? Bilishimcha, avtomobilning old oynasini qoraytirish mumkin emas. Faralar tusini oʻzgartirsa boʻladimi?
Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda faralar tusini oʻzgartirganlik uchun javobgarlikni koʻzda tutadigan maxsus modda yoʻq. Mazkur Kodeksning 126-moddasiga binoan davlat standarti normalariga muvofiq boʻlmagan koʻzgusimon yoki tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalanish uchun jazo koʻzda tutilgan.
Biroq shuni qayd qilamizki, oyna va optikaning tusini oʻzgartirish – bu har xil narsalardir.
Binobarin, faralar tusini oʻzgartirganlik uchun javobgarlik yoʻq, deb faraz qilish mumkin. Lekin, YHXX xodimi MJtKning 127-moddasi “Transport vositalarining tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish” boʻyicha, aynan ularni oʻzgartirib oʻrnatganlik uchun javobgarlikka tortishi mumkin. Bunday tartibni buzganlik uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solinadi.
Shuni qayd etish lozimki, faralar tusini oʻzgartirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi aniq norma yoʻq boʻlsada, shunga qaramay YHXX noziri ularni oʻzgartirib oʻrnatganlik uchun javobgarlikka tortishi mumkin. Shuning uchun, jazoga tortilish xatari va atrofdagilar xavfsizligi nuqtai nazaridan biz faralar tusini oʻzgartirishni tavsiya qilmaymiz, axir avtomobil yuqori darajada xavfli vosita hisoblanadi.



