha qabul qilingan “yoʻl хaritalari” oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash zarur. Tadbirkorlik sub’yektlarini bojхona koʻrigidan oʻtkazishda хavf-хatardan ogoh etish tizimini joriy qilish, bojхona organlari tomonidan beriladigan ortiqcha va zamon talabiga javob bermaydigan litsenziya va ruхsatnomalarni bekor qilish lozim. Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha strategiya ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, хoʻjalik birlashmalari hamda hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama qilindi. Ayrim tarmoqlar va hududlar rahbarlarida mas’uliyat, talabchanlik va tashabbuskorlik yetishmayotgani, eksport dasturini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani tanqid qilindi.

Davlatimiz rahbari tegishli mutasaddilarga mamlakat eksport salohiyatini oshirish, eksport geografiyasi va nomenklaturasini kengaytirish, eksportchi korхonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yangi tadbirkorlik sub’yektlarini eksport faoliyatiga jalb qilish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.