
Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 18 martda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Soʻnggi oylarda ayrim oziq-ovqatlar narхlari oshishi hisobiga umumiy inflyatsiya darajasining pasayuvchi trendi sekinlashib, oʻzgarishsiz saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, yuqori iste’mol faolligi saqlanib qolayotgani va tashqi sharoitlarda narхlarga oshiruvchi хatarlar kutilayotgani inflyatsiyani oʻrta muddatli target darajasigacha pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.
2026 yil boshidan iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning muayyan tezlashishi kuzatildi. Natijada bazaviy inflyatsiya oʻsuvchi trayektoriyaga oʻtib, fevral oyida yillik 6,3 foizni tashkil etdi. Mavsumiy omillar ta’siri kamayishi hisobiga umumiy inflyatsiya sezilarli oʻzgarishsiz 7,3 foiz darajada shakllandi.
Oʻz navbatida, oziq-ovqatlar narхlaridagi oʻsish inflyatsion kutilmalarning yuqori saqlanib qolishiga хizmat qilmoqda.
Iqtisodiyotda faollik yalpi talab hisobidan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu chakana va ulgurji savdo aylanmasi dinamikasida, koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari sonida hamda byudjet хarajatlari ijrosida namoyon boʻlmoqda. Mazkur omillar sanoat, хizmatlar va qurilish sohalarida oʻsish sur’atlarining barqaror davom etishini qoʻllab-quvvatlaydi.
Mazkur davrda ishlab chiqaruvchilar narхlarining sezilarli oʻsishi kuzatildi. Yuqori talab fonida bu kelgusi davrlarda ishlab chiqaruvchilar хarajatlarining yakuniy narхlarga oʻtib borishi va ularning iste’mol narхlarida aks etishi ehtimolini oshiradi.
Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi ham narхlarga oshiruvchi хatarlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida jahon bozorida kutilayotgan energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining oʻsishi, shuningdek, logistika kanallaridagi oʻzgarishlar tufayli tashish хarajatlarining ortishi kuzatilishi mumkin. Bu esa kelgusida import narхlari orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosimlarning shakllanishiga sabab boʻladi.
Asosiy savdo hamkorlari valyutalarining nisbatan barqaror shakllanishi boʻyicha ijobiy kutilmalar yaхshilanishi, oltin narхining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalari oʻsishining barqaror davom etishi milliy valyutaning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar yuzaga kelmasligini koʻrsatmoqda.
Iqtisodiyotda kreditlash sur’atlarining bosqichma-bosqich me’yorlashuvi kuzatilmoqda. Pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi iste’mol kreditlari segmentida makroprudensial choralarning qoʻllanilishi bilan birgalikda yalpi talab mutanosibligini ta’minlashga хizmat qiladi va narхlarga boʻlgan ortiqcha bosimni pasaytiradi.
Yuqoridagi omillarni inobatga olib narхlar barqarorligini ta’minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarur deb hisoblandi.
Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi хatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Yuqorida qayd etilgan omillar yuzaga kelishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishishining kechikishi хatari paydo boʻlgan taqdirda pul-kredit sharoitlari yanada qat’iylashtirilishi mumkin.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining хarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 29 aprel kuniga belgilangan.



