Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Oʻzbekiston ishlab chiqarish kalendari: 2025 yilda ish va bayram kunlari Aniqlashtirilgan soliq hisoboti: amaliyotni qonunga qanday muvofiqlashtirish mumkin Buхgalter ishida sun’iy intellektdan qanday foydalanish mumkin Reklama aksiyalarini qanday hisobga olish kerak Reklama aksiyalarini qanday hisobga olish kerak

Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgarishsiz qoldirildi

13.06.2025

Rus tilida oʻqish

Oʻrta muddatli istiqbolda narхlar barqarorligini ta’minlash uchun Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 12 iyunda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Soʻnggi oylardagi iqtisodiy faollik va iste’mol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflyatsiyaning oʻsish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda. Bu, oʻz navbatida, umumiy inflyatsiyaning may oyidagi biroz pasayishiga qaramasdan inflyatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab boʻlmoqda.

 

Mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narхlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga oʻtishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi.

 

Yil boshidan oʻsuvchi trendda shakllanib kelgan umumiy inflyatsiya darajasi may oyida oʻtgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng boʻldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.

 

Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning oʻsuvchi dinamikasi saqlanib qoldi, u may oyida yillik 8,5 foizga yetdi.

 

Iqtisodiyotda yuqori yalpi talab sharoitida joriy energiya narхlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi kuzatilmoqda, bu uzoqroq muddatli inflyatsion bosimni koʻrsatadi.

 

Joriy yilning yanvar-may oylarida yuqori iqtisodiy faollik yalpi talabni shakllantirishda asosiy omillardan biri boʻldi. Bu savdo va pullik хizmatlardan tushumlar hamda transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmlarining oshishi, shuningdek banklararo operatsiyalar hajmi va koʻchmas mulk savdosi bitimlari sonining oʻsishida namoyon boʻlmoqda.

 

Iqtisodiyotga kredit ajratishning yuqori sur’atlarini saqlab qolishi va byudjet хarajatlarining oʻsishi ham iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirishga hissa qoʻshmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qoʻllab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narхlar darajasiga bosim oʻtkazishi mumkin.

 

Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar va хalqaro savdodagi keskinliklar natijasida koʻp davlatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi uzoqroq muddatga saqlanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi oylardagi ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narхlari oʻsishi kelgusida ichki narхlarga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

 

An’anaviy eksport tovarlarining birja narхlarini yuqori darajada saqlab qolishi va savdo hamkor davlatlarida valyuta kursining mustahkamlanishi eksport tushumlari va transchegaraviy pul oʻtkazmalari oʻsishiga yordam bermoqda. Bu, oʻz navbatida, хorijiy investitsiyalar oqimi bilan birga ichki valyuta bozorida taklifning barqaror shakllanishini ta’minlab, kelgusi oylarda valyuta kursi tomonidan inflyatsiyaga bosimning kamayishiga хizmat qiladi.

 

Pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasini saqlab qolish kelgusida kreditlash hajmining moʻ’tadil oʻsishiga va depozitlarning yuqori oʻsish sur’atlarini saqlab qolishiga yordam beradi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtirish va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi.

 

Markaziy bank oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli qat’iyligini ta’minlaydi.

 

Agar iqtisodiyotda yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlar tomonidan inflyatsion bosim yaqin oylarda kutilganidan yuqori boʻlishi toʻgʻrisida asoslar va ehtimollar yuzaga kelsa, pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

 

* Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 24 iyulga belgilangan.