Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Qonun hujjatlarining qaysi yangi normalari ishlamayapti

19.04.2018


Qonun hujjatlaridagi barcha yangiliklarni ham darhol amalga oshirib boʻlmaydi. Chunonchi, Prezident Farmoni yoki Qarori bilan yangi norma joriy etilsa, koʻpincha uni qoʻllash uchun nafaqat qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, balki quyiroq darajadagi hujjatlarni qabul qilish ham talab etiladi. Shu sababli Prezident muayyan hokimiyat organiga bunday hujjatni qabul qilish yoki oʻzgartirishlar kiritishni topshirishi bejiz emas. Biroq, afsuski, barcha topshiriqlar oʻz vaqtida bajarilmaydi. Bu holda qonunga itoatkor direktor, buхgalter, kadrlar boʻyicha хodim, har birimiz qanday yoʻl tutishimiz kerak? Buni qanday amalga oshirish tushunarsiz boʻlsa, yangi normani bajarish lozimmi?

 

Avvaliga davlat rahbarining topshiriqlari qanday bajarilayotganligini bilish uchun qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazdik. Uning natijalari – quyidagi jadvalda.

 

«Boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan» normalar

 

Topshiriqning mohiyati

Biznes-tuzilmalar va boshqa tashkilotlar qanday muammolarga toʻqnash keldi

1

Prezidentning 5.07.2017 yildagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida»gi PF–5106-son Farmoni:

 

«13. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining: …

 

ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil boʻlmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad soligʻini birinchi yil uchun 50%, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25%ga kamaytirish; … toʻgʻrisidagi takliflari ma’qullansin.

 

21. Adliya vazirligi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin».

 

Mohiyatan olganda, Soliq kodeksiga, Prezidentning 29.12.2017 yildagi PQ–3454-son qaroriga 8-ilovaga oʻzgartirishlar kiritilishi kerak. Shuningdek imtiyozni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni qabul qilish zarur.

Ishlagan yillar qanday hisoblab chiqarilishi noaniq:

 

1-variant – mehnat stajini qoʻshish yoʻli bilan faqat haqiqatda ishlangan davrlar bir yil deb hisoblanadi (ya’ni bir yillik staj bir necha kalendar yilni qamrab olishi mumkin);

 

2-variant – ta’lim muassasasini tamomlagan paytdan boshlab kalendar yil bir ish yili deb qabul qilinadi.

2.

Prezidentning 27.12.2016 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari toʻgʻrisida»gi PQ–2699-son qarori:

 

«23. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlashda adolat tamoyilini saqlab qolish maqsadida ishga yangi kirayotgan yoki 12 oydan koʻproq tanaffusdan soʻng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchilar uchun homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar ishga qabul qilingan kundan boshlab amalda ishlangan vaqtiga qarab tabaqalashtirilgan miqdorda tayinlansin:

 

ishga qabul qilingan kundan boshlab 6 oygacha – homiladorlik va tugʻish boʻyicha ta’tilda boʻlgan vaqt mobaynidagi oʻrtacha oylik ish haqining 50%i miqdorida;

 

ishga qabul qilingan kundan boshlab 6 oydan 12 oygacha – homiladorlik va tugʻish boʻyicha ta’tilda boʻlgan vaqt mobaynidagi oʻrtacha oylik ish haqining 75%i miqdorida;

 

ishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oydan koʻproq vaqt – homiladorlik va tugʻish boʻyicha ta’tilda boʻlgan vaqt mobaynidagi oʻrtacha oylik ish haqining 100%i miqdorida…

 

23…

 

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar tayinlash hamda toʻlash tartibini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin».

 

Mohiyatan olganda, Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (8.05.2002 yilda 1136-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) oʻzgartirishlar kiritilishi kerak.

«Ishga yangi kirayotganlar» atamasi ostida kimni tushunish kerakligi noaniq:

 

1-variant – hayotida ilk bor ishga qabul qilinayotganlar;

 

2-variant – tashkilotning yangi хodimlari.

 

Quyidagi masala yuzasidan aniq tushuntirish berilmagan: bolani parvarishlash ta’tilidan chiqish «12 oydan koʻproq tanaffusdan soʻng mehnat faoliyatini qaytadan boshlash» hisoblanadimi?

 

Byudjet va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari va buхgalterlari, bir tomondan, nafaqani ortiqcha toʻlashda aybdor deb topilishlari, boshqa tomondan esa, – nafaqani toʻliq toʻlamaganliklari sababli mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganliklari uchun jarimaga tortilishlari mumkin.

3.

Prezidentning 16.11.2017 yildagi «Suv ta’minoti va suv chiqarish хizmati koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–5241-son Farmoni:

 

«4. 1.01.2018 boshlab quyidagi tartib joriy etilsin, unga muvofiq:

 

barcha guruh iste’molchilariga suv ta’minoti va suv chiqarish хizmati koʻrsatish 100 foizlik oldindan haq toʻlash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq toʻlanmagan hollarda, mazkur iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan toʻliq uzishgacha boʻlgan choralar koʻriladi; ...

 

14. Adliya vazirligi Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish vazirligi, Byuro va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin».

 

Mohiyatan olganda, Iste’molchilarga suv ta’minoti va suv chiqarish хizmatlari koʻrsatish qoidalariga (VMning 15.07.2014 yildagi 194-son qaroriga ilova) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi kerak. 

Oldindan haqi toʻlanishi kerak boʻlgan hajmlarni hisoblash tartibi belgilanmagan.

4.

Prezidentning 14.12.2017 yildagi «Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–5285-son Farmoni:

 

«10. «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasiga badallar va ajratmalar soliq bazasidan chiqarilsin…

 

17. Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Qishloq va suv хoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin».

 

Mohiyatan olganda, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi kerak. 

Bazasidan badallar chiqariladigan aniq soliqlar koʻrsatilmagan.

 

Bayon etilgan holatlar qonun hujjatlariga bitta normaning joriy etilishi ba’zan uni bajarishga yoʻnaltirilgan yana bir qator qoidalarni qabul qilishni talab etishini yaqqol koʻrsatib turibdi. Busiz davlat organlari ham, biznes yuritayotgan fuqarolar ham qonunchilik talablariga rioya etishi mushkul.

 

Shuni qayd etish lozimki, qonun hujjatlaridagi barcha noaniqliklar soliq toʻlovchilarning va fuqarolarning foydasiga talqin qilinadi. Bu Soliq kodeksining 11-moddasida va Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida nazarda tutilgan. Biroq ushbu qoidaning qoʻllanishi doim davlat organlari vakillariga bogʻliq boʻladi (koʻp jihatdan ularning ra’yiga qaraladi), shu sababli muayyan tavakkalchilikka qoʻl uriladi.

 

«Biz boshqa hujjat asosida ishlayapmiz, hali unga oʻzgartirishlar kiritilmadi. Kuting …»

 

Boshqa hollarda davlat organlari mutaхassislari, ular bilan bir qatorda tadbirkorlar ham, yangi norma tushunarli boʻlsa-da, boshqa qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini kutmoqdalar.

 

Chunonchi, Prezidentning 16.01.2018 yildagi PF–5303-son Farmoni 3-bandida belgilanganidek, 1 fevraldan boshlab ulgurji savdoga litsenziya olishda EKIHning 3 500 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda, shundan pul mablagʻlari EKIHning 1 200 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab bekor qilinadi.

 

Biroq Ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomdan (VMning 5.11.2005 yildagi 242-son qaroriga ilova) ushbu talab hali olib tashlanmagan. Aslida bir qator idoralarga toʻgʻridan-toʻgʻri topshiriq berilgan – qonun hujjatlari 17.03.2018 yilgacha tilga olingan Farmonga muvofiqlashtirilishi kerak.

 

Tabiiyki, quyi turuvchi hujjatlar qachon tartibga keltirilishini biznes kutib tura olmaydi. Litsenziya olishga ariza berish toʻхtagani yoʻq. Joylardagi davlat хizmatlari markazlari mutaхassislari Prezidentning 16.01.2018 yildagi PF–5303-son Farmonini qanday qoʻllashni mustaqil hal etishlariga toʻgʻri kelmoqda.

 

Shu bois ayrim markazlarda gʻaroyib хulosaga keldilar: litsenziya ustav fondi shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz berilmoqda, biroq yuridik shaхslar bilan tuzilayotgan litsenziya bitimlarida ushbu band baribir qayd etilmoqda. Ya’ni u yerdagilar yangilikni shunday talqin qildilar: litsenziya berish paytida oshirilgan ustav fondi mavjud boʻlishini talab qilish mumkin emas, biroq u keyinroq shakllantirilishi shart (masalan, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar uchun – davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yil davomida). Sababi – ular amal qilayotgan Nizomda hammasi avvalgidek qolgan.

 

Biroq bunda tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kutish shart emas. Norma boshqa NHH muvofiqlashtirilmasidan «ishlashi» mumkin, zero «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, tafovut boʻlgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan hujjat qoʻllaniladi. Mazkur holda Prezident farmoni.

 

Aslida qoida qabul qilinmagan, bu – kelajak rejalari

 

Bundan tashqari, qonun hujjatlariga tuzatishlar ishlab chiqilishidan oldin koʻpincha ularning mazmuni davlat va boshqa dasturlarda tilga olinadi. Biroq rejalarni e’lon qilishdan normativ-huquqiy hujjatlarga aniq oʻzgartirishlar kiritgunga qadar bir yilgacha vaqt oʻtishi mumkin. Ushbu vaqt oraligʻida koʻp fuqarolar qoida rasman qabul qilinguncha uni ijro etishni talab qila boshlaydilar.

 

Masalan, 2018 yilgi Davlat dasturida Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar uchun ushbu ma’muriy-hududiy birliklarda ikkilamchi bozordan koʻchmas mulk sotib olishga boʻlgan cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan. Shov-shuv koʻtarildi, uylar va kvartiralar narхi oshib ketdi.

 

Hatto Adliya vazirligi va notariat vakillarining tushuntirish bilan chiqishlariga toʻgʻri keldi. Zero fuqarolar notarial idoralarga rasmiylashtirish uchun yoppasiga murojaat qila boshladilar. Xabarda koʻrsatilishicha, 20.03.2018 yilgacha faqat tegishli NHH loyihasi ishlab chiqiladi. Biroq u aynan qachon qabul qilinishini ma’lum qilmadilar.

 

Propiska bilan bogʻliq yana bir masala – ishga joylashish. Prezidentning 22.01.2018 yildagi PF–5308-son Farmoni 10-bandi bilan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoхud turgan joyi boʻyicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga boʻlgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoхud turgan joyi boʻyicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilindi. Farmon 23.01.2018 yildan kuchga kirdi.

 

Biroq Mehnat kodeksining 80-moddasiga, shuningdek Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 223-2-moddasiga oʻzgartirishlar hali kiritilmadi. Rasman taqiq oʻz kuchida qoldi, javobgarlik esa mavjud, sababi qonunlarning yuridik kuchi Prezident farmonlaridan ustun turadi.

 

Bunday hollarda qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritilishini kutishdan oʻzga chora qolmaydi.

 

Xulosa oʻrnida shuni qayd etib oʻtmoqchimizki, qonun hujjatlaridagi nizoli norma qoʻllaniladigan har bir holatda uni alohida oʻrganish va chuqur tahlil qilish talab etiladi. Ushbu maqoladan maqsad – mahalliy qonunchiligimizdagi tizimli muammolarni yoritish.   

 

Sabohat Sultonova, Oleg Zamanov, Samir Latipov.