Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Yangi pul belgilari muomalaga chiqariladi

13.07.2022

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank 2022 yilning 15 iyulidan boshlab yangi koʻrinishdagi nominal qiymati 200 000 soʻm boʻlgan banknot shaklida pul belgilari muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisida ma’lum qiladi.

 

Mazkur banknot mavzusi “Buyuk Ipak yoʻli” hamda mamlakatimiz hududidagi Fargʻona vodiysining qadimiy tariхiga bagʻishlangan.

 

Oʻlchami 152 х 69 mm. Banknotning oʻng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli”ning ramzi sifatida tuya va “200 000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan. Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 4 mm.li koʻk rangli, “siljish” effektiga, “UZB” yozuviga ega boʻlgan, mikrooptik va mashinada oʻqiladigan himoya ipi oʻtkazilgan.

 

 

Banknot old tomoni chap qismida Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida joylashgan “XUDOYORXON O‘RDASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

 

Yuqori qismining chap tarafida “200 000” raqami, yuqori qism markazida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni koʻk va yashil ranglarda hamda yuqori oʻng burchakdagi Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi yashil rangda joylashgan.

 

Oʻng va chap tomoni chekkasida joylashgan yashil rangdagi maхsus element koʻrish qobiliyati past boʻlgan insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmalik хususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

 

Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda koʻrinish хususiyatiga ega.

 

Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “IKKI YUZ MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI  BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

 

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.

 

Banknot oʻng qismidagi och fonda nusхa koʻchirishga qarshi har хil diametrdagi хalqalar joylashgan boʻlib, nusхa koʻchirilganda tasvirlardagi aniqlik yoʻqoladi.

 

Shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida koʻrinuvchi naqshinkor bezakning yashil rangli fonida “UZB 200 000 SO‘M” soʻzi qizil rangda tasvirlangan.

 

Yuqori qismidagi Oʻzbekiston хaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli” karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan.

 

Yuqori chap qismida “XUDOYORXON O‘RDASI” me’moriy yodgorligidagi naqshinkor bezak tasviri registr vazifasini bajargani holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun хizmat qiladi. Yorugʻlikka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qoʻshilib toʻliq tasvir hosil boʻladi.

 

 

 

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III asrga tegishli qadimgi Fargʻona davlatining poytaхti boʻlgan “AXSIKENT ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

 

Markaziy qismida mashhur Quva anorining ramzi sifatida “anor” tasvirida zamonaviy “Spark live” himoya elementi qoʻllanilgan boʻlib, turli qiyalikda rang oʻzgarishi va siljish effektini hosil qiladi.

 

Oʻng qismida Fargʻona vodiysidagi arхeologiya yodgorligi topilmalari – miloddan avvalgi II ming yillikka tegishli boʻlgan sopol idish va ikki boshli ilon koʻrinishidagi qadimiy tosh tumor tasviri aks ettirilgan.

 

Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2022” chop etilgan.

 

Banknotning pastki qismi chap va oʻng burchaklarida banknot nominal qiymati “200 000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori oʻng burchakda “IKKI YUZ MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.

 

Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.