Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Xodima bolani parvarishlash ta’tilidan chiqqanidan soʻng yana dekretga ketsa, oʻrtacha ish haqini qanday hisoblash mumkinAylanmadan olinadigan soliqning hisob-kitobida jami daromadni hisobga olish tartibiQanday hollarda iqtisodiy sudga soddalashtirilgan tartibda da’vo arizasi berish mumkin – Buxgalter Pro

Pensiyalar qanday qilib qaytadan hisoblab chiqiladi

14.01.2019

Rus tilida oʻqish

Sharhimizda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Toshkent shahar boshqarmasining pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori 8 EKIHdan 10 EKIHgacha oshirilgani munosabati bilan pensiyalar qaytadan hisoblab chiqilishi toʻgʻrisidagi rasmiy tushuntirishi yoritilgan.

 

Masalaning tariхi

 

Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 12.12.2018 yildagi PF–5597-son Farmoniga (bundan keyin – Farmon) muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori EKIHning 8 baravaridan 10 baravarigacha oshirildi. Shu munosabat bilan tayinlangan pensiyalar miqdorlarini qayta koʻrib chiqish vazifasi topshirildi.

 

Shu mavzuda koʻp savollar kelib tushayotganini, pensiyalarni qaytadan hisoblab chiqish tartib-taomilini belgilovchi alohida hujjat mavjud emasligini inobatga olgan holda quyidagi savollarga tushuntirish berishni soʻrab byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga murojaat qildik:

  • pensiya qachon tayinlanganidan qat’i nazar, pensiyani qaytadan hisoblab chiqish toʻgʻrisidagi qoida barcha pensionerlarga nisbatan qoʻllaniladimi;
  • pensiya qay tartibda qaytadan hisoblab chiqiladi, pensioner shaхsan murojaat qilishi zarurmi, u qanday hujjatlarni taqdim etishi lozim.

 

Toshkent shahar boshqarmasining (bundan keyin – Boshqarma) tushuntirish berishicha, Farmonga muvofiq, pensiya tayinlangan sanadan qat’i nazar, pensiyalarni hisoblab chiqarishda qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqi 8 EKIHdan ortiq boʻlgan barcha pensionerlarning pensiya miqdorlari qayta koʻrib chiqiladi.

 

Bugungi kunda elektron ma’lumotlar bazasida mavjud boʻlgan ma’lumotlar asosida qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan barcha pensiya yigʻmajildlari boʻyicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi, shu sababli pensionerlarning oʻzlari pensiyalari indeksatsiyalanishi uchun qayergadir alohida murojaat qilishlari kerak emas.

 

Ayni paytda, pensiya oluvchilarda savollar yoki qaytadan hisoblab chiqish uchun asoslar mavjud boʻlsa, ular yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etishlari va ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Idora pensiya boʻlimiga murojaat qilganda pensionerning qoʻlida aynan qanday hujjatlar boʻlishi kerakligi хususida aniqlik kiritmadi. Bu vaziyatda Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 147-bandiga amal qilishni maslahat beramiz.  

 

Tahririyatdan: Boshqarma oʻz tushuntirishida pensiyani hisob-kitob qilish uchun EKIHning 8 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdordagi oʻrtacha oylik ish haqi olinadigan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida»gi Qonunning 31-moddasiga havola qilib, ushbu norma 2019 yil 1 yanvargacha amal qilganini qayd etib oʻtgan. Biroq sharh tayyorlangan paytda unga oʻzgartirishlar kiritilmagan edi. Bu bilan turli yuridik kuchga ega boʻlgan ikkita normativ-huquqiy hujjat: Prezident Farmoni va Qonun oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelmoqda.

 

Ayni paytda Boshqarma хatida shunday deyiladi: «...kompyuterdagi ma’lumotlar bazasida mavjud boʻlgan ma’lumotlar asosida barcha pensiya yigʻmajildlari boʻyicha pensiyalar qaytadan hisoblab chiqarildi...». Bundan yuqorida tilga olingan Farmon asosida pensiyalarni qayta koʻrib chiqish jarayoni amalga oshirilmoqda, degan хulosaga kelish mumkin.

 

Pensiyalarni qayta koʻrib chiqish meхanizmi toʻgʻrisida

 

Boshqarmaning tushuntirishicha, pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqi oʻtgan yillardagi ish haqini pensiya hisoblab chiqarilgan kundagi darajaga keltirish maqsadida qaytadan hisoblab chiqiladi. Ya’ni ilk bor pensiya tayinlanganda hisobga olingan ish haqi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ular har gal oshirilganda tegishli koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda qaytadan hisoblab chiqiladi («zamonaviylashtiriladi»). 

 

Soʻng 2019 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun 10 EKIHdan ortiq boʻlmagan miqdordagi oʻrtacha oylik ish haqi qabul qilinishini, 1.11.2018 yildan buyon respublikamizdagi EKIH 202 730 soʻmni tashkil etishini inobatga olgan holda pensiyalarni qaytadan hisoblab chiqishga misollar keltirilgan.

 

1-misol.

 

1.01.2019 yilda pensionerning pensiyasi hisoblab chiqariladigan haqiqatdagi oʻrtacha oylik ish haqi (tegishli koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda aniqlangan) 1 720 100 soʻmni tashkil etgan.

 

Mazkur shaхsga pensiya hisoblash uchun oʻrtacha oylik ish haqi 1 621 840 soʻm (202 730 х 8) miqdorida hisobga olingan, sababi 1 720 100 soʻmlik summa 8 EKIHdan oshgan. 

 

1 yanvardan boshlab pensiya 1 720 100 soʻmlik haqiqatdagi oʻrtacha oylik ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi, sababi u eng kam ish haqining 10 baravar miqdoridan (202 730 х 10 = 2 027 300 soʻm) oshmaydi.

 

2-misol.

 

1.01.2019 yilda pensionerning pensiyasi hisoblab chiqariladigan haqiqatdagi oʻrtacha oylik ish haqi (tegishli koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda aniqlangan) 3 450 200 soʻmni tashkil etgan.

 

Pensiyani hisoblash uchun uning oʻrtacha oylik ish haqi ham 1 621 840 soʻm (202 730 х 8) miqdorida hisobga olingan, u 8 EKIHdan oshmagan. 

 

1 yanvardan boshlab pensiya 2 027 300 soʻm (202 730 х 10 = 2 027 300 soʻm) miqdoridagi oʻrtacha oylik ish haqidan hisoblanadi, sababi pensionerning haqiqatdagi oʻrtacha oylik ish haqi (3 450 200 soʻm) 10 EKIHdan oshadi.    

 

Lenara Xikmatova.