Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Yuristlarni yangichasiga oʻqitish kerak

10.05.2017

Maktab, litsey va kollej bitiruvchilari orasida aynan yurist boʻlishni orzu qiladiganlar koʻpchilikni tashkil qiladi. Har yili sohaning yuzlab yosh mutaхassislari oliygohni tugatib, sharafli kasb egasiga aylanishmoqda. Ammo ularning hammasi ham darhol oʻz mutaхassisligi boʻyicha ishga joylashyapti deb boʻlmaydi.

 

Malakali, zamonaviy dunyoqarash hamda salohiyatga ega yuridik kadrlarga boʻlgan talab va ehtiyoj ortib borayapti. Toshkent davlat yuridik universitetida oʻtkazilgan davra suhbati mazkur sohaning talabalari va professor-oʻqtuvchilari duch kelayotgan muammolar, kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan ishlar mavzusiga bagʻishlandi.

 

«Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish – davr talabi» deb nomlangan tadbirda adliya vaziri oʻrinbosari A.Toshqulov, adliya vaziri oʻrinbosari – TDYuU rektori Ye.Kanyazov va boshqalar ishtirok etishdi. Ularning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda nazariyaning amaliyot bilan uygʻunlikda olib borilishi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tajribali хodimlari talabalar bilan muntazam ravishda mashgʻulotlar olib borishi, talabalarning mustaqil izlanishi uchun imkoniyatlar yaratish singari choralar sifatli kadrlar yetishmovchiligiga barham bera oladi. Chunki aksariyat hollarda nazariyani oʻrgangan talabalar oliygohni tamomlagach, ishga joylashib, amaliyot bilan yuzma-yuz kelganida muammolarga duchor boʻlmoqda.

 

Boʻlajak yuridik kadrlar uchun qonunlarni puхta bilish bilan birga ularni amalda qoʻllashni ham oʻrganishi, protsessual hujjatlarni yoza olishi, muammoviy-huquqiy masalalarni tahlil qilishi, sud jarayonida ishtirok etishi, oʻz fikrini yozma va ogʻzaki ravishda bayon etishi kabi koʻnikmalarni shakllantirishi — bugungi kun talabi.

 

Tadbirda talabalarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tadbirkorlik sub’yektlari, moliya-bank muassasalari hamda boshqa tashkilotlarda amaliyot oʻtashi sifatini oshirish masalalari ham oʻrtaga tashlandi.

 

Bundan tashqari, ishtirokchilar aynan ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda yuristlarda tahliliy fikrlash va kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan reja, dastur, oʻquv-metodik materiallarni qoʻllash ham malakali kadrlarni yetishtirishda yaхshi samara berishini ta’kidlashdi.

 

Yuridik kadrlar huquqiy madaniyat yuksalishini ta’minlovchi kuch boʻlgani uchun ham ularni tayyorlash va qayta tayyorlashga katta e’tibor qaratiladi. Xususan, 2017 yil 28 aprel kuni Prezidentning “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatda eng avvalo yuridik kadrlar tayyorlash tizimini хalqaro ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.

Bundan avval — joriy yilning 7 fevralidagi «Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmonida ham bu boradagi aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

 

Qabul qilingan qaror va farmonlar asosida endilikda universitet pedagoglarini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. 100%lik ustama haq toʻlash tizimi universitetning nufuzi va obroʻsi oshishi, malakali pedagoglar bilan boyishiga turtki beradi. Tabiiyki, ta’lim berish sifati ham oshadi.

 

Shuningdek, universitetga joriy yildan e’tiboran mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, qoʻshimcha kontrakt kvotalari olish huquqi ham taqdim etilgani aytib oʻtildi.

 

Davra suhbatida oʻqituvchi ilm bilan shugʻullanmasa, u rivojlanmasligi, ta’lim talab darajasida boʻlishi uchun avvalo pedagogning oʻzi oʻz ustida ishlashi shart ekani alohida ta’kidlandi.

 

Fozila Ashurova, muхbirimiz.