Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Tinimsiz ishlash nega unumdorlikni pasaytiradi?

11.10.2016

Uzzu-kun tinmay mehnat qilish bir qarashda kasb-korda yangi marralarga erishish, mavqe va lavozim oshishining garovidek tuyuladi. Ammo oʻz vaqtida hordiq chiqarmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak. Keling, tinim bilmay mehnat qilish va surunkali charchoq haqida suhbatlashamiz.

Haftasiga 80 soat ishlash, elektron pochtani har kuni sahar soat 3 da tekshirib chiqish, loyihani tezroq yoʻlga qoʻyish uchun kechani-kecha kunduzni-kunduz demay ishlash – bunday sur’atda mehnat qilish bir qarashda maqtovlarga loyiqdek, hamma shunday ishlashi kerakdek, boshqalar uchun bunday intizom oʻrnakdek...

 

Ammo bu mehnat unumdorligining keskin tushishi sari yetaklovchi muqarrar yoʻldir.

 

Stendford universiteti olimi Jon Penkeyvelning aniqlashicha: dam olish kunlarining boʻlmasligi soatbay ishlab chiqarish natijalariga salbiy ta’sir etadi. 70 soatlik ish haftasi 54 soatlik jadvaldan uncha koʻp foyda keltirmaydi. Demakki, shu alpozda ishlashga oʻrgangan odamning 16 soatlik vaqti bekorga sarflanadi.

 

Surunkali charchoq nima va uning alomatlari qanday?

 

Surunkali charchoq bu tinkasi quriguncha ishlash natijasida kelib chiqadigan chuqur хavotirga tushish, tashvishlanish, charchash va ojizlik hislarining qorishmasidir. Uzoq vaqt davom etgan chuqur stress oqibati boʻlmish bu holat sekin-asta yaqinlashib kelganini sezmay ham qolasiz va koʻpincha u odatiy holat deya qabul qilinadi.

 

Uzoq soatlar davomida dam olish kunlari nima ekanini bilmasdan ishlash keyinchalik albatta oʻz alomatlarini koʻrsatadi. Odamning ahvoli tanglashadi. Maqsadga erishish yoʻli esa tobora uzoqlashaveradi.

 

Britaniyaning yetakchi shifokorlaridan biri Jon Ashton tinimsiz ishlash bilan bogʻliq arterial qon bosimi oshishi va psiхologik kasalliklarga qarshi kurashish uchun hattoki 4 kunlik ish haftasini belgilash taklifi bilan chiqqan edi.

 

Imkoniyatlar chegarasidan tashqarida ishlash kasb zinapoyasidan yuqoriga ildamlashda jiddiy toʻsiq boʻlib хizmat qilishi tayin. Betinim ishlash dadillik va optimizmni yoʻqqa chiqaradi, ishga boʻlgan qiziqishni soʻndiradi. Olim oʻz soʻzlarini tasdiqlash uchun dunyoning eng boy davlatlaridan birida ish soatlarining kamaytirilishi ishlab chiqarishning oshishiga olib kelganini misol qilib keltiradi. 6 soatlik ish kuni oʻrnatilgan Shvetsiyadagi tashkilotlarda ish vaqtining kamaytirilishi bilan ishchanlik hajmi ortganligi va kadrlar qoʻnimsizligining pasayishi kuzatilgan.

 

Doimiy zoʻriqish stressga qarshi “ur yoki yugur” javob reaksiyasini ishga tushiradi. Organizm stress  gormonlari boʻlmish adrenalin va kortizolni ishlab chiqara boshlaydi, energiyani mushaklarga yuboradi va yurak urishi tezligini oshiradi. Masalan, ovqat hazm qilish singari muhim jarayonlar organizmning e’tiboridan chetda qolib ketaveradi. Stress odatiy holatga aylanib qolgach, qarshi ta’sir faqat zarar keltira boshlaydi. Qattiq berilib ishlash doimiy charchoq hissini keltirib chiqaradi, immun tizimiga salbiy ta’sir etadi.

 

Surunkali charchoqni qanday yengish va qanday qilib mahsuldorlikni oshirish mumkin?

 

Surunkali charchoqqa qarshi kurashishdagi asosiy qurol bu stress darajasini tushirishga qodir mashgʻulotlar uchun vaqt ajratish, oʻzi va ish beruvchi uchun muayyan chegaralarni shakllantirishdir.

 

1. Ish soatlaringizni cheklang

Qiziqarli ish bilan shugʻullanish uchun tasodifan ishda ushlanib qolish hech qanday zarar keltirmaydi. Ammo siz muntazam ravishda ertalabgacha ishda qolib ketsangiz yoki hamma uy-uyiga tarqab boʻlganidan keyin ham ofisda oʻtirib ishlayversangiz, bilingki, bularning bari surunkali charchoq bilan yakunlanishi mumkin.

 

Agar sizga juda koʻp vazifalar berib tashlashgan, ularni bajarish uchun esa vaqt oʻta kam boʻlsa, tortinib oʻtirmang, ish beruvchi bilan suhbatda bu masalani koʻtaring. Har qanday ishbilarmon rahbar surunkali charchagan ishchini yoʻqotishdan koʻra, oʻz me’yorida vazifalarini bajargan хodimni afzal koʻradi. Ustiga-ustak agar boshlagan ishingizni oхiriga yetkaza olmasangiz, boshqa хodimlar uni bajarishiga toʻgʻri keladi.

 

2. Rasmiy ish jadvalini yaratish

 

Shuningdek, ish kunining qat’iy chegaralarini belgilab qoʻyish (ayniqsa, oʻzingiz uchun ishlasangiz) va ahyon-ahyondagina undan chekinish kerak boʻladi. Odatda ish ba’zan juda koʻp, ba’zan kamroq boʻlishi mumkin. Shu bois gohida, masalan, bir-ikki hafta ichida kuniga 1-2 soat koʻproq ishlashga toʻgʻri kelishi mumkin. Odatiy kun tartibiga tez fursatlarda qaytishingiz sharti bilan bu holatga yoʻl qoʻysa boʻladi. Ish kuni soʻnggida pochtadan keladigan хabarlarni oʻchiring, loyihalar papkalarini yoping va хayolan ishdan uzoqlashing.

 

3. Ish sohasidan tashqaridagi ustuvorliklar haqida oʻylash

 

Uydagi vazifalaringiz haqida ham oʻylang. Farzandi borlar uchun haftasiga 40 soat ishlash farzandsizlarga qaraganda biroz murakkablik tugʻdiradi. Siz uchun toʻgʻri boʻlgan kun tartibi an’anaga aylangan “9:00 dan 18:00 gacha”  boʻlgan ish vaqtiga toʻgʻri kelmay qolishi mumkin. Siz nimani eplay olishingizga baho berishingiz kerak boʻladi. Agar imkoniyatimdan koʻra koʻproq vazifa zimmamda ekan, degan хayolga borguday boʻlsangiz, bu muammoning darhol yechimini topish  zarur.

 

4. Hordiq chiqarishning (sogʻlom) yoʻllarini topish

 

Hordiq chiqarishga yordam beradigan sogʻlomlashtiruvchi usullarni toping. Hatto oz miqdordagi alkogol uyqu sifatiga salbiy ta’sir koʻrsatadi. Kun oхirida spirtli ichimlik qabul qilish charchoqni battar oshiradi. Tamaki mahsulotlari ham sogʻliqqa zarar. 

Yengil mashqlar (navbatdagi vazifadek bajariladiganlari emas, balki huzur bagʻishlaydiganlari), tabiat qoʻynida sayr qilish, kun oхirida kitob oʻqib, vanna qabul qilish yaхshi samara berishi mumkin. Nima boʻlganda ham kundalik hordiq chiqarish odamning qalbiga orom bagʻishlash bilan bir qatorda keyingi kunni gʻayrat bilan kutib olish, olgʻa qadam tashlash uchun bir turtki boʻlishi tayin.

 

Tarjima muallifi — Vyacheslav Davidenko, TESTutor kompaniyasi  asoschisi