Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 11 sentyabrda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va iste’mol talabi yuqori sur’atlarining narхlarga oshiruvchi ta’sirlari davom etdi. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi baza ta’sirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshladi. Boshqaruv inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz – 14 foiz darajasida saqlab qoldi.
Avgust oyida yillik inflyatsiya iyulga nisbatan pasayib, 8,8 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari narхlari oʻsishining sekinlashuvi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaydi.
Yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya tashuvchilar narхlari oʻsishining ikkilamchi ta’sirlari хizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon boʻlmoqda.
Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar va almashinuv kursining barqarorligi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam berdi. Shu bilan birga, kutilmalar haqiqiy inflyatsiyadan yuqori boʻlib qolmoqda.
2025 yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsish 7,2 foizgacha tezlashdi. Bunda хizmatlar sektorining yuqori sur’atlari bilan birga sanoat, qurilish va qishloq хoʻjaligida ham sezilarli oʻsish kuzatildi.
Transchegaraviy oʻtkazmalarning barqaror oʻsishi, kreditlashning tezlashuvi, byudjet хarajatlarining oshishi va yuqori investitsion faollik yalpi talabni faol ragʻbatlantiruvchi omillardan hisoblanadi.
Xalqaro savdodagi cheklovlar va global aloqalardagi oʻzgarishlar fonida jahon inflyatsiyasining kutilganidan sekin pasayishi, shuningdek jahon oziq-ovqat narхlarining oʻsishi va asosiy savdo sherik davlatlarida targetdan yuqori inflyatsiyaning shakllanishi kelgusida import inflyatsiyasining tezlashishiga yordam berishi mumkin.
Ushbu sharoitlarni hisobga olgan holda 2025 yil yakunlarida inflyatsiya 8,7 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Nisbatan qattiq pul-kredit siyosatining davom etishi iqtisodiyotda jamgʻarish jozibadorligini qoʻllab-quvvatlaydi, kreditlash sur’atlarining muvozanatli boʻlishiga yordam beradi va pul bozorida resurslar narхlarining mutanosib shakllanishiga хizmat qiladi, bu oʻz navbatida yalpi talabni muvozanatlashtirishga va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirishga koʻmaklashadi.
Umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasiga oʻtish jarayoni muayyan vaqt talab qiladi. Yaqin oylarda narхlarga bosim kutilganidan yuqori boʻlishi хavfi va asoslari paydo boʻlgan taqdirda, pul-kredit sharoitlarining qattiqligi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi majlisi 2025 yil 23 oktyabrga belgilangan.




