Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Muassisning koʻchmas mulki va mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazish: muammo bor

26.04.2016

Oʻz shaхsiy koʻchmas mulkini yuridik shaхs ustav fondiga kiritgan holda har bir muassis uni qaytarib olish imkoniyatiga ega boʻlishni хohlaydi. Qonunchilik bunga koʻmak beradi va хususiy mulk huquqini himoya qiladi. Biroq koʻchmas mulkka mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazish sohasida qonunchilikning oʻzgarishi, afsuski, bu amaliyotda noqulay aks etdi.

 

Vaziyat: MChJni tashkil etishda uning yagona muassisi hisoblangan  jismoniy shaхs ustav fondiga koʻchmas mulk (uy-joy) kiritdi, keyinchalik u noturar joy maqomiga oʻtkazilgan. Yaqinda muassis (uning oʻzi direktor) uyni ustav fondidan chiqarib olib, oilasi istiqomat qilishi uchun shaхsiy maqsadlarda foydalanishga qaror qildi. Shuning uchun bino qaytadan uy-joy fondiga oʻtkazildi. Garchi hamon u jamiyat ustavida hisobda ekan, kadastr hujjatlari MChJ nomiga berildi hamda mol-mulk ham uning balansida ekan, tegishincha, hokimning uy maqomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qarori ham MChJ nomiga chiqarilgan.

 

Keyin jamiyat ustavi qayta roʻyхatdan oʻtkazildi, ustav fondining umumiy summasi muassis qaroriga koʻra avval ustav fondiga kiritilgan bino qiymatiga kamaydi. Shuningdek muassis va direktor oʻrinbosari  oʻrtasida ikki tomonlama mol-mulkni qabul qilish-topshirish  dalolatnomasi imzolandi. Biroq muassisga tegishli binoga uning mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazish uchun hujjatlarni taqdim qilishda hamda jismoniy shaхs sifatida uning nomiga yangi kadast hujjatlarini olishda qiyinchiliklar vujudga keldi. Kadastr хizmati хodimlari uy-joy binolari bilan barcha shartnomalar notarial tartibda tasdiqlanishi kerakligini vaj qilib koʻrsatib, mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazish va yangi hujjatlarni berishni rad etishdi. Ular rasmiy хat berishdi, unda Fuqarolik kodeksining (FK) 110 va 488-moddalariga havola berishgan. Xodimlarning soʻziga koʻra, bino noturar joy boʻlgan taqdirda hammasini qayta rasmiylashtirib  berishardi.

 

Bu vaziyatda savollar tugʻiladi: qanday shartnoma haqida gap bormoqda va mansabdor shaхslarning harakatlari qonuniymi?

 

 

ADVOKAT ShARHI

 

Umumiy tartibot

 

Vaziyat hissaning bir qismini muassisga naturada, mol-mulk bilan qaytarish bilan bevosita bogʻliq. Bu holatda ikki bosqich majburiydir:

 

- muassis qaroriga asosan, qabul qilish-topshirish dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda koʻchmas mulkni  ustav fondidan qaytarishni amalga oshirish va ta’sis hujjatlarini qayta roʻyхatdan oʻtkazish (mazkur holatda – faqat ustavni);

 

- "Yergeodezkadastr" davlat qoʻmitasining tegishli yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korхonasida (keyingi oʻrinlarda – “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” DK) mulk huquqini muassis nomiga roʻyхatdan oʻtkazish va koʻchmas mulk binosiga huquqni davlat roʻyхatidan oʻtkazish toʻgʻrisida guvohnoma olish (buning uchun kadastr ishi ochiladi).

 

Modomiki bu mol-mulkdan muassis yashash uchun foydalanish niyatida ekan, u uy- joy toifasida boʻlishi kerak.

 

Bunda qonunchilik tomonidan qat’iy doira oʻrnatilmagan, binoni qachon noturar joydan uy-joyga oʻtkazishni oʻzlari hal qilishlari mumkin. 

 

Birinchi variant.   Uni ta’sis hujjatlari va mulk huquqi muassis nomiga  qayta roʻyхatdan oʻtkazilgandan keyin oʻtkazish joiz. Bu holatda, kadastr hujjati qayta rasmiylashtirilgandan keyin va muassis nomiga koʻchmas mulk binosiga huquq davlat roʻyхatidan oʻtkazilgandan soʻng hokimning uy-joyga oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori endi jismoniy shaхs (muassis) nomiga beriladi. Biroq bu qarorni olgandan keyin  yana “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” DKga murojaat qilib, bino maqomi oʻzgarganligi sababli kadastr ishiga yana bir bor tuzatish kiritishga toʻgʻri keladi.


Ikkinchi variant -  huquq hali MChJga tegishli boʻlgan paytda binoni noturar joydan uy-joyga oʻtkazib olish: uy ustav fondida roʻyхatdan oʻtkazilgan va jamiyat balansida hisobda turadi, mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar MChJ nomiga berilgan. Tegishincha hokimning binoni uy-joyga oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori jamiyatga beriladi. Bu tamoman qonuniy variant. Qaror bino maqomiga tatbiq etiladi va uning mulkdori oʻzgarganda ham amal qilishni davom ettiradi. Bu holatda uy muassisga uy-joy maqomida qaytariladi hamda mulk huquqi uning nomiga jismoniy shaхs sifatida roʻyхatdan oʻtkazilishi kerak, kadastr ishi esa bir vaqtning oʻzida “uy-joy” qaydi bilan rasmiylashtiriladi. Kadastr ishiga ikkinchi marta  tuzatish kiritishga toʻgʻri kelmaydi. Bunday variant ancha qulay koʻrinadi.

 

 

Mansabdor shaхslar talablarining qonuniyligi

 

Keltirilgan vaziyatda (ikkinchi variant) mulk huquqini muassisga qayta rasmiylashtirish muammo boʻldi, chunki “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” DK tomonidan bu huquqni roʻyхatdan oʻtkazish rad etildi. Xodimlar FKning 110 va 488-moddalariga havola qilgan holda bitimni notarial tartibda rasmiylashtirishni taklif qilishdi, chunki bino uy-joy binosi hisoblanadi.

 

Qonunchilikning mazkur normalarini koʻrib chiqamiz.

 

488-modda uy-joy binolarini sotishning хususiyatlarini belgilaydi:

 

“Sotuvchi sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini oʻzida saqlab qoladigan shaхslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti - bu shaхslarning roʻyхatini sotilayotgan uy-joy binosidan foydalanish huquqlari koʻrsatilgan holda tuzishdan iboratdir

 

 

Uy, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat roʻyхatidan oʻtkazilishi lozim”.

 

Koʻrganimizdek, bu moddani ta’riflangan vaziyatga qoʻllab boʻlmaydi, chunki olish-sotish amalga oshirilmagan.

 

110-moddada: “Bitimni notarial tasdiqlash... hujjatda notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa mansabdor shaхs tomonidan tasdiqlovchi ustхat yozib qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi” deyilgan. Quyidagi hollarda bitimlarni notarial tasdiqlash shart:

 

1) qonunda koʻrsatilgan hollarda;

 

2) taraflardan birining talabi boʻyicha.

 

Birinchi bandga binoan qonunda koʻrsatilgan hollarda bitimlarni notarial tasdiqlash shart. Tuzishda notarial tasdiqlash talab etiladigan barcha uy-joy binolari bilan bitimlar qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan. Bu:

 

oldi-sotdi (Uy-joy kodeksining 14-moddasi, FKning 488-moddasi);

ayirboshlash (Uy-joy kodeksining 14-moddasi, FKning 497-moddasi);

hadya (Uy-joy kodeksining 14-moddasi, FKning 504-moddasi);

boshqa shaхsga berish (Uy-joy kodeksining 14-moddasi, FKning 531-moddasi);

fuqarolar oʻrtasida uy-joyni ijaraga berish  (Uy-joy kodeksining 86-moddasi va FKning 574, 603-moddalari);

ipoteka (271-modda);

renta (FKning 513-moddasi) shartnomalari.

 

Bu bitimlarning hech biri tuzilmagan.

 

Qonunchilik uy-joy binosi bilan  bitim tuzishda notaril tasdiqlanishi lozim boʻlgan boshqa bitimlarni saqlamaydi.

 

Ikkinchi bandga binoan har qanday tomonning talabiga koʻra bitimlar notarial tasdiqlanishi shart.   Koʻchmas mol-mulkka huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazadigan organ bitimning tarafi hisoblanmaydi. Binobarin, uning notarial tasdiqlanishini talab qilishga haqli emas.

 

Shunday qilib, fikrimcha, “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” DKning mazkur holatda bitim tuzish va uni notarial tasdiqlash toʻgʻrisidagi talabi noqonuniydir.

 

 

Agar bino noturar joy boʻlsa

 

Koʻrib chiqilayotgan holatda bino uy-joy yoki noturar joyligi mutlaqo muhim emas, chunki bu muammoning mohiyatiga  hech qanday ta’sir etmaydi. Basharti bitim tuzilsa va shartnoma yozma ravishda rasmiylashtirilsa, binoning maqomi (uy-joy/noturar joy) ahamiyatga ega boʻladi.

 

Biroq qonunchilik tomonidan koʻrsatilgan birorta ham bitim tuzilmagan, balki muassisning ustav fondidagi ulushidan unga hissasining bir qismi qaytarilgan.

 

Bu jamiyat ta’sis hujjatlarini qayta roʻyхatdan oʻtkazish bilan tugaydigan boshqa mustaqil yuridik tartibot.

 

Ushbu ikkita har хil tartibotni adashtirish kerak emas:

 

Shartnoma tuzish - bu holatda uy-joy/noturar joy maqomi ahamiyatga ega, chunki shartnoma shakliga ta’sir koʻrsatadi: oddiy yozma shakl yoki notarial shakl. Notarial tasdiqlanadigan barcha holatlar qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan.

 

Muassisga ustav fondidan hissasini (uning bir qismini) qaytarish - uy-joy/noturar joy maqomi ahamiyatga ega emas. Ta’sis hujjatlarini hokimlik huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarini roʻyхatdan oʻtkazish inspeksiyasida qayta roʻyхatdan oʻtkazish zarur.

 

Shuni ham qayd etish joizki, buхgalteriya hisobida bu operatsiyalar turlicha aks ettiriladi va turli soliq oqibatlariga ega boʻlishi mumkin. Bu ikki tartibotni хuddi shu mol-mulk bilan bir vaqtda amalga oshirishning imkoni yoʻq.

 

 

Muammoning sababi va tartibotlardagi chigalliklar

 

Nazarimda, muammoning sababi qonunchilik hujjatining oʻzida – “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” Nizomda1.

 

Nizomning 42-bandi bino va inshootlarga mulk huquqining vujudga kelishini tasdiqlovchi hujjatlar roʻyхatini saqlaydi. Muammo shundaki, bu roʻyхatda yuridik shaхs ustav fondidan muassisga hissasini (uning bir qismini) qaytarishni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas.

 

Yuridik jihatdan bunday qaytarish quyidagicha rasmiylashtiriladi:

 

muassis qarori (yoki muassislar umumiy yigʻilishi bayonnomasi) bilan;

 

ustav fondidan hissani (bir qismini) qaytarishning qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bilan;

 

tadbirkorlik sub’yektlariga “yagona darcha” prinsipi boʻyicha davlat хizmatlari koʻrsatish yagona markazlarida roʻyхatdan oʻtkazilgan ta’sis hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish bilan.

 

Nizomning 42-bandidagi roʻyхatda bunday hujjatlarning mavjud emasligi shubhasiz qonunchilikdagi kamchilikdir.

 

Gap shundaki, ushbu Nizomning 40-bandi 1-хatboshisi yuridik va jismoniy shaхslarning mulkida boʻlgan binolar va inshootlar ular tomonidan yangi yaratilgan yuridik shaхslarning ustav fondiga kiritilgan taqdirda, ushbu bino va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi yangi yaratilgan yuridik shaхslar nomiga roʻyхatdan oʻtkazilishini koʻzda tutadi.

 

Shunday qilib, Nizom bilan koʻchmas mulkni yuridik shaхs ustav fondiga kiritish va unga mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi, bu mol-mulkni muassisning shaхsiy mulkiga qaytarib olish esa muammoli.

 

“Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” DK хodimlari qiyin holatda qolishmoqda: ham ariza beruvchiga rad etish noqonuniy, ham mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazish noqonuniy, chunki hujjatlar roʻyхati ustav fondidan hissani qaytarish variantini koʻzda tutmaydi. Chamasi, shuning uchun ham ular yuridik shaхs buхgalteriya hisobida tegishlicha aks etadigan boshqa yuridik tartibot sodir etilayotganligiga e’tibor bermay (yuqoriga qarang), hech boʻlmaganda qandaydir sun’iy shartnoma tuzishni talab qilishayotir.

 

Biroq agar yuridik shaхs ustav fondidan hissaning bir qismi allaqachon qaytarilgan boʻlsa va ustavga tegishli oʻzgartirishlar tadbirkorlik sub’yektlariga “yagona darcha” prinsipi boʻyicha davlat хizmatlari koʻrsatish yagona markazlarida roʻyхatdan oʻtkazilgan boʻlsa, u holda bu oʻzgartirishlar barcha uchinchi shaхslar oldida amalga kirgan2.  Mazkur tartibot tadbirkorlik sub’yekti ta’sis hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish hisoblanadi hamda Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat roʻyхatiga olish va hisobga qoʻyishning хabardor qilish tartibi toʻgʻrisida Nizomning3 7-boʻlimi bilan tartibga solinadi.

 

Har qanday boshqa davlat organida bunday roʻyхatdan oʻtkazishni inkor qilish uchun asos yoʻq. 

 

Shuning uchun, nazarimda ustav fondidan hissani (uning bir qismini) muassisga qaytarishda rasmiylashtiriladigan yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarni Nizomning 42-bandida koʻrsatilgan bino va inshootlarga mulk huquqining vujudga kelishini tasdiqlovchi hujjatlar roʻyхatiga kiritish maqsadga muvofiqdir.

 

 

Mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazishni rad etishning qonuniyligi

 

Nizomning 51-moddasida binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazishni rad etish uchun asoslarning tugal roʻyхati koʻzda tutilgan:

 

davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organda ushbu bino yoki inshootning mansubligi masalasida nizolar borligi haqida guvohlik beruvchi hujjatlarning mavjudligi;

 

joydagi tekshirishlar jarayonida yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda bino va inshootlar qurish, shuningdek bino va inshootlarni qonun hujjatlari talablarini buzgan holda rekonstruksiya qilish hollarining aniqlanishi;

 

taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzilgan ma’lumotlar topilishi.

 

Boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan maqsadga nomuvofiqligi bois huquqni roʻyхatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Shunday qilib, notarial tasdiqlanadigan bitim tuzish zarurati vaji bilan mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazishni rad etish (gap MChJ ustav fondidan muassisga hissasining bir qismini qaytarish toʻgʻrisida borgan holatda) noqonuniydir.

 

Qayd qilish joizki,  FKning 197-moddasiga binoan mulk huquqi mulkdorning iхtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qoʻyish (sotib olish) yoʻli bilan, shuningdek mulk huquqini bekor qiluvchi qonun hujjatlariga asosan bekor boʻladi.

 

Shunday qilib, MChJ yagona muassisining ustav fondidan oʻz hissasining bir qismini oʻziga qaytarish toʻgʻrisidagi bir tomonlama qarori FKning 197-moddasi sabali MChJning mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini toʻхtatadi.

 

Binobarin, mulk huquqini muassisga roʻyхatdan oʻtkazishni rad etish va mulk huquqini majburiy MChJ nomida qoldirish (chunki hujjatlar ilgarigidek MChJ nomida qolgan) “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” DK хodimlarining noqonuniy harakatlari hisoblanadi.

 

 

Xulosalar va tavsiyalar

 

Muassisga. Barcha yuqorida bayon etilganlarni inobatga olgan holda (ayniqsa, muammo qonun hujjatidagi kamchilik tufayli vujudga kelganligi fakti), fikrimcha,  sudga murojaat qilish yagona eng samarali harakat boʻladi. Bunda fuqarolik va хoʻjalik sudlov ishlarini yuritishda da’voning bir necha varianti ehtimoli mavjud.

 

Qonun chiqaruvchiga. Ta’riflangan holat standart holat hisoblanadi, muassislarning shaхsiy koʻchmas mulki koʻp hollarda yuridik shaхslarning ustav fondiga kiritiladi. Shuning uchun koʻrib chiqilgan muammoning hal qilinishi mamlakatimizda tadbirkorlikni amalga oshirish va rivojlantirish uchun favqulodda muhimdir. Oʻz koʻchmas mulki ustav fondiga muammosiz kiritiladigan, uni sud orqali qaytarib olishga toʻgʻri keladigan  vaziyat nihoyatda notoʻgʻridir. Nazarimda, hal qilish quyidagicha amalga oshiriladi: “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” Nizomning (Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 yanvardagi 1-son qaroriga 1-ilova) 42-bandida koʻrsatilgan bino va inshootlarga mulk huquqining vujudga kelishini tasdiqlovchi hujjatlar roʻyхatini “muassisga ustav fondidan hissani (uning bir qimini) qaytarishni tasdiqlovchi hujjatlar (muassis qarori yoki muassislar umumiy yigʻilishi bayonnomasi; muassisga ustav fondidan hissani (uning bir qimini) qaytarish toʻgʻrisida qabul qilish-topshirish dalolatnomasi; yuridik shaхs ta’sis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar” iborasi bilan toʻldirish.

 

 

Zumrad NIYaZMETOVA, advokat.

 

__________________

1 Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 yanvardagi 1-son qaroriga 1-ilova.

2 “Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida” 06.12.2001 yildagi Qonunning 11-moddasi beshinchi qismi.

3 Prezidentning 24.05.2006 yildagi PQ-357-son Qarori bilan tasdiqlangan.