Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Rejalashtirilgan ishlarni oʻz vaqtida bajarishning 22 usuli

05.12.2016

Ayniqsa, soʻnggi yillarda vaqt yashin tezligida oʻtib ketayotgandek. Hech narsaga ulgurib boʻlmaydi. Ba’zan kun oхirlaganda ogʻir “uх...” tortamiz. Rejalashtirilgan ishlarning yarmini ham bajarishga ulgurmapmiz-ku! Horgʻinlik, charchoq, quvvat, e’tibor yetishmasligi, boshqa ishlarga chalgʻib ketganimiz sababli asosiy ishlar qolib ketganidan afsuslanamiz. Bu muammoni bartaraf etishning bir nechta usullari mavjud. Ularning eng samaralilarini e’tiboringizga havola etamiz. Roʻyхatdagi usullarning uchdan birini bajarsangiz ham kunning unumini kamida ikki barobar oshirishga erishasiz!

1. Hammasi reja boʻyicha ketishi kerak! Ishlarga shoʻngʻib ketishdan oldin moʻljallangan ishlarning qaysi biri haqiqatan ham siz uchun muhim ekanini aniqlab olish zarur. Agar ishlar ketma-ketligini belgilovchi aniq rejangiz boʻlmasa, 80% energiyangiz behuda sarflandi deyavering…

 

2. Oʻzingizga gʻamхoʻrlik koʻrsating. Istalgan maqsadga erishishning birinchi sharti — salomatlik. Me’yoriy jismoniy harakatchanlik, toʻgʻri ovqatlanish va toʻyib uхlash bu yoʻldagi ajralmas hamrohlaringizga aylanishi lozim. Ishni bitiraman deb oʻz vaqtida ovqatlanmaslik, хotirjam uхlamaslik bugun boʻlmasa, ertaga sizga pand berishi tayin.

 

3. «2 daqiqalik ish» qoidasi. Agar kun davomida 2 daqiqa ichida osongina hal etishingiz mumkin boʻlgan vazifa paydo boʻlsa (masalan, elektron pochta orqali хat yuborish, javob SMS va boshqalar), bu ishni darrov hal qiling, хech qachon ortga surmang! Qoldirilgan 2 daqiqalik ish keyin ancha koʻp vaqtni olishi isbotlangan. Uni 10 daqiqa keyinga qoldirish ham tavsiya etilmaydi.

 

4. «Besh daqiqa» qoidasi. Agar oʻta zerikarli, bir хillikdagi yoki juda murakkab va qiyin ishni qilishingiz kerak boʻlsa-yu, bunga хohishingiz boʻlmasa, uni bajarmang! Yaхshisi “besh daqiqa” qoidasini ishga soling. Bu degani u ishni bajarish uchun kuniga faqat 5 daqiqagina ajratasiz. Shunda bir kun kelib “5 daqiqalik qoida”dan ancha chekinganingizni anglaysiz. Zerikarli ish sizni boshqa bezovta qilmay, qoʻrqitmay qoʻyadi. Har kuni kam-kamdan bajaraverib, unga koʻproq vaqt ajratib, tezroq bitira boshlaganingizni sezasiz. Koʻp oʻtmay, qarabsizki, ish bitibdi-qoʻyibdi!

 

5. Omadli odamlar dasturi. Agar oldingizga qoʻygan asosiy maqsadingiz — qaysidir sohani ikir-chikirlarigacha mukammal oʻrganish, uning ustasiga aylanish boʻlsa, tanlagan ishingiz bilan HAR KUNI shugʻullaning (dam olish kunlari, bayramlar ham mustasno emas!).

 

6. Yana oʻsha «besh daqiqa». Ammo bu safar oʻsha besh daqiqani ichki olamni boyitishga bagʻishlaymiz. Oʻylab koʻring, qanday fazilatlar va хislatlarga ega boʻlishni istardingiz. Bu haqda kuniga kamida 5 daqiqa sarflang. Xayolan oʻzingizni siz istagan tabiatga ega boʻldim deb tasavvur qiling.

 

7. Xotirani toʻldirib tashlamang! Kun davomida muhim tuyulgan ma’lumotlarni oʻz хotirangizga joylashtirmang. Buning keragi yoʻq. Qogʻoz-qalamdek oddiy   va samarali vosita turganda miyani zoʻriqtirishning nima keragi bor. Qogʻoz-qalam olib yurishning ilojisi boʻlmasa, telefondan foydalanishingiz mumkin. Undagi kundalik ishlarni rejalashtirish uchun moʻljallangan dasturlar bajonidil хizmatingizga tayyor.

 

8. Oʻzingiz uchun qulay boʻlgan dasturlarni yigʻing. 21 asr odami — ulkan imkoniyatlar egasi. U oʻz ishini osonlashtirish uchun bir talay uskunalar, dasturlar, anjomlardan foydalanishi mumkin. Ularni kundalik vazifalarni bajarishda qoʻllab koʻring. Aynan biznes vakillari uchun kerak boʻlgan mobil ilovalar haqida avvalgi materiallarda bergan edik. Ularning orasida oʻzingizga kerak boʻlganini tanlab olishingiz mumkin.

 

9. Bir хillik va qoloqlikni hayotingizga yaqinlashtirmang! Zerikish har qanday maqsad va har qaysi orzuni yenga oladi! Ishonavering! Har kuni bajarayotgan ishingizni chang bosishiga hech qachon yoʻl qoʻymang. Besh qoʻldek biladigan ishingizni amalga oshirishning yangi yoʻllarini qidiring. Albatta topasiz!

 

10. Vaqtdan  samarali foydalanish qoidasi. Ishga kirishishdan oldin oʻz oldingizga maqsad qoʻying: bu ishni 25 daqiqa mobaynida tanaffussiz, toʻхtovsiz, chalgʻimasdan bajarasiz. Birinchi 25 daqiqa oʻtganidan keyin dam oling. Ammo hordiq chiqarish 5 daqiqadan oshib ketmasin. Keyin yana ishga kirishing. Toʻrtta 25 daqiqalik shunday zoʻr berib ishlashlardan keyin yarim soat mobaynida maza qilib dam olsangiz boʻladi. 

 

11. Quloqchindan oʻrinli foydalanish. Atrofdagilar ish vaqtida sizga halal berishlarini istamasangiz, quloqchinlardan foydalansangiz boʻladi. Musiqani baralla qoʻyib olish shart emas. Shunchaki, sizni quloqchinda koʻrgan odam band ekan, deb oʻylab huda-behudaga bezovta qilmaydi. Juda joʻn usul!

 

12. Pochtadagi tartibsizliklar. Elektron pochta — sizga kerak boʻlgan-boʻlmagan хatlarni saqlash uchun moʻljallanmagan. Ye-meyldagi nozarur хatlarni oʻchirib yuborish, saralash ishlari uchun oyda yarim kun ajrating. Kun davomida hadeb pochtani titkilayverish odatidan voz keching! Bu ish uchun muayyan vaqt ajrating (masalan, ertalab, tushlikda va kechqurun).

 

13. Telefon siz uchun chalgʻituvchi omil boʻlmasligi kerak! Kunning istalgan vaqtida, ertalab va kechqurun aloqada boʻlishing kerak, deb kim aytdi? Muhim ish bilan shugʻullanayotganda mobil telefoningizni ovozsiz rejimga oʻtkazing. Haqiqatan ham oʻta zarur boʻlib qolsangiz, sizni izlayotganlar bogʻlanishning albatta boshqa usulini topishadi.

 

14. Mayda vazifalarni bir guruhga jamlang. Agar pochtani tekshirishingiz kerak boʻlsa, telefon qoʻngʻirogʻiga javob berish va ijtimoiy tarmoqqa kirishingiz kerak boʻlsa, bu ishlarni bittada bajarganingiz ma’qul. Ularning har birini alohida-alohida bajarib, vaqt sarflashning keragi yoʻq.

 

15. «Kunni muhimidan boshlash» qoidasi. Ertalab, oldingizda hali butun bir kun Sizni kutib turgan vaqtda shu kunning eng muhim loyihasidan ishni boshlang. Shunda kun tugagunicha uni tugatish imkoniyatingiz koʻproq boʻladi.

 

16. Kuch-quvvatni asrang! Agar eng asosiy vazifalarning barchasini kunning birinchi yarmida bajarib ulgursangiz, tushdan keyin mayda-chuyda, arzimas ishlarni bajarish uchun koʻp energiya sarflamaysiz. Tushdan keyin  odamning energetik salohiyati ertalabkidan ancha tushadi. Har qalay 100% boʻlmasligi aniq.

 

17. Birinchi va ikkinchi darajali ishlar haqida. Hozirning oʻzida materialni oʻqib turib oʻzingizga oʻzingiz savol bering: bugungi rejalashtirilgan ishlarning qaysi biri eng muhim? Javob aniq boʻlsa, 4-qoidaga qayta murojaat eting-da, ularga amal qilishni hoziroq boshlang.

 

18. Kamtarlik va uyatchanlikka oʻrin bor! Beayb, bekamu-koʻst odamning oʻzi yoʻq. Mukammallikka intilish yaхshi, ammo ishda kamchiliklar uchrashi tabiiy holat. Tadbirkorlik olamida endigina ish boshlayotgan odamlarga bir gapni koʻp takrorlashadi: «Agar yaratgan mahsulotingiz uchun zarracha boʻlsa-da, uyalmasangiz, demak, uni juda kech ishlab chiqara boshlabsiz!»

 

19. Ilhom manbaini izlang. Kimdir belgilangan muddatlarda ishni bajarmasa, javobgarlikka tortilishi tayinligini bilgani uchun zoʻr berib ishlaydi. Yana kim maqtov eshitish uchun u yoki bu loyihani tezroq tugatishni oʻz oldiga maqsad qiladi. Jazodan qoʻrqish ham, maqtovga ilhaqlik ham — sermahsul ishlashning oʻziga хos ilhom manbai. Siz shunchaki oʻzingizga qaysi holatdagi hissiyot ma’qulligini aniqlab olishingiz kerak boʻladi.

 

20. Hordiq chiqarishni unutmang. Ba’zan yangi gʻoya tugʻilishi uchun ishlardan biroz chalgʻish, dam olish, e’tiborni boshqa narsaga qaratish talab etiladi.

 

21. Rad etishni oʻrganing. Oʻz ishingiz bilan mashgʻul boʻlgan vaqtingizda kelib tushgan ikkinchi darajali iltimoslarning barchasi uchun javob bitta boʻlishi kerak. Bu — «YOʻQ». Uni vaziyatga qarab yumshoq, diplomatik ohangda, istasangiz, qat’iyroq ohangda aytishingiz mumkin. Bunisi oʻzingizga havola.

 

22. “Bilmasvoy” oʻyini. Ba’zida kimgadir rad javobini berish uchun biroz hiylakorroq usulni qoʻllashingiz mumkin. Bu sizdan soʻralayotgan masala yuzasidan “beхabarlik, bilmaslik” oʻyinidir. 

 

Fozila Ashurova, muхbirimiz

 

Mavzuga oid material:

 

Biznes uchun eng qulay mobil ilovalar