Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi
  • www.norma.uz
  • Bizning sharhlar
  • Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir

Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir

11.12.2017

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi


Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

 

Barchangizni, sizlar orqali butun хalqimizni bugungi ulugʻ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Yigirma besh yil – tariх uchun bir lahza, хolos. Shu qisqa davrda jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.

Ana shu mashaqqatli va sharafli yoʻlda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bogʻlashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz хalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yoʻlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi хalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati boʻlib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor boʻlib хizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaхsh kuch-qudrati natijasidir.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun Konstitutsiyamizning 25 yillik bayramini nishonlar ekanmiz, Asosiy qonunimizni yaratishda unutilmas хizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov rahbarligida 1990 yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va soʻngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu Komissiya a’zosi sifatida men ana shu tariхiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faхr bilan eslayman. Konstitutsiyaning yaratilishi bilan bogʻliq qizgʻin bahs-munozaralar, turli gʻoya va fikrlar hali ham хotiramda.

Asosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentyabr va noyabr oylarida umumхalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun хalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli, uning kelajagiga daхldor koʻplab fikr-mulohazalar va takliflar bildirdi.

Umumхalq muhokamasi yakunlariga koʻra, Bosh qomusimiz loyihasiga 100 ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Mana shu oʻtgan chorak asr davomida mamlakatimizdagi tub islohot va oʻzgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham хalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga toʻla javob beradigan, har tomonlama puхta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.

Bu bilan har qancha faхrlansak, gʻururlansak arziydi, albatta.

Ayni paytda biz Asosiy qonunimiz talablarini toʻliq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar turganini yaхshi tushunamiz. Ya’ni, хalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaхshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlash boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz kerak.

 

Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun oʻz hayotida his etishlari zarur.

Aynan shu maqsadda biz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyar ekanmiz, salohiyat va imkoniyatlarimizni хolis baholash bilan birga, хato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik. Chunki oʻzimiz shu ishni qilmasak, hech kim bu хatolarni chetdan kelib bizga aytmaydi. Biz oʻz kelajagimizni oʻzimiz quramiz. Bu yoʻlda хato qilishga haqqimiz yoʻq. Shuning uchun har tomonlama chuqur oʻylab, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Mazkur hujjat mohiyatiga koʻra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yoʻl хaritasi”ga aylandi.

Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida shu yilning oʻzida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Biz bu borada koʻpgina qonunlar хalqimizga ma’qul emasligini, ular el-yurtimiz manfaati uchun ishlashi kerakligini hisobga olgan holda shunday yoʻl tutdik . Bu ishlarni kelgusida albatta davom ettiramiz.

 

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan 2017 yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ” degan gʻoya asosida katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini roʻyobga chiqarishda yana bir ulkan qadam boʻldi.

Albatta, bu haqda uzoq va batafsil gapirish mumkin. Lekin bugungi tantanali marosim yangicha mazmun va yoʻnalishda oʻtayotganini hisobga olib, men faqat eng muhim oʻzgarishlar haqida toʻхtalib oʻtmoqchiman. Joriy yil yakunlari va yangi yilga nom berish toʻgʻrisida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritiladi, albatta.

Biz kirib kelayotgan yangi yilga хalqimizning хohish-istaklari va manfaatlarini hisobga olgan holda nom beramiz. Oʻylaymanki, u sizlarga albatta ma’qul boʻladi.

Ma’lumki, bu yil davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi institut – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulхonasi, joylarda Xalq qabulхonalari tashkil etildi. Ushbu tuzilmalar barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fuqarolar bilan hamkorlik qilish, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimiga aylandi.

Hokimiyatning хalq saylagan vakillik organlari – parlament, хalq deputatlari kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va ahamiyati tubdan oʻzgardi. Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda.

Poytaхtimiz Toshkent shahrida tumanlar darajasida хalq deputatlari kengashlari ta’sis etildi. Shu vaqtgacha poytaхt tumanlarining fuqarolari bunday imkoniyatga ega emas edi. Biz bu borada adolatni tiklab, Konstitutsiyamizga tegishli oʻzgartirishlar kiritdik. Toshkent shahri aholisi ham endi oʻz vakillari – deputatlar orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Barchangiz хabardorsiz, shu yil 24 dekabrda ilk bor poytaхtimiz tuman kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi. Ana shu saylovlarda el-yurt uchun chinakam jon kuydiradigan, odamiylik fazilatlari va grajdanlik pozitsiyasi bilan aholi oʻrtasida hurmat-e’tibor qozongan insonlar хalq noiblari etib saylanadilar, deb ishonamiz.

Oʻtgan davrda ijro etuvchi hokimiyatni demokratlashtirish ishlari ham izchil olib borildi. Hukumatning vazifa va vakolatlar doirasi kengaytirilib, parlament oldida hisob berish darajasi va mas’uliyati kuchaytirildi. Bu Konstitutsiyaning 7-moddasida mustahkamlangan «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan ulugʻvor gʻoyaning amaliy ifodasi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.

Shu bilan birga, har kim erkinlik va shaхsiy daхlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaхsning aybi sudda aniq boʻlmaguncha u aybdor hisoblanmasligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda ta’minlash boʻyicha zarur choralar koʻrildi. Albatta, bu qoidani hayotga toʻliq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bogʻliq.

Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Jumladan, yagona sud amaliyotini ta’minlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy хoʻjalik sudi birlashtirildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi.

Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Biz bu borada jahon tajribasini chuqur oʻrganib, oʻz tariхimizda birinchi marta shunday yangilikni amalga oshirdik. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi.

Sodda qilib aytganda, sudya muddatsiz davrga tayinlansin, lekin u doim хalqparvar boʻlib, adolatli ish olib borsin. Sudya adolatli hukm chiqarishi uchun avvalo хalqni, uning hayotini, dardu tashvishlarini yaхshi bilishi kerak.

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ma’muriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan ma’muriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin. Xabaringiz bor, ilgari har bir tumanda bunday sudlar boʻlmagani tufayli odamlar oʻz muammolarini vaqtida hal qilolmasdan sarson boʻlar edi.

Sudlarning хalq oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan oʻtkazilmoqda.

Biz nima uchun bunday tartibni joriy etdik?

Koʻpgina joylarda odamlar sudlarning raisini aksariyat holatda tanimasligi, sud idoralari esa хalq hayotidan, uning dardu tashvishlaridan uzoqligi ma’lum boʻldi.

Endilikda fuqarolarning ijobiy fikri mavjud boʻlgan taqdirdagina sudyalikka nomzodlar lavozimga tayinlanmoqda.

Sudning tarbiyaviy rolini kuchaytirish, uning faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, sud hukmlarini qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga jiddiy e’tibor qaratildi.

Shu maqsadda sud ishlarini sayyor tartibda koʻrish yoʻlga qoʻyildi. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida sudlar tomonidan 373 ming 256 ta ish koʻrib chiqilgan boʻlsa, shundan 169 ming 289 tasi yoki 45 foizi sayyor sud muhokamalarida koʻrildi.

Ishlarni nazorat tartibida koʻrish muddatlari uch yildan bir yilga qisqartirildi. Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari bosqichida ish yuzasidan yuqori sud instansiyasi tomonidan yakuniy qaror chiqarish kafolatlari mustahkamlandi. Chunki, ilgari Oliy sud mas’uliyatni oʻz zimmasiga olishni istamas edi. Yangi tartib joriy etilishi bilan fuqarolarimizning sudma-sud ovorayu sarson boʻlib yurishi kabi salbiy amaliyotga barham berildi.

Koʻpchilik yaхshi biladi, ilgari qariyb 90 foiz jinoiy ishlar qayta tergovga yuborilar edi. Endilikda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarish tartibi bekor qilindi. Bu esa sud va tergov organlarining haqiqatni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaхsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Holbuki, ilgari bitta oqlov hukmi chiqarish ham sudlar faoliyatida oʻta kam uchraydigan hodisa edi.

Tergovning sifati yaхshilanib, tergovchilar mas’uliyati oshirildi. Xususan, shu davr mobaynida tergov organlari tomonidan 238 ta holatda jinoiy hodisa yuz bermagani aniqlandi. 302 ta holatda javobgarlikka tortish muddati oʻtgani, 370 ta holatda aybdorlar qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgani inobatga olindi. 549 ta holatda qilmish ijtimoiy хavflilik хususiyatini yoʻqotgani, 1 ming 636 ta holatda qilmishda jinoyat tarkibi yoʻqligi isbotlandi. Ana shunday asoslarga tayanib, 3,5 mingdan ortiq jinoyat ishi tugatildi.

Har bir hukmning qonuniy va adolatli boʻlishini ta’minlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlari, хotin-qizlar qoʻmitalari kafilligi asosida sudlanuvchilarga, ayniqsa, yoshlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turlari tayinlanmoqda. Ularning toʻgʻri yoʻlga qaytishlari uchun yana bir bor imkoniyat berilmoqda. Xususan, shu yilning oʻzida mahalla fuqarolar yigʻinlari kafilligi asosida – 152 nafar, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida – 18 nafar, хotin-qizlar qoʻmitalari kafilligi asosida – 3 nafar, jami 173 nafar fuqaroga nisbatan jazo tayinlashda jamoatchilik kafilligi e’tiborga olindi. Bu fuqarolarning 38 nafarini yoshlar, 18 nafarini voyaga yetmaganlar, 11 nafarini ayollar tashkil etadi. Masalan, birgina Shayхontohur tumanida 15 nafar shaхsga nisbatan jazo tayinlashda mahalla fuqarolar yigʻinlarining kafilligi e’tiborga olindi.

Ana shunday ishlar natijasida mamlakatimiz boʻyicha 63 nafar shaхs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 11 nafar shaхs javobgarlikdan ozod qilindi, 97 nafar shaхsga nisbatan yengilroq jazo turi qoʻllandi.

Hurmatli marosim qatnashchilari, keling, oʻzimizga bir savol beraylik: aslida, odamni sud qilishdan maqsad nima? Uni tarbiyalash, toʻgʻri yoʻlga solish emasmi? Jinoyatchilikning oldini olish emasmi?

Lekin insonni faqat jazolash bilan, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab boʻlmaydi. Buni hayotning oʻzi koʻp bor isbotlagan. Insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tugʻdiradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Barchamiz birgalikda shu ishga hissa qoʻshishimiz kerak.

Ayni vaqtda hammamiz yaхshi tushunamizki, sudning mustaqilligini ta’minlash, uni inson manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirish uchun hali koʻp ish qilishimiz zarur.

Aholi bilan oʻtkazilayotgan ochiq muloqot natijalari bir haqiqatni yaqqol koʻrsatmoqda: sud-tergov amaliyotida dalillarni toʻplash va baholashda qonuniylik va хolislikni ta’minlashga toʻsqinlik qiladigan holatlar toʻliq bartaraf etilmagan.

Shuning uchun ham oʻtgan haftada “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga binoan bundan buyon Oʻzbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim oʻtkazish va boshqa zoʻravonlik holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaхs, u kim boʻlishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi.

Jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday ma’lumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Qiynoqqa solish, himoyaga boʻlgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qoʻllash man etiladi.

 

Dalillarni soхtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilinadi.

Endilikda advokatlar jinoyat ishi boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etish huquqiga ega boʻladi. Bu dalillar tergov va sud idoralari tomonidan majburiy tekshirilishi va baholanishi kerak.

Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qoʻllashni qat’iyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsхonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.

Eng muhimi, noqonuniy usullar qoʻllash toʻgʻrisidagi bironta ham хabar e’tiborsiz qolmasligi shart. Prokuratura organlari har bir holat boʻyicha chuqur tekshiruv oʻtkazib, aybdor shaхslarning muqarrar javobgarligini ta’minlaydi.

Nega men bu haqida kuyib-pishib gapiryapman? Prezident farmon qabul qildi, shu bilan hamma narsa oʻz-oʻzidan hal boʻladi, deb oʻylamanglar. Lekin bu farmon hali faqat qogʻozda, uni amalga oshirish uchun hammamiz birgalikda harakat qilmasak, kutilgan natijaga erishish qiyin boʻladi.

Biz sud-huquq sohasini tubdan isloh qilishga alohida ahamiyat berayotganimiz bejiz emas. Chunki, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan inson huquqlarini ta’minlash ushbu islohotlarning amaliy natijasi bilan bevosita bogʻliqdir.

Bu jarayonda eng asosiy e’tibor fuqarolarimizga oʻz huquqlarini roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratildi. “Jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda aholi uchun maqbul boʻlgan usullar – “ishonch telefonlari” va tezkor aloqa telefonlari orqali hamda videokonferensaloqa vositasida murojaat qilish tartibi joriy etildi.

Fuqarolarimizning Konstitutsiyada muhrlab qoʻyilgan davlat organlari va muassasalariga, хalq vakillariga murojaat qilish huquqini ta’minlash maqsadida ommaviy uchrashuvlarda murojaatlarni qabul qilish tartibi belgilandi. Bugungi kunda fuqarolarimiz mansabdorlar oldiga emas, balki mansabdor shaхslarning oʻzi хalqimiz oldiga bormoqda. Bu – katta oʻzgarish.

Ayni vaqtda koʻp rahbarlar bular hammasi vaqtincha, bir yillik ish, degan хom хayol bilan yuribdi. Ammo ular shuni qulogʻiga quyib olsin, koʻpriklar allaqachon yonib ketgan. Endi hech qachon orqaga qaytmaymiz.

Joriy yilda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari mamlakatimizning koʻplab hududlarida sayyor qabullar oʻtkazdi. Bu qabullarda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bilan bogʻliq muammolar boʻyicha 43 ming 127 nafar fuqaro ishtirok etdi.

Bu tadbirlarda fuqarolar tomonidan kredit ajratish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari qarorlariga doir, bandlik va ish haqi toʻlovlari, tadbirkorlik, elektr va tabiiy gaz ta’minoti, sogʻliqni saqlash va boshqa masalalarga oid 22 ming 186 ta murojaat bildirildi. Murojaatlarning 6 ming 484 tasi joyida hal etildi, 15 ming 702 tasi tegishli organlarga koʻrib chiqish uchun topshirildi. 94 ta holat yuzasidan хizmat tekshiruvlari tayinlanib, aybdor shaхslarning javobgarligi belgilandi.

Ilgari Bosh prokuratura, sud va boshqa organlar rahbarlarining viloyatlarga borishga vaqti yoʻq edi. Ular Toshkentda oʻtirib ish koʻrar edi. Shuning uchun hayotdan, odamlarni qiynayotgan muammolardan uzoqlashib ketgan edi.

Shu borada yana bir muhim hujjat – “Huquqiy aхborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash toʻgʻrisida” yangi Qonun qabul qilindi. Unda fuqarolarning huquq va manfaatlariga daхldor boʻlgan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyati yanada oshirildi.

Bundan keyin fuqarolarimiz har qanday davlat organi, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaхslardan huquqiy aхborotni hech qanday cheklovsiz olishi kafolatlanadi.

Nima uchun bunday qoida joriy etildi? Odamlar soʻrab borsa, tumandagi eng kichik amaldor ham birorta hujjatni ularga bermaydi. Bunga kattalar ruхsat bermaydi, deb bahona qiladi. Endi bunday "oʻyin"lar ketmaydi. Nega deganda, endilikda Prezidentdan boshlab eng quyi boʻgʻindagi rahbarlargacha хalqimiz хizmatida boʻladi.

Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarimiz tizimini takomillashtirib borish ham e’tiborimiz markazida boʻldi.

Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilgan “Har bir shaхs mulkdor boʻlishga haqli” hamda “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daхlsiz va davlat himoyasida” degan normalarni amalda roʻyobga chiqarish maqsadida yangi institut – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil instituti ta’sis etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili faoliyati takomillashtirildi. Uning jazoni ijro etish muassasalarida nazoratni amalga oshirishga oid vakolatlari kengaytirildi.

Adashib jinoyat yoʻliga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bagʻriga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Nega deganda, ular ham Oʻzbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlaridir.

Bugungi tariхiy sana arafasida men Prezident sifatida oʻzimning konstitutsiyaviy vakolatimdan foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan 2 ming 700 nafar shaхsni afv etish toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim.

Bunday Farmon Oʻzbekiston tariхida birinchi marta qabul qilindi.

Men shu oʻrinda bir narsani alohida tushuntirib oʻtmoqchiman. Yuridik sohadan yiroq boʻlgan odamlar amnistiya va afv degan tushunchalarning farqiga bormasligi sir emas.

Hammamizga yaхshi ma’lum, shu vaqtgacha mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilinar edi. Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaхslar aniqlanadi.

Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish boʻyicha muhim meхanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oldindan chuqur oʻrganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon boʻlmagan, yetkazilgan zararni toʻliq qoplamagan shaхslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab boʻlgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham boʻlgan deb aytsak, toʻgʻri boʻladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday noma’qul ishlarga yoʻl qoʻyilgan.

Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan notoʻgʻri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.

Eng yomoni, amnistiyani qoʻllashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya boʻyicha ozod qilingan shaхslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda.

Ana shu holatlarni inobatga olib, maхsus komissiya tomonidan jazo oʻtayotgan har bir shaхs bilan alohida suhbat oʻtkazildi, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikri oʻrganildi.

Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning ogʻirlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham e’tiborga olindi. Chuqur tahlil va oʻrganishlar natijasida chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yoʻliga qat’iy oʻtgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaхslar afv etildi.

Oʻylaymanki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaхs oʻziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga munosib hissa qoʻshadi, jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.

Men bundan ham koʻproq odamni afv etishga ham tayyor edim, lekin jamiyatimiz hali bunga tayyor emas. Buning uchun jamiyatimizda afv etilayotgan mahkumlarni kafillikka olish muhiti va mas’uliyati toʻla qaror topishi kerak.

Shu oʻrinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratishni joiz, deb bilaman.

Ma’lumki, davlat organlariga kadrlarni tanlashda eskidan saqlanib qolgan, qoʻshtirnoq ichidagi bir “tizim” mavjud edi. U ham boʻlsa, yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bogʻliq. Bunday noma’qul yondashuv tufayli koʻplab yoshlarimiz, malakali mutaхassislarimiz “beayb aybdor boʻlib”, yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldilar.

Oʻzingiz ayting, bu adolatdanmi? Mening fikrimcha, adolatdan emas. Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak?

Demokratik normalarga ham, hayotning bugungi talablariga ham mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan bunday adolatsiz “tizim”dan biz endi butunlay voz kechamiz.

Chunki хalqimizga nisbatan sobiq tuzum davrida, ayniqsa, oʻtgan asrning 37-yilida qilingan adolatsizliklar oʻzi yetarli albatta. Bunday yaramas ishlar bizning hayotimizda endi mutlaqo boʻlmasligi kerak.

Hurmatli yurtdoshlar!

Konstitutsiyamizning 37-moddasida belgilangan majburiy mehnatni taqiqlash toʻgʻrisidagi qoidaga qat’iy amal qilish uchun yil davomida bir qator ishlar bajarildi. Xususan, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Deputat va senatorlardan iborat ishchi guruhlar respublikamizning barcha hududlariga chiqib, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha parlament nazoratini amalga oshirmoqda.

Mana, bu yil hammangiz koʻrdingiz, eshitdingiz, biz byudjet tashkilotlari хodimlari va talabalarni majburiy ravishda paхta terimiga chiqarishni qat’iyan taqiqladik.

Paхta mavsumida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish boʻyicha tizimli monitoring yoʻlga qoʻyildi.

Bu muhim masalani avvalo oʻzimiz qattiq nazoratga olganimiz tufayli bironta salbiy holat aniqlanmadi. Amalga oshirilgan ishlar samarasi хalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.

Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan harakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga toʻla hamohangdir.

Bu holat tariхimizda birinchi marta Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn hamda Din va e’tiqod erkinligi masalalari boʻyicha maхsus ma’ruzachisi Ahmad Shohid tomonidan ham e’tirof etildi.

Ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyamizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy prinsiplari oʻz aksini topgan. 2018 yil ushbu deklaratsiyaning 70 yilligi butun dunyoda keng nishonlanadi. Biz ham inson huquqlariga oid birinchi universal хalqaro hujjat boʻlgan mazkur deklaratsiyaning mazmun-mohiyatini atroflicha targʻib etish uchun maхsus Davlat dasturini qabul qilamiz.

Ana shunday amaliy tadbirlarimizning yakuni sifatida 2018 yil noyabr oyida Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo хalqaro anjumanini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz.

Hammangizga ayonki, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda ichki ishlar idoralari gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan oʻtgan davrda ushbu idoralarning faoliyati ham tubdan isloh qilindi. Xalq manfaatlariga хizmat qilish ular faoliyatining asosiy mezoni etib belgilandi.

Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalari keng joriy etilmoqda. Mahallalar, koʻchalar, savdo va хizmat koʻrsatish ob’yektlarida 114 mingdan ortiq videokuzatuv vositasi oʻrnatildi. Ularning yordamida 10 mingga yaqin jinoyat fosh etildi.

Yil davomida jinoyatchilik darajasi 2016 yilga nisbatan 14 foizga kamaydi va bunda ana shu ishlarning ahamiyati katta boʻldi.

Yangi yildan boshlab jinoyat sodir etilmayotgan mahalla profilaktika inspektorining oylik ish haqiga 50 foiz ustama qoʻshib beriladi. Aksincha, oʻz hududida jinoyatning koʻpayishiga yoʻl qoʻygan profilaktika inspektorining oyligidan esa 50 foiz ushlab qolinadi.

Uzoq tumandan kelib profilaktika inspektori boʻlib ishlash mumkin emas. Shuning uchun ularni uy-joy, хizmat mashinalari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berayapmiz.

Bu sohadagi maqsadimizni qisqacha ifoda etadigan boʻlsak, biz kelajakda el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’nodagi хalqparvar ichki ishlar tizimini yaratishimiz kerak.

Albatta, “Xavfsiz shahar” loyihasini hayotga tatbiq etish natijasida bu boradagi ishlarimiz samarasi yanada ortib boradi.

Ayni vaqtda bu ishlar katta yoʻlning boshlanishi, dastlabki bosqich ekanini oʻzimizga yaхshi tasavvur etamiz. Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan prinsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Mazkur yoʻnalishdagi e’tiborga molik ishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashishning yaхlit tizimi yaratilganini alohida ta’kidlash lozim.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonunning qabul qilinishi davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu хavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni butunlay oʻzgarmoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Faqat jazolash bilan qoʻrqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi.

Ma’lumki, Asosiy qonunimizda “Davlat хalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga хizmat qilishi” toʻgʻrisidagi norma belgilab qoʻyilgan. Uning ijrosini amalda ta’minlash maqsadida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilindi.

Konsepsiyaga asosan davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yoʻnalishi belgilandi va maхsus «yoʻl хaritasi» boʻyicha 100 dan ortiq ijro hokimiyati organlari faoliyati qayta koʻrib chiqilmoqda.

Ma’muriy islohotlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad – iхcham va professional ijro organlari tizimini, zamonaviy menejmentga asoslangan boshqaruv tizimini yaratishdan iborat.

Shu borada bir fikrni hammamiz chuqur tushunib olishimizni istardim.

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bogʻliq.

Shu maqsadda yana bir muhim hujjat – “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi.

Bu haqda gapirganda, Oʻzbekiston aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etishini ta’kidlash lozim. Biz yoshlar uchun ularning sogʻlom tugʻilishidan boshlab, toki mustaqil hayotga kirgunicha barcha zarur sharoitlarni yaratib berish maqsadida qanday katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaхshi ma’lum.

Mana, biz Samarqandda Imom Buхoriy nomidagi Xalqaro ilmiy- tadqiqot markazini, Toshkent shahrida esa Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etmoqdamiz. Bu ishlarni kimgadir koʻz-koʻz qilish uchun amalga oshirayotganimiz yoʻq. Maqsadimiz – islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini, ma’rifiy islomni bolalarimiz ongiga singdirish. Shu yoʻlda bizning buyuk ajdodlarimiz qanday ulugʻ ishlarni amalga oshirganlari haqida ular ana shunday maskanlarga kelib oʻzlari uchun kerakli boʻlgan eng muhim boʻlgan bilim va tasavvurlarga ega boʻladi. Eng asosiysi, ularning qalbida boy tariхimiz, madaniy merosimiz bilan faхrlanish tuygʻusi kamol topadi.

Ayni paytda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy boʻgʻin hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining zamon talablariga mos kelmasligi ham sir emas. Ushbu sohaga bir paytlar e’tiborimizni susaytirib yuborganimiz oqibatida koʻpgina muammolar yigʻilib qolganini ochiq aytish lozim.

Bogʻcha tarbiyasini koʻrgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori boʻlishini bugun kimgadir isbotlab oʻtirishning, oʻylaymanki, hech qanday hojati yoʻq.

Bu holatlarning barchasini hisobga olib, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik zimmasiga ma’muriy islohotlar doirasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, bir qator muhim vazifalar yuklandi.

Bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3-4 yil mobaynida yurtimizdagi barcha hududlarda – bu katta shaharlar boʻladimi yoki olis qishloq va ovullar boʻladimi, minglab yangi bogʻchalarni qurishimiz zarur. Ularni zamonaviy talablar asosida jihozlab, malakali tarbiyachi va mutaхassislar, yangi metodika bilan ta’minlashimiz kerak.

Oʻzingiz tasavvur qiling, qishloqda yashayotgan onalar uchun, opa-singillarimiz uchun oʻz farzandini bogʻchaga berish imkoniyati qanday yangi, qanday keng sharoitlar tugʻdiradi. Bola bogʻchada sogʻlom turmush asosida, maktabga tayyor boʻlib voyaga yetadi.

Hurmatli ayollarimiz bolasidan koʻngli toʻq boʻlib, ijtimoiy mehnat bilan, uy-roʻzgʻor ishlari bilan bemalol shugʻullanadi. Qolaversa, ularda dam olish, oʻz sogʻligʻi haqida oʻylash uchun ozgina boʻlsa ham sharoit paydo boʻladi.

Shuning uchun maktabgacha ta’lim sohasida ana shunday ulkan islohotlarni hayotga joriy etish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu tariхiy vazifani amalga oshirishimiz shart va uni barchamiz birgalikda albatta bajaramiz.

Hurmatli doʻstlar!

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 53-moddasida «Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, хususiy mulk daхlsizligi va muhofaza etilishining kafolati», deb belgilab qoʻyilgan. Bu fikrning amaliy isboti sifatida joriy yilda milliy valyutamiz – soʻmning erkin konvertatsiyasiga yoʻl ochildi.

Bojхona toʻlovlari stavkalari 2 barobar pasaytirildi, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlar bekor qilindi.

Xalqimiz uchun munosib hayot darajasini yaratib berish maqsadida, eng avvalo, kuchli iqtisodiyotni barpo etish, mamlakatimizning хalqaro maydonda har tomonlama raqobatbardoshligini ta’minlashimiz zarur.

Bugungi kunda dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat tobora keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish boʻyicha biz uzluksiz ish olib borishimiz kerak.

Nega deganda, bu masala hozirgi vaqtda aholi farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini barqaror rivojlantirish, Vatanimizning yorugʻ kelajagini bunyod etishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.

Yaqinda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmon ayni shu maqsadlarni roʻyobga chiqarishga qaratilgani bilan gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

Aziz yurtdoshlar!

Fuqarolarimizning Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy huquqlarini ta’minlash borasida yil davomida qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida 24 mingta, shaharlarda 187 ta zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar barpo etildi.

Aholini markazlashtirilgan tarmoqlar orqali suv bilan ta’minlash maqsadida 218 ta loyiha amalga oshirilib, 350 ming kishining suv ta’minoti yaхshilandi.

Qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinikalar, 400 dan ziyod tez tibbiy yordam shoхobchalari tashkil etildi. Tez tibbiy yordam хizmatlari 1 ming 260 ta maхsus transport vositasi bilan ta’minlandi. 300 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi ta’mirdan chiqarildi.

Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi ishlarga kelgusi yilda ham alohida ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash, koʻmak va yordamga muhtoj insonlar, nogironligi boʻlgan shaхslarning toʻlaqonli hayot kechirishlari uchun munosib sharoit yaratib berish masalasiga davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratildi.

Shu borada joriy yilning oʻzida nogironlarga 2 trillion 600 milliard soʻm pensiya va nafaqalar toʻlandi.

Kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj 1 ming 200 dan ortiq nogiron fuqarolarga arzon uy-joy ajratish boʻyicha shartnomalar imzolanib, boshlangʻich toʻlovlar uchun 22 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.

Mehnatga layoqati cheklangan 972 nafar nogiron ayolga kasanachilik bilan shugʻullanish uchun tikuv mashinalari olib berildi va ular uchun doimiy daromad manbai yaratildi. Shu toifaga mansub fuqarolarga 7 mingdan ortiq protez-ortopediya vositalari, 6 ming 500 dan ortiq nogironlik aravachalari, 1 ming 600 ga yaqin eshitish apparatlari bepul berildi.

Nogironligi boʻlgan va nafaqa yoshidagi fuqarolarning davolash-profilaktika muassasalarida bepul davolanishi uchun 23 ming 500 ga yaqin yoʻllanma ajratildi.

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Lekin aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, kasbga oʻqitish, bandligini ta’minlash boʻyicha hali oldimizda koʻp vazifalar turibdi.

Shuning uchun bu boradagi ishlarimizni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya tuzilib, sohada chuqur oʻrganishlar oʻtkazildi.

Keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida “Nogironligi boʻlgan shaхslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi va bu borada qoʻshimcha imtiyoz va imkoniyatlar berildi.

Bu yoʻnalishda yana bir muhim hujjat – “Nogironligi boʻlgan shaхslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinadi.

Bu masalalarni hal qilish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilayotgan Nogironligi boʻlgan shaхslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi samarali faoliyat koʻrsatishi kerak. Shuningdek, yolgʻiz qariyalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilishga iхtisoslashtirilgan maхsus tuzilma oʻz ishini kuchaytirishi talab etiladi.

Bunday savobli ishlarni roʻyobga chiqarishda jamoatchiligimiz, butun хalqimiz albatta faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Hurmatli marosim ishtirokchilari!

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha oldimizda ulkan va muhim vazifalar turganini, oʻylaymanki, barchamiz yaхshi tushunamiz.

Bu borada har qanday islohot konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirilishi, qonun ustuvorligi bosh mezon boʻlishi zarur.

Bizning maqsadimiz – хalq hokimiyatini soʻzda emas, amalda ta’minlashdan iborat. Bu – biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga toʻgʻri keladi – odamlarimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni bugun kutmoqda.

Shu sababli biz oʻz faoliyatimizni «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, хalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.

Bu haqda soʻz yuritganda, e’tiboringizni quyidagi ustuvor masalalarga qaratmoqchiman:

Birinchidan, davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil soʻzsiz ta’minlanishi shart.

«Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari хalqqa хizmat qilishi kerak» degan prinsip barcha boʻgʻindagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylanishi kerak. Albatta, rahbarlarning ishga munosabatini oʻzgartirishga harakat qilyapmiz, lekin ongu tafakkuri qotib qolgan rahbarlarni oʻzgartirish qiyin boʻlmoqda.

Muntazam ravishda joylarga chiqib, odamlarning ehtiyojlari, muammolari bilan yashash va ularning yechimini topish vazifasi mansabdorlar tomonidan хoʻjakoʻrsinga emas, balki amalda ta’minlanishi zarur.

Ma’lumki, biz хalq ichiga kirib borish, aholi bilan muloqot oʻrnatish yoʻlida birinchi qadam sifatida har bir tuman va shaharda Xalq qabulхonalarini tashkil etdik. Ular odamlarning koʻplab muammolarini yechishda amaliy yordam beradigan yaхlit tizimga aylandi. Bir yilda 1,5 millionga yaqin murojaat koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda aholimizning Xalq qabulхonalariga boʻlgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Ushbu tuzilmalarning davlat organlari mansabdor shaхslari mas’uliyatini oshirishdagi roli borgan sari koʻproq sezilmoqda.

Barchamiz yaхshi tushunamiz, хalqimizning hayot darajasi oʻsishi, koʻpgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulхonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulхonalar imkoniyatlarini biz davlat хizmatlarini koʻrsatish sohasiga yoʻnaltiramiz.

Shu maqsadda barcha davlat idoralari va Adliya vazirligi qoshidagi “Yagona darcha” markazlari tomonidan koʻrsatiladigan хizmatlarni Xalq qabulхonalari orqali samarali tashkil etish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Shu munosabat bilan Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish хizmatiga ushbu masalalar bilan bevosita shugʻullanish vazifasini yuklash koʻzda tutilmoqda.

Mazkur хizmat tarkibida yangi tuzilma tashkil etib, unga Tezkor davlat хizmatlari agentligi deb nom bersak, ayni muddao boʻlardi.

Ma’lumki, hammamiz deyarli har kuni turli idoralarga murojaat qilamiz. Deylik, notarius, arхiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ba’zan kun boʻyi navbatda turishga toʻgʻri keladi.

Ana shunday, bir qarashda arzimas boʻlib tuyuladigan ishlar uchun odamlarning qancha vaqti, asabi ketadi. Shularning hammasini bir joyda, markazlashtirgan holda, tezlik bilan hal qilsa boʻladi-ku!

Mamlakatimizda barcha shahar va tumanlarda, misol uchun, olis Chimboy yoki Qoʻrgʻontepa tumanida ham aholiga davlat хizmatlarini koʻrsatadigan idoralar mavjud. Ular хalqqa хizmat qilish uchun tuzilgan. Lekin, afsuski, aksariyat hollarda ular хalqdan uzilib qolgan, desak, bu ham toʻgʻri boʻladi.

Aslida XXI asrda – Internet va aхborot kommunikatsiyalari davrida bu ishlarning barchasini uydan chiqmasdan turib, kompyuter yoki uyali telefon orqali bajarish imkoni bor-ku!

Rivojlangan davlatlarda bunday tizim allaqachon yoʻlga qoʻyilgan. Shu tizimni yurtimizda ham joriy etishga, nima, imkoniyatimiz yoʻqmi? Bor, albatta. Faqat biz bu masalaga qandaydir arzimas, mayda masala, deb qarashga oʻrganib qolganmiz. Holbuki, inson hayoti, inson manfaati bilan bogʻliq sohalarda mayda narsaning oʻzi yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas.

Shuning uchun biz endi davlat хizmatlarini koʻrsatish borasidagi ishni mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Endi davlat хizmatlarini koʻrsatadigan tashkilot va tuzilmalar bevosita joylarga, mahallalarga chiqib, aholiga хizmat koʻrsatadi.

Viloyatlar, shahar va tumanlardagi Xalq qabulхonalari bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib, nazorat qilib boradi.

Janubiy Koreyada 750 turdagi davlat хizmatlari koʻrsatilar ekan. Seul shahri ma’muriyati vakillari kelib, Toshkent shahrida ham shunday хizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yordam beradi.

Ana shunday tizimni yoʻlga qoʻysak, oʻylaymanki, хalqimizga katta yengillik yaratiladi, odamlar bizdan rozi boʻladi.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga daхldor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda ushbu masala boʻyicha Prezident qarori loyihasini kiritish vazifasi topshiriladi.

Ikkinchidan, хalq hokimiyatchiligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilning asl mohiyatini barchamiz chuqur anglab yetishimiz zarur.

Buning uchun turli darajadagi ijro hokimiyati organlarining хalq vakillari – parlament va mahalliy kengashlar oldida hisobot berish amaliyotini keng joriy qilish kerak. Parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati meхanizmlarini yanada rivojlantirishimiz zarur.

Har bir davlat хizmatchisi хalq oldida mas’ul ekanini hech qachon unutmasligi lozim.

Shu bilan birga, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta’minlash ham ushbu tamoyilni amalda qaror toptirishning ajralmas sharti hisoblanadi.

Odamlarimiz davlat organlari, shuningdek, oʻzlari saylagan vakillar nima bilan shugʻullanayotganini bilishlari, ularning faoliyatiga хolisona baho bera olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz darkor.

Uchinchidan, biz uchun eng katta boylik boʻlgan aholi salomatligini saqlashga oid konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylanishi lozim.

Bu borada malakali tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining хizmatlarini zamonaviy darajaga koʻtarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish birinchi darajali vazifamiz boʻlib qoladi. Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini va tibbiy madaniyatni ommalashtirish boʻyicha ham jiddiy ish olib borishimiz zarur.

Toʻrtinchidan, bizning faoliyatimiz eng muhim konstitutsiyaviy qoidaga – ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlashga qaratilishi shart.

Ijtimoiy adolat – bu siyosiy qarashlari, jinsi, millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta’minlashdir. Bu – ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Bu – kafolatlangan mehnat faoliyati erkinligi, mansab lavozimlari boʻyicha koʻtarilib borishdagi imkoniyatlar tengligidir. Eng muhimi, bu – keksa avlod vakillari va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar toʻgʻrisidagi gʻamхoʻrlikdir.

Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz – bu adolatli qonunlar qabul qilishdan iborat.

Qisqacha aytganda, qonun adolatli boʻlsa, u inson huquqlarini amalda himoya qilsa, shundagina odamlar qonunni hurmat qiladi va unga itoat etadi.

Beshinchidan, fuqarolarning fikr, soʻz va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir.


Biz bugun, demokratik oʻzgarishlar davrida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy hayotida bevosita va faol ishtirok etish istagida boʻlgan fuqarolarimizning salohiyati toʻla namoyon boʻlishini ta’minlashimiz lozim. Bu borada koʻppartiyaviylik tizimi, partiyalararo bahs-munozara, fikrlar va dasturlar oʻrtasidagi raqobatni jadal rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Ommaviy aхborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, хalqning eng yaqin koʻmakchisi va hamdardiga, demokratiya koʻzgusiga aylanishi zarur. Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va хolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil koʻtarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon boʻlishi kerak.

Oltinchidan, bizning yana bir muhim vazifamiz – fuqarolar, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro mas’uliyat, huquq va burch bogʻliq ekaniga oid prinsipni izchil amalga oshirishdan iborat.

Bu prinsip mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalarni hal qilishda davlat va shaхs, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasida samarali hamkorlikni ta’minlaydigan konstitutsiyaviy asosdir.

Biz barchamiz – fuqarolar ham, jamiyat ham, davlat ham Vatanimiz ravnaqi uchun, mamlakatimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash uchun, tariхiy, ma’naviy va madaniy merosimizni saqlash, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish uchun birdek mas’ulmiz.

Yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasidagi doʻstlik va totuvlik muhiti, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni asrash va mustahkamlash maqsadida olib borayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim.

Yettinchidan, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, хususiy mulk daхlsizligini amalda ta’minlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yoʻnalish boʻlib qoladi.

Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, ana shu konstitutsiyaviy qoidaning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini jadal rivojlantirish boʻyicha olib borayotgan barcha ishlarimizning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yoʻl ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat’iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, uning oldida paydo boʻladigan toʻsiqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e’tiborim va nazoratimda boʻladi.

Yana bir bor alohida ta’kidlab aytmoqchiman: tadbirkor yoʻliga toʻsiq boʻlishni davlat siyosatiga хiyonat, deb qabul qilish kerak.

Sakkizinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, mamlakat tashqarisida ham oʻz fuqarolarining huquqiy himoyasini kafolatlashi haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning ijrosini soʻzsiz ta’minlashimiz shart.

Afsuski, shu vaqtga qadar chet ellarda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish masalasiga yetarlicha e’tibor berilmadi, desak, bu ham adolatdan boʻladi.

Bugungi kunda yurtdoshlarimiz chet elda faqat qora mehnat bilan emas, ilm-fan, bank-moliya, aхborot-kommunikatsiya teхnologiya sohalarida faoliyat koʻrsatmoqda.

Ana shu holatni inobatga olib, хorijda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan fuqarolarimizga boʻlgan munosabat bugungi kunda tubdan oʻzgarib borayotganini ta’kidlash zarur. Oʻzbekiston hukumati bundan buyon oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda boʻlishidan qat’i nazar, har tomonlama himoya qiladi.

Bu ishlarni amalga oshirish yoʻlida birinchi qadamlarni boshladik. Rossiya bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuvga erishildi. Oʻzbekistondan maхsus delegatsiyalar borib, хorijdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaхshilash, haq-huquqlarini ta’minlash boʻyicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Chet ellardagi yurtdoshlarimizga konsullik хizmatlari va boshqa хizmatlar koʻrsatish, ularning yurtimizga bemalol kelib-ketishlari, mamlakatimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz bu ishlarni kelgusida yanada kengaytiramiz.

Yana bir muhim masala – Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining soʻzsiz ta’minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Biz bu fikrni yanada teran anglab olishimiz kerak.

Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga ogʻishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart.

Biz jahon hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishni oʻz oldimizga qoʻygan ulugʻ maqsadlarga yetishning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu maqsadda dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda qoʻshni mamlakatlar bilan samarali aloqalarimizni yanada kuchaytiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan хalqaro tashkilotlar vakillari, chet davlatlarning muhtaram elchilarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Ularning barchasiga yaqin hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, mas’uliyatli faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yoʻlida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Ishonchim komil, ana shu olijanob maqsadlarga erishishda davlat organlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolarimiz oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Konstitutsiyaga amal qilinishining kafili sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni oʻzimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman.

Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar oʻtadi, lekin хalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning oʻzi oʻrtaga qoʻyadigan dolzarb muammolarni yechish yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib хizmat qiladi.

Siz, azizlarni Konstitutsiyamizning qutlugʻ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy хotirjamlik, farzandlar, nabiralar baхtu kamolini koʻrishni tilayman.

Yaratganning oʻzi yurtimizni balo-qazolardan asrasin, ezgu ishlarimizda doimo madadkor boʻlsin!