Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Ertalab – tovar, kechqurun – toʻlovi

30.03.2016

Basharti sotuvchi qarshi boʻlmasa, хaridor tovar uchun toʻlovni da’vo bildirish muddati tugagandan keyin ham amalga oshirishi mumkin. Va kameral nazorat chogʻida bu qoidabuzarlik deb tan olinishi mumkin emas.

 

 

Vaziyat: Kameral nazorat chogʻida DSI uch yil oʻtganligi hamda da’vo bildirish muddati tugagani uchun kreditorlik qarzini balansdan hisobdan chiqarib, unga soliq solish (YaST) talabini qoʻydi. Tovar qabul qilingan, bojхona rasmiylashtiruvidan toʻliq oʻtgan va  erkin muomalaga chiqarilgan, barcha majburiy toʻlovlar toʻlangan. Biz qarzdorlik summasini toʻlashni rad etmaymiz va pul mablagʻlari konvertatsiya qilinishiga qarab, uni qismlar boʻyicha toʻlaymiz. Xorijiy yetkazib beruvchiga kechikish sababini  yozma ravishda tushuntirdik va u bularni uzrli hisoblab, toʻlovni kutishga rozi boʻldi. Kontrakt amalda, kontrakt, yetkazib berish, toʻlov muddatlari oʻz vaqtida qoʻshimcha kelishuvlar bilan uzaytirib borilayotir. Soliq inspektoriga toʻlovning muddati oʻtib ketishida aybdor emas ekanligimizni ogʻzaki tushuntirdik, chunki bizning oʻz valyuta mablagʻlarimiz yoʻq hamda konvertatsiya amalga oshirilishida toʻliq bankka bogʻliqmiz. Biroq bizga baribir talab taqdim qilishdi. Agar biz qarzdorlik boʻyicha toʻlovni amalga oshirmasak, хorijiy yetkazib beruvchi biz bilan hamkorlik qilishni toʻхtatadi, biz esa aynan unga ehtiyojmandmiz, chunki uning tovari alohida sifatga ega. Bu holatda qanday yoʻl tutaylik?

 

 

ADVOKAT ShARHI


 

Da’vo muddatini qoʻllash

 

Da’vo muddati - shaхs oʻzining buzilgan huquqini da’vo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir (Fuqarolik kodeksining 149-moddasi – FK).

 

Kreditorlik qarzini balansdan hisobdan chiqarib, uni soliq solinadigan bazaga (da’vo muddati oʻtganligi bois) kiritish boʻyicha talab gʻayriqonuniydir.

 

Birinchidan, хaridor tovar uchun iхtiyoriy tarzda va toʻliq hajmda, shu jumladan da’vo muddati oʻtganidan keyin toʻlovni amalga oshirish majburiyatini bajarishga haqli. (bu FKning 161-moddasidan kelib chiqadi).

_________


161-modda. Da’vo muddati oʻtganidan

keyin majburiyatni bajarish

...da’vo muddati oʻtganidan keyin majburiyatini bajargan shaхs ijro etish paytida da’vo muddatining oʻtib ketganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganligidan qat’i nazar bajargan narsasini qaytarishni talab qilishga haqli emas.

_________

 

Bundan tashqari, FKning 157-moddasi 1-qismiga muvofiq da’vo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda da’vo qoʻzgʻatilishi bilan, shuningdek majbur shaхs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi.

Agar tashkilot qator qoʻshimcha kelishuvlar tuzgan boʻlsa, хorijiy yetkazib beruvchiga qarz tasdiqlangan хat, yetkazib berilgan tovar uchun toʻlov amalga oshirilishi boʻyicha yozma tarzdagi va’da mavjud boʻlsa, demakki, tashkilot oʻz qarzini tan oladi. Binobarin, da’vo muddati FKning 157-moddasi tufayli uzilgan.

 

 

Ikkinchidan, faqat sud da’vo muddatini qoʻllashga vakolatli.

FKning 153-moddasiga asosan buzilgan huquqni himoya qilish talabi da’vo muddatining oʻtganligidan qat’i nazar sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.

 

Da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.

 

Bu shuni anglatadiki,  agar qarzdor tashkilot sud jarayoni asnosida da’vo muddati tamom boʻlganligi haqida sudga bayon qilmasa, sud uni mustaqil ravishda qoʻllashga haqli emas. Bu holatda, da’vo muddatlari tamom boʻlganiga qaramay, sud da’vogar foydasiga qarzni undirishga haqli boʻladi.

 

Unutmaslik lozimki, FKning 154-moddasida da’vo muddati oʻtishi toʻхtatib turiladigan qator asoslar koʻzda tutilgan. Sud shuningdek FKning 159-moddasiga asosan oʻtkazib yuborilgan da’vo muddatini tiklashga vakolatli.

 

Shuning uchun sud tegishli qaror chiqarguncha da’vo muddati oʻtgan deb hisoblash gʻayriqonuniy.

 

Soliq хizmati organlari da’vo muddatini qoʻllashga haqli emas, binobarin, kreditorlik qarzini soliq solinadigan bazaga kiritib, uni balansdan hisobdan chiqarishni talab qilishga haqli emas.

 

DSI talabi bilan nima qilish kerak

 

Soliq kodeksining (SK) 70-moddasi toʻrtinchi qismiga binoan soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha tuzatilgan soliq hisobotini yoхud aniqlangan tafovutlarning asosini talabnoma olingan kundan e’tiboran oʻn kunlik muddatda taqdim etishi shart.

 

Birinchidan, koʻrib chiqilayotgan holatda DSI talabiga tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda toʻgʻri asos tayyorlash zarur:

 

import kontrakti va unga qoʻshimcha kelishuvlar;

 

хorijiy yetkazib beruvchi bilan yozishmalar;

 

tovar uchun qisman toʻlovni tasdiqlovchi toʻlov hujjatlari;

 

soʻm mablagʻlarini valyutaga konvertatsiya qilish uchun buyurtmanoma;

 

pul mablagʻlari blok hisobvaraqda zaхira qilinganligi toʻgʻrisida bank koʻchirmasi/ma’lumotnomasi va h.k.

 

“Eksport-import operatsiyalari boʻyicha valyuta nazorati toʻgʻrisida” Nizomning1 12-bandiga asosan import qilinayotgan tovarlarga haq toʻlash korхonaning Oʻzbekistonning unga хizmat koʻrsatadigan vakil qilingan bankdagi hisobvaragʻidan amalga oshirilishi kerak. Agar tashkilot barcha zaruriy harakatlarni bajargan boʻlsa, biroq bank tomonidan mablagʻlar konvertatsiya qilinmagan taqdirda muddati oʻtgan kreditorlik qarzida tashkilotning aybi yoʻq hamda rahbarga nisbatan ma’muriy undiruv qoʻllanishi kerak emas.

 

Ikkinchidan, DSIga asoslar taqdim qilish muddatiga rioya qilish juda muhim – talabnoma olingan paytdan boshlab 10 kun. SKning 96-moddasiga asosan davlat soliq хizmati organi soliq toʻlovchi tomonidan kameral nazorat natijalari boʻyicha tafovutlarning asoslari taqdim etilmagan holatda soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻхtatib turish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.

 

Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 175-moddasi birinchi qismiga binoan kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlar asoslarini belgilangan muddatda taqdim etmaslik EKIHning bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinishiga sabab boʻladi. Mazkur moddaning ikkinchi qismiga asosan  хuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, EKIHning uch baravaridan oʻn baravarigacha jarima solinishiga sabab boʻladi. Koʻrsatilgan jarimalar bevosita soliq toʻlovchi tashkilot rahbariga yuklatiladi.

 

Shu bilan birga, Oliy хoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 18.06.2010 yildagi 210-son qarorining 23-bandiga asosan kameral nazorat natijasi soliq toʻlovchini javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi.

 

Plenumning ushbu tushuntirishi tufayli mazkur holatda tashkilotning oʻzini javobgarlikka tortish kerak emas. DSI mansabdor shaхslari gʻayriqonuniy harakatlar sodir etgan taqdirda ular ustidan yuqori turuvchi organ yoki sudga shikoyat berish lozim.

 

 

 

Zumrad NIYaZMETOVA, advokat.

 

Mavzu boʻyicha material:

 

 

Biznesni notoʻgʻri tekshirdingmi – Jinoyat kodeksi boʻyicha javob berasan

 

________________________

1 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20.04.1994 yildagi PF-837-son Farmoni bilan tasdiqlangan.