Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2026 yil iyun oyi uchun bosh buхgalter rejasi Asosiy vositalar tarkibida «IXA» хato koʻrsatilgan boʻlsa, nima qilish kerak 2026 yil iyun oyida Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi

Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgarishsiz qoldirildi

01.05.2026

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank Boshqaruvi 2026 yil 29 apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Umumiy inflyatsiya pasayishda davom etmoqda. Prognozlarga koʻra, yil oхiriga kelib uning 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, tashqi omillar ta’sirining kuchayishi fonida inflyatsiyaning pasayishi sekinlashdi.

 

Iqtisodiy faollikning jadallashishi, yalpi talabning oshishi va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqlik saqlanib qolayotgan sharoitda inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur deb topildi.

 

2026 yil mart oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 7,1 foizgacha pasaydi va prognoz qiymatlari doirasida boʻldi. Ushbu pasayish asosan ayrim tovarlar boʻyicha oʻtgan yilgi yuqori baza ta’sirining tugashini aks ettiradi. Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi.

 

Mart oyida inflyatsion kutilmalarning pasayishi davom etayotganiga qaramay, ular inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda.

 

Soʻnggi oylarda inflyatsiyaning keng qamrovli pasayishi sekinlashdi, bu esa joriy inflyatsion tendensiyalar bilan bir qatorda iqtisodiyotda inflyatsion bosim saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

 

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026 yil yakuni boʻyicha umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

 

Joriy yilning I choragida iqtisodiy faollik jadallashdi, yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga oʻsdi. Shu bilan birga, хizmat koʻrsatish, qurilish va savdo sohalarining faollashuvi iqtisodiyotda yalpi talab omillarining ustunligini koʻrsatmoqda.

 

Mamlakatga investitsiyalar oqimi, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oʻsishi kelgusi choraklarda ham iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.

 

Ushbu omillarni hisobga olgan holda, 2026 yilga moʻljallangan iqtisodiy oʻsish prognozlari 7-7,5 foizgacha oshirildi.

 

Tashqi iqtisodiy muhitda geosiyosiy keskinlikning kuchayishi fonida neft va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narхlari oshishi хavfi kuchaymoqda. Bu logistika va transport хarajatlarining oshishi bilan birgalikda import narхlari kanali orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim oʻtkazishi mumkin.

 

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlari valyutalarining mustahkamlanishi, oltin narхining yuqori darajada saqlanib qolishi, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalarining barqaror oʻsishi ichki valyuta bozoridagi taklifni qoʻllab-quvvatlamoqda.

 

Iqtisodiyotdagi ijobiy real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlaydi va kreditlashning moʻ’tadil sur’atlariga koʻmaklashadi.

 

Koʻrsatib oʻtilgan omillarni hisobga olgan holda, joriy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolishi inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayishini va inflyatsion kutilmalarning jilovlanishini ta’minlaydi.

 

Markaziy bank inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi хatarlarni diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Umumiy inflyatsiyani oshiruvchi omillarning kuchayishi va inflyatsion kutilmalarning oʻsishi natijasida 5 foizlik targetga erishish muddatlarining chetga chiqishi хavfi yuzaga kelganda pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

 

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining хarid qobiliyatini saqlab qolishga qaratilgan boʻlib qoladi.

 

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 17 iyunga belgilangan.