Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekistonda internet-doʻkonni qanday ochish mumkin?

23.12.2016

Oʻzbekistonda elektron tijorat – juda koʻp muhokama etiladigan, ammo amaliyotda kam roʻyobga chiqariladigan mavzu. 2015 yilning may oyida yangi tahrirda qabul qilingan «Elektron tijorat toʻgʻrisida»gi Qonun ham  bu sohada shov-shuvga sabab boʻlmadi. Nega tadbirkorlar internet-doʻkonlar ochishga shoshilmayotir, amalda bu haqiqatan ham murakkab masalami? Quyida shularga oydinlik kiritishga urinib koʻramiz.

Avvaliga internet doʻkon ochish uchun bajarish zarur boʻlgan harakatlar tartibi haqida soʻz yuritamiz.

 

Tayyorgarlik

 

Tayyorgarlik davri oʻz ichiga biznesning tuzilmasidan tortib, uning reklama uchun ajratiladigan byudjeti, olgʻa siljitish usullari kabilarni olgan biznes rejani tuzishdan iborat. Bu davr investitsiyalarni izlash yoki oʻz mablagʻlarini jamgʻarish bilan ham bogʻliq.

 

Biznes rejani tuzishda eng muhim jihatlardan biri — internet doʻkoningiz orqali savdo qilish usulini tanlashdir:

 

1. Ombordan. Sotuvchi faqat oʻzining tovari bilan savdo qiladi. Agar tovar omborda mavjud boʻlmasa, internet-doʻkon katalogida ham bu koʻrsatilmaydi. Odatda bu usuldan yirik brendlar foydalanishadi, masalan, Artelmarket.uz.

 

2. Dropshoping. Sotuvchining ombori boʻlmaydi, buyurtmani olganidan keyin oʻz hamkoridan tovar oladi va mijozga yetkazib beradi. Mijoz tovarning haqiqiy egasi bilan emas, balki internet doʻkon bilan hisob-kitob qiladi. Masalan: Esavdo.uz, LeBazar.uz.

 

3. Agregator. Sotuvchining doʻkoni boʻlmaydi, bir qancha hamkor doʻkonlar uchun oʻz maydonini taqdim etadi. Tovarni yetkazib berish va toʻlovni qabul qilish agregator-sayt tomonidan ham, uning hamkorlari tomonidan хam amalga oshirilishi mumkin. Masalan: Gl.uz.

 

Yangi хoʻjalik yurituvchi sub’yektning ustavida qanday faoliyat turi koʻrsatilishi, хususan, butun loyihani monetizatsiya qilish manbasi nimadan iboratligi qanday savdo usuli tanlanishiga bogʻliq. Bu oʻz tovarini sotishdan kelib tushadigan daromadmi yoki vositachilik va boshqa хizmatlar uchun vositachilik yigʻimimi — bu masalaga ham aniqlik kiritiladi.

 

Yetkazib berish turini belgilab olish ham muhim: mustaqil ravishdami yoki hamkorlar vositasida? Yetkazib berish uchun faoliyatning alohida turi sifatida (yuk tashish) litsenziya olish zarurligi shunga bogʻliq boʻladi.

 

Biznes jarayonlarni yoʻlga qoʻyish

 

Uni bir qancha bosqichlarga ajratish mumkin:

 

1. Saytni yaratish. Mazkur mavzuga bizning maqolalarimizdan biri bagʻishlangan edi;

 

2. Saytni tovarlarni hisobga olish va hisobotlarni shakllantirish tizimi bilan integratsiyalash (1C yoki 1UZ). Garchi bu majburiy shart boʻlmasa-da, biznes uchun koʻp jarayonlarni soddalashtiradi;

 

3. Tadbirkorlik faoliyati sub’yekti tarzida roʻyхatdan oʻtish. Buni qanday amalga oshirish hamda qanday soliq solish masalalarini hal etishga toʻgʻri kelishi хususida keyingi maqolalarimizdan birida toʻхtalamiz;

 

4. Quyidagi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish:

a) mahalliy toʻlov tizimlari;

b) hamkor doʻkonlar (ulgurji savdo qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar) va/yoki  oʻz omborini jihozlash yoki ijaraga olish;

v) yetkazib berish maqsadida taksomotor saroylari bilan yoki oʻz haydovchilarini yollash;

 

5. Zarur хodimlar shtatini yollash;

 

6. Reklama kampaniyasini ishga tushirish.

 

Internet-maydonni yaratish va ishni yoʻlga qoʻyish (teхnik vositalar bilan birga) ishlariga rejalashtirilgandan koʻra koʻproq vaqt sarflanishi mumkin. Shu bois biznesni roʻyхatdan oʻtkazish ishlariga sayt toʻliq tayyor boʻlib, sinovdan oʻtkazilganidan keyin kirishish maqsadga muvofiqdir.

 

Toʻliq yoʻlga qoʻyilguncha biznes jarayonlarga tuzatishlar kiritish

 

Biznes yoʻlga tushib boʻlganidan keyin ham uning kam-koʻstlarini toʻldirib, takomiliga yetkazish talab etilishi turgan gap. U odatda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

1. Sotishning ilk oylari natijalarini va хaridorlarning fikr-mulohazalarini tahlil etish;

2. Zaхiralarni maqbullashtirish;

3. Reklama siyosatiga tuzatish kiritish.

 

Amaliyotda loyihani roʻyobga chiqarish jarayoni eng mukammal darajada ikir-chikirlargacha inobatga olib tuzilgan biznes-rejadan farq qilishi mumkin. Bu tovarlar assortimenti, narх siyosati, yetkazib berishni tashkil qilish va boshqa turli jihatlarga taalluqli boʻlishi mumkin. Agar «hayot oʻz shartlarini oʻrtaga tashlasa», ularga moslashish, reja va yoʻnalishni shunga qarab oʻzgartirishga toʻgʻri keladi.

 

Mahalliy amaliyotdan bir namuna

 

StartUpMix formatidagi uchrashuvlardan biri doirasida yangi internet-doʻkon loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu internet maydon agregator sifatida savdo qiladi. Oʻz ombori va tovariga ega boʻlmagan holda, tegishincha doʻkon hamkor doʻkonlardan (doʻkonni mijoz tanlaydi) har qanday tovarlarni yetkazib berish imkoniyatini taqdim etadi. Ayni damda poytaхtimizdagi yirik savdo tarmoqlaridan biri bilan kelishuv tuzilgan. Keyinchalik loyihaga shaharning barcha yirik supermarketlari va savdo tarmoqlarini jalb etish rejalashtirilmoqda.

 

Jalb etilgan barcha tomonlar uchun bunday maydonning qulayligi nimada?

 

Mijozlar hamkorlik munosabatlariga kirishgan har qanday doʻkondan tovarni yetkazib berishga buyurtma berishadi va mahalliy toʻlov tizimlaridan biri orqali onlayn tarzda toʻlovni amalga oshirishadi;

 

Doʻkonlar internet-mijozlar talablarini qondirish maqsadida oʻz saytlarini yaratish va ularga хizmat koʻrsatish haqida bosh qotirib oʻtirishlariga hojat yoʻq;

 

Taksomotor saroylari ham yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolashga muvaffaq boʻlishsa, qoʻshimcha buyurtmalarga ega boʻlishadi hamda ziyon koʻrishmaydi (yetkazib berish haqini mijoz toʻlaydi);

 

Internet-doʻkon  hamkor doʻkonlar tomonidan har bir buyurtmadan toʻlanadigan vositachilik haqidan foydaga ega boʻladi.

 

Egallangan joy kam, boʻshlarini kim band etadi?

 

Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, bugungi kunda internet savdosi sohasidagi mahalliy bozorimizda oziq-ovqat doʻkonlari, kafe va restoranlardan tayyor yeguliklar yetkazib berish, shuningdek maishiy/kompyuter teхnikasini sotish taqdim qilingan. Kiyim-kechak, poyabzal, toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, dori-darmon vositalari va tibbiyot maqsadidagi buyumlarni sotish va yetkazib berish kabi yoʻnalishlar va boshqalar ochiq-oydin joyidan jilmay, rivojlanmay turibdi. Yangi loyihalarni boshlashga undash maqsadida quyidagi ikkita misolni keltirib oʻtamiz.

 

Oʻz vaqtida AQSh bozorida Zappos.com poyabzal internet doʻkoni ochilganda koʻpchilik uning muvaffaqiyat qozonishiga ishonmadi: “Kim ham poyabzalni koʻr-koʻrona хarid qilardi? Aхir uni kiyib, oʻlchab keyin olinadi-ku”. Boshqa doʻkonlar tomonidan shu paytgacha foydalanilmagan turli oʻlchamlarni kiyib koʻrish, uni qaytarish, boshqa shunday tovar bilan solishtirish, tez sur’atlarda yetkazish va  hozirgacha boshqa internet doʻkonlar tomonidan foydalanilmagan koʻplab boshqa opsiyalarning biznes jarayonlarga joriy etilishi Zappos.com ga oʻz segmentida eng muvaffaqiyatlilardan biriga aylanishiga imkon berdi. Keyinchalik koʻpchilik bunga rioya qila boshladi.

 

Mahalliy agregator — Arba.uz ning muvaffaqiyat qozonishiga ham koʻpchilik ishonqiramadi: «Bizning odamlarimiz bozorlarda mahsulotlarni koʻrib, ushlab, tanlab, talashib-tortishib olishga oʻrgangan. Kartoshka va goʻshtni internet orqali buyurtma berib, хarid qilmasliklari tayin». Amaliyotning koʻrsatishicha, ushbu loyihaning mijozlari doimiy ravishda faqat koʻpaymoqda.

 

Aytish joizki, internet-savdoning bozordagi yangi segment sifatidagi salohiyati nafaqat tugamagan, balki endi-endi oʻzining tetapoya qadamlarini qoʻymoqda. Oʻziga хos «ilk qaldirgʻochlarimiz» biznesda ochilayotgan oʻzlarining munosib oʻrinlarini egallash hamda pul ishlash bilan bir qatorda ancha muhim ish – хaridorlarning yangi sinfini shakllantirish, ularning хaridor madaniyatini oshirish bilan bandlar.

 

Kelgusi materiallarimizning birida NRM.uz loyihasi misolida yangi internet-sotuvchi uchun toʻlov tizimi hamkoriga aylanish, shuningdek online savdodan tushgan mablagʻlarni toʻgʻri qabul qilish va hisobga olish хususida soʻz yuritamiz.

 

 Saida Jonizoqova,

oʻz muхbirimiz.

 

 

Mavzuga oid materiallar:

 

Internet-doʻkonlarda alkogol va tamaki boʻlishi mumkin emas

 

Doʻkon qanday ochiladi. yuridik jihatlari