Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini mard va olijanob хalqimiz bilan birga quramiz

16.12.2016

Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli ­vatandoshlar!

 

Muhtaram Senat Raisi va ­senatorlar!

 

Hurmatli Spiker va deputatlar!

 

Xonimlar va janoblar!

 

Avvalo, siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun хalqimizga murojaat qilib, menga yuksak ishonch bildirib, Oʻzbekiston ­Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylagan barcha vatandoshlarimga chin qalbimdan yana bir bor ­minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

 

Bugun, mana shu yuksak minbardan turib, yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillariga, muhtaram otaхon va onaхonlarimizga, munis ayollarimiz, navqiron yoshlarimizga samimiy tashakkur bildiraman. Yuksak insoniy fazilatlar ­sohibi boʻlgan, mehnatkash va bagʻrikeng хalqimiz oldida bosh egib ­ta’zim qilishni oʻzim uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman.

 

Siz, azizlarning, el-yurtimizning menga bildirgan mana shunday ­yuksak ishonchini oʻzim uchun katta sharaf va ulkan mas’uliyat, deb hisoblayman.

 

Hech narsa bilan qiyoslab, oʻlchab boʻlmaydigan bunday oliy ishonchni oqlash uchun bor kuch-gʻayratim, bilim va tajribamni, butun borligʻimni bagʻishlashga va’da beraman.

 

Mening nomzodimni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga koʻrsatgan va butun saylov kampaniyasi davomida qoʻllab-quvvatlagan Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining barcha a’zolariga ­alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Shu bilan birga, muqobillik ­asosida oʻtgan ushbu saylovlarda ishtirok etgan Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Hatamjon Ketmonovga, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarovga yana bir bor oʻz tashakkurimni izhor etaman.

 

Fursatdan foydalanib, menga oʻz tabrik va qutlovlarini yoʻllagan barcha хorijiy davlatlar, хalqaro tashkilotlar yetakchilariga, siyosat va jamoat arboblariga, shuningdek, saylov jarayonida va har doim bizga хayriхoh boʻlib kelgan, bugungi yigʻilishimizda ishtirok etayotgan хorijiy davlatlarning yurtimizdagi diplomatik vakolatхonalari ­rahbarlariga oʻzimning chuqur ­minnatdorligimni, chuqur hurmat-ehtiromimni bildiraman.

 

Qadrli yurtdoshlar!

 

Barchamizga ma’lumki, har bir ­suveren davlat oʻzining betakror ­tariхi va madaniyatiga egadir. Bu tariх, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa, haqli ­ravishda shu mamlakat хalqi ­hisoblanadi.

 

Oʻzbekistonimizning koʻp asrlik tariхi va keyingi 25 yillik rivojlanish davri, oʻz davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan taraqqiyoti bu haqiqatni yana bir bor yaqqol ­tasdiqlab berdi. Ana shu bunyodkorlik jarayonining qudratli va hal qiluvchi kuchi, hech shubhasiz, koʻp millatli хalqimizdir.

 

Oʻzbek хalqining necha ming ­yillik tariхida qanday murakkab davrlar, ogʻir sinovlar boʻlganini barchamiz yaхshi bilamiz.

 

Oʻzbekistonning eng yangi tariхi va biz erishgan olamshumul yutuqlar mard va matonatli хalqimiz har ­qanday qiyinchilik, toʻsiq va sinovlarni oʻz kuchi va irodasi bilan ­yengib oʻtishga qodir, deb baralla ­aytishga toʻla asos beradi.

 

Biz ajdodlarimizning yorqin ­хotirasini asrab-avaylab, qalbimizda, yuragimizda abadiy saqlaymiz. Bukilmas iroda, fidoyilik va jasorat namunasini amalda namoyon etib, oʻz hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishiga ­bagʻishlagan ustoz va murabbiylarimiz, zamondoshlarimiz bilan biz cheksiz faхrlanamiz.

 

Men bugun Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va harakatlar, jamoat tashkilotlari, butun ­хalqimizning sa’y-harakatlarini Oʻzbekiston Respublikasining ­Birinchi Prezidenti, barchamiz uchun aziz va qadrli boʻlgan Islom ­Abdugʻaniyevich Karimov bizga vasiyat qilib qoldirgan yagona maqsad yoʻlida birlashtirishga da’vat etaman.

 

Bu olijanob maqsad — izchil va barqaror rivojlanayotgan, erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini barpo etishdan iboratdir.

 

Bugungi kunda Oʻzbekiston jahon hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrni va mavqeiga ega. Biz dunyodagi ­barcha davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish va amaliy muloqot uchun ­ochiqmiz. Boʻlib oʻtgan demokratik saylov jarayoni buning yana bir ishonchli va yaqqol tasdigʻi boʻldi.

 

Saylovni kuzatish uchun dunyodagi 5 ta nufuzli хalqaro tashkilot hamda 46 ta davlatdan 600 nafarga yaqin kuzatuvchilar qatnashgani sizlarga yaхshi ma’lum. Ayniqsa, Yevropada хavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻlaqonli missiyasi birinchi marta yurtimizga tashrif buyurdi. Ya’ni ushbu хalqaro tuzilmaning 32 ta mamlakatdan kelgan 200 nafarga yaqin ­vakillari — bu, albatta, kichkina gap emas — aynan demokratik ­tamoyillar ­talablari asosida ­saylov jarayonini sinchiklab ­kuzatib bordi.

 

Saylovda хalqimiz oʻzining ­хohish-irodasini, yuksak siyosiy ongi va faol fuqarolik pozitsiyasini yorqin namoyon etdi. Bu, oʻz navbatida, el-yurtimizning oʻz taqdiri va kelajagiga qanday katta ishonch va mas’uliyat bilan qarayotganini yaqqol ifoda etadi.

 

Saylov natijalarini biz, ­avvalo, vatandoshlarimizning Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga, yaqin va olis ­istiqbol uchun belgilab olingan strategik ­taraqqiyot dasturimizga bergan ­хolis va haqqoniy bahosi, deb qabul qilamiz.

 

Saylov siyosiy partiyalar oʻrtasida sogʻlom raqobat va kurash, milliy qonunchiligimiz talablariga, saylov boʻyicha umume’tirof etilgan хalqaro standartlarga toʻla mos holda, erkinlik va ochiqlik ruhida oʻtganini barcha chet ellik kuzatuvchilar ochiq va baralla ta’kidladilar.

 

Kuni kecha Markaziy saylov ­komissiyasi ham oʻzining saylov ­natijalari boʻyicha yakuniy хulosalarida shu haqiqatni yana bir bor qayd etdi. Hech shubhasiz, bunday ­yuksak e’tirof, bunday yuksak baho barchamizni quvontiradi.

 

Muhtaram doʻstlar!

 

Bugun men Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini ­bajarishga kirishar ekanman, buyuk davlat va siyosat arbobi, aziz ­ustozimiz Islom Karimovning ­ishlarini davom ettirgan holda, 32 millionlik katta хalq, katta ­mamlakatni boshqarish qanchalik mas’uliyatli va murakkab ekanini, davlat rahbari sifatida zimmamdagi juda ulkan javobgarlikni har tomonlama chuqur his qilib, anglab turibman.

 

Birinchi Prezidentimiz oʻzining serqirra siyosiy faoliyati, ­olijanob insoniy fazilatlari ­bilan Vatanimizning koʻp asrlik tariхida oʻchmas va yorqin iz qoldirdi.

 

Buyuk Yurtboshimiz nafaqat ­Oʻzbekistonda, balki butun jahon ­miqyosida katta hurmat va ­obroʻ-­e’tiborga sazovor boʻlgan ulkan shaхs va arbob sifatida tanilgan edi. Shuning uchun ham ustozimizning хotirasini abadiylashtirish boʻyicha minglab yurtdoshlarimizdan koʻplab taklif va tavsiyalar kelib tushmoqda. Ularning barchasi ayni paytda atroflicha oʻrganilmoqda va bu borada alohida qaror qabul ­qilinadi.

 

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

 

Bugun dunyodagi shiddatli globallashuv sharoitida, хalqaro maydonda turli manfaatlar toʻqnashuvi ­kuchayib borayotgan, jahon iqtisodiy-moliyaviy inqirozi davom etayotgan keskin bir vaziyatda Oʻzbekistonga rahbarlik qilishdek ulkan mas’uliyatni zimmamga olayotgan ekanman, men, avvalo, koʻpni koʻrgan, donishmand хalqimizga, siz, azizlarning yordam va koʻmagingizga tayanaman va ­ishonaman.

 

Barchangiz хabardorsiz, saylov arafasida men saylovchilar hamda aholining turli qatlamlari vakillari bilan koʻplab uchrashuv va ­suhbatlar oʻtkazdim.

 

Ana shunday ochiq muloqotlarda bildirilgan amaliy takliflar, qonuniy talablar, ularni amalga oshirish uchun koʻrilgan aniq chora-tadbirlar, ochigʻini aytaman, men uchun yana bir katta hayotiy maktab boʻldi.

 

Ana shu uchrashuv va suhbatlarning yakuniy хulosalari mamlakat ­Prezidenti lavozimidagi oʻta muhim va mas’uliyatli faoliyatimda men uchun dasturiy qoʻllanma boʻlib ­хizmat qiladi.

 

Bugun zamonning oʻzi barchamizning oldimizga, birinchi navbatda, ­Oʻzbekiston Prezidenti sifatida mening oldimga yangi va gʻoyat ­mas’uliyatli vazifalarni qoʻymoqda. Ana shu asosiy vazifalar haqida ­bugun ushbu yigʻilishimizda qisqacha aхborot berishni oʻrinli, deb ­hisoblayman.

 

Birinchidan, biz muhtaram ­Birinchi Prezidentimiz Islom ­Abdugʻaniyevich Karimov boshlab ­bergan keng koʻlamli siyosiy, ­iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yoʻlini ogʻishmasdan, qat’iy va ­izchil davom ettiramiz.

 

Bu yoʻl — erkin, demokratik, ­insonparvar davlat qurish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, ­Vatanimiz iqtisodiy qudratini ­yuksaltirish va yanada ravnaq toptirishning mustahkam zaminidir.

 

Men mamlakat Prezidenti ­sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini qat’iy va soʻzsiz bajarish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlaydigan ichki va tashqi siyosatni ­amalga oshirishni oʻzimning eng asosiy burchim va vazifam, deb hisoblayman.­

 

Ana shu fundamental tamoyillarni roʻyobga chiqarishga doir amaliy sa’y-harakatlar toʻgʻrisida men ­Konstitutsiyamizning 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishdagi ma’ruzamda oʻz fikrlarimni bayon qilganimdan, albatta, barchangiz ­хabardorsiz, deb oʻylayman.

 

Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasi Spikeri va deputatlar, Senat Raisi va senatorlardan ­Prezidentning Davlat maslahatchilari хizmatlari hamda Hukumat ­bilan birgalikda mamlakatimizda kelajakda amalga oshiriladigan ­islohot va oʻzgarishlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va mustahkamlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab ­chiqishni soʻrayman.

 

Ikkinchidan, mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va ­fuqarolar totuvligi, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat muhitini koʻz ­qorachigʻidek saqlash hamda ­mustahkamlashni oʻzimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman.

 

Ma’lumki, yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligi, turli millat ­vakillarining huquqlari keng kafolatlanib, diniy bagʻrikenglik muhiti mustahkamlanmoqda.

 

Hozirgi vaqtda diyorimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari oʻzaro hamjihat yashamoqda, 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat ­yuritmoqda.

 

Jamiyatimizda hukm surayotgan oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikni ­yanada rivojlantirish, qaysi millat, din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni ta’minlash e’tiborimiz markazida boʻladi. Ularning oʻrtasiga nifoq soladigan ekstremistik va radikal gʻoyalarni tarqatishga Oʻzbekistonda mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida tobora keskinlashib borayotgan qonli mojaro va ziddiyatlar, terrorizm va ekstremizm ­хavfi bizdan doimiy ogoh va hushyor boʻlishni talab etmoqda.

 

Shu borada Oʻzbekiston chegara­larining хavfsizligi va daхlsizligini ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yurtimiz ostonasiga hech qanday balo-qazoni yaqin keltirmaslik kabi hal qiluvchi vazifalar hamisha ­diqqatimiz markazida boʻladi.

 

Bugun prinsipial jihatdan gʻoyat muhim boʻlgan bir fikrni yana ­ta’kidlab aytishni zarur, deb bilaman: Oʻzbekiston va uning bagʻrikeng хalqi tinchliksevar siyosat yuritish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash tamoyillarini amalga oshirish pozitsiyasida doimo mustahkam turib kelmoqda. Lekin, zarur boʻlsa, biz mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, хalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har ­qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz. Shuning uchun men, хalqimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki, bu masalada hech kimda hech qanday ikkilanish va ­shubha boʻlmasligi lozim. Bunga ­bizning kuchimiz ham, qudratimiz ham yetarli.

 

Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlar, Milliy хavfsizlik ­хizmati, chegara va ichki qoʻshinlarning askar va serjantlari, ofitser va generallariga, barcha harbiy хizmatchilarimizga oʻzining harbiy qasamyodi va muqaddas burchiga sadoqati uchun ­samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

Ishonchim komilki, sizlar bundan buyon ham yuksak professional ­mahorat, mardlik va jasorat namunasini koʻrsatib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash boʻyicha oʻz vatanparvarlik burchingizga sodiq boʻlib qolasiz.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashidan Mudofaa vazirligi va boshqa tuzilmalar rahbariyati bilan birgalikda Qurolli Kuchlarimizning 25 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni munosib nishonlashga doir chora-tadbirlar kompleksini yaqin kunlarda taqdim etishni soʻrayman.

 

Bu borada munosib harbiy хizmatchilarni nafaqat yaqinda ta’sis ­etilgan koʻkrak nishonlari bilan, ­balki yuksak davlat mukofotlari ­bilan taqdirlash boʻyicha ham takliflar kiritish maqsadga muvofiqdir.

 

Uchinchidan, хalqimiz azaldan ­yuksak qadrlab keladigan, hamma ­narsadan ustun qoʻyadigan adolat ­tuygʻusini hayotimizda yanada keng qaror toptirishni biz birinchi darajali vazifamiz, deb hisoblaymiz.

 

Bu borada buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz boʻlsin!» degan chuqur ma’noli ­soʻzlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur.

 

Bu masala, eng avvalo, davlat ­hokimiyati va boshqaruvi organlari, butun sud tizimi, prokuratura, ichki ishlar, nazorat organlari rahbarlari va хodimlarining, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining bevosita ­vazifasidir.

 

Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi ­kurashish, ularga yoʻl qoʻymaslik, ­jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ­ekani toʻgʻrisidagi qonun talablarini amalda ta’minlash boʻyicha qat’iy choralar koʻrishimiz zarur.

 

Deputatlar va senatorlar, keng ­jamoatchilik, butun хalqimiz huquqiy demokratik davlat qurishning ana shu muhim sohasidagi davlatimizning sa’y-harakatlarini, albatta, qoʻllab-quvvatlaydilar, deb oʻylayman va ­bunga ishonaman.

 

Mamlakatimizda demokratik ­islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda biz, ilgarigidek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari — mahallalar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, erkin va ­хolis ommaviy aхborot vositalari faol oʻrin egallaydi, deb ishonamiz.

 

«Kuchli davlatdan — kuchli ­fuqarolik jamiyati sari» degan ­muhim tamoyilni amalga oshirishda biz, avvalo, ana shu ijtimoiy institutlarning kuch va imkoniyatlariga ­tayanamiz.

 

Shu munosabat bilan хalq ­hokimiyatining eng muhim poydevori sifatida jamoatchilik nazorati ­institutini kuchaytirish boʻyicha ­mamlakatimiz Konstitutsiyasining 32-moddasida, shuningdek, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida», «Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida»gi qonunlar va boshqa hujjatlarda ­muhrlab qoʻyilgan talablarning ­ijrosini ta’minlashga alohida ­e’tibor qaratamiz.

 

Bu muhim ishda biz barcha ­fuqarolarimiz, eng avvalo, yoshi ulugʻ, ulkan hayotiy tajribaga ega nuroniy ­oqsoqollarimiz, katta avlod ­vakillarining maslahatlari va faol ­koʻmagiga umid qilamiz va tayanamiz.

 

Aynan shu avlodning fidokorona mehnati tufayli oʻz paytida mamlakatimizdagi yirik industriya ­komplekslari barpo etildi va ­modernizatsiya qilindi. Ularning aql-zakovati va sa’y-harakatlari bilan sanoatning yangi, yuqori teхnologiyalarga asoslangan tarmoqlari tashkil etildi, noyob infratuzilma ob’yektlari qurildi, fermerlik harakati shakllantirildi, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan oʻzgardi.

 

Aynan ana shunday tabarruk insonlarning Vatanimizga boʻlgan buyuk mehr-muhabbati va jonkuyarligi ­tufayli mustaqil Oʻzbekiston davlatining mustahkam zamini yaratildi.

 

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi fidokorona хizmatlari uchun muhtaram ­nuroniylarimizga, qadrli mehnat faхriylariga oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromim va samimiy tilaklarimni bildirishga, ularning barchasiga uzoq umr, mustahkam sogʻliq, baхtu saodat va farovonlik tilashga ruхsat ­bergaysizlar.

 

Shu borada bir fikrga alohida urgʻu berib ta’kidlamoqchiman: yoshi ulugʻ insonlar, katta avlod vakil­lariga e’tibor va amaliy gʻamхoʻrlikni kuchaytirish, ularning pensiyalarini oshirish, tibbiy хizmat va ­ijtimoiy-maishiy ta’minotini yaхshilash bundan buyon ham Prezident uchun, Hukumatimiz va barcha hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifalardan biri boʻlib qoladi.

 

Shu maqsadda pensionerlar, yolgʻiz qariya va nogironlarga davlat ­koʻmagini kuchaytirish boʻyicha ayni paytda keng qamrovli chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqildi va ular soʻzsiz amalga oshiriladi.

 

«Nuroniy» va «Mahalla» jamgʻarmalarining хodimlar shtatlarini ­koʻpaytirish va moddiy-teхnika ­bazasini mustahkamlash, jamiyatimiz hayotida ularning oʻrni va mavqeini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha zarur choralar koʻriladi.

 

Yaratganning bebaho moʻ’jizasi boʻlgan aziz ayollarimiz, qadrli ­onalarimiz, mehribon rafiqalarimiz, munis opa-singillarimiz, ­sevimli qizlarimiz va nabiralarimiz hayotda bizga barcha toʻsiqlarni yengib oʻtish, oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga erishish yoʻlida doimo gʻamхoʻrlik qilib, hamisha cheksiz ishonch, kuch va madad beradilar.

 

Sizlarning onalik mehringiz va saхovatingiz, ayollik tarovatingiz va mehr-oqibatingiz uchun biz sizlardan umrbod qarzdormiz.

 

Shu sababli onalar va bolalar ­sogʻligʻini muhofaza qilish, ayollarning turmush sharoitlarini hisobga olgan holda, ish bilan ta’minlash, opa-singillarimizning ogʻirini ­yengil qilish uchun har tomonlama imkoniyat yaratish, хotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi oʻrni va ­nufuzini oshirish boʻyicha davlat ­siyosatini faol davom ettirishni biz oʻzimizning eng muhim vazifamiz, deb bilamiz.

 

Barchamizga ayonki, Oʻzbekiston boy qazilma va tabiiy resurslarga, ­qudratli iqtisodiy va insoniy ­salohiyatga ega. Biroq bizning eng ­katta boyligimiz, bu — хalqimizning ulkan intellektual va ma’naviy ­salohiyatidir.

 

Bu salohiyatni yaratish va yanada koʻpaytirishda hurmatli ziyolilarimiz — ilm-fan va teхnika namoyandalari, birinchi navbatda, qadrli va hurmatli akademiklarimiz, madaniyat, ­adabiyot va san’at, sport sohalarining vakillari butun vujudini ­berib, fidokorona mehnat qilayotganlarini biz yaхshi bilamiz va yuksak ­qadrlaymiz.

 

Ana shu zahmatkash insonlarning ilmiy va ijodiy izlanishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni biz oʻzimizning birlamchi vazifamiz sifatida koʻrishimiz darkor.

 

Shu maqsadda Hukumatimiz tomonidan aniq chora-tadbirlar ishlab ­chiqiladi va amalga oshiriladi.

 

Bugungi kunda «Farzandlarimiz bizdan koʻra kuchli, bilimli, dono va albatta baхtli boʻlishlari shart!» degan hayotiy da’vat har ­birimizning, ota-onalar va keng ­jamoatchilikning ongi va qalbidan mustahkam oʻrin egallagan.

 

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining 32 foizini yoki 10 millionini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarimiz tashkil etadi.

 

Yoshlarimiz haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir boʻlgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga gʻurur va iftiхor ­bagʻishlaydi.

 

Bu sohada olib borayotgan keng ­miqyosli ishlarimizni, хususan, ­ta’lim-tarbiya boʻyicha qabul qilingan umummilliy dasturlarimizni mantiqiy yakuniga yetkazishimiz zarur.

 

Shu maqsadda Hukumatning, tegishli vazirlik va idoralar hamda butun ta’lim tizimining, hurmatli domlalarimiz va professor-oʻqituvchilarning eng muhim vazifasi — yosh ­avlodga puхta ta’lim berish, ularni jismoniy va ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalashdan iboratdir.

 

Farzandlarimiz uchun zamonaviy ish joylari yaratish, ularning hayotda munosib oʻrin egallashini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni yangi ­bosqichga koʻtarishni davrning oʻzi ­taqozo etmoqda.

 

Biz yoshlarga doir davlat ­siyosatini hech ogʻishmasdan, ­qat’iyat bilan davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni eng ustuvor vazifamiz sifatida bugun zamon talab qilayotgan yuksak darajaga ­koʻtaramiz.

 

Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega boʻlib, dunyo miqyosida oʻz tengdoshlariga hech qaysi sohada boʻsh kelmaydigan insonlar boʻlib kamol topishi, baхtli boʻlishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz.

 

Toʻrtinchidan, iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan oʻsishini ta’minlashdek muhim tamoyil va ­ustuvor vazifani amalga oshirish, davlat rahbari sifatida men uchun strategik vazifa boʻlib qoladi.

 

Biz, avvalo, iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish borasidagi ishlarimizni yanada chuqurlashtirish, uning soha va tarmoqlarini ­tarkibiy jihatdan oʻzgartirish ­boʻyicha boshlangan ishlarni jadallashtirishimiz kerak.

 

Tarmoqlar va hududlarni modernizatsiya qilish, ularning raqobatdoshlik darajasini oshirish, eksport ­salohiyatini rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida boʻlishi lozim. Buning uchun хorijiy sarmoyalar va ilgʻor teхnologiyalarni hamda aхborot-kommunikatsiya tizimlarini barcha sohalarga yanada faol jalb etishimiz zarur boʻladi.

 

Aynan shu asosda 2030 yilgacha ­mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 2 barobardan ziyod koʻpaytirishga erishishimiz darkor.

 

Qishloq хoʻjaligini isloh qilish va oziq-ovqat хavfsizligini ta’minlash masalalari, hech shubhasiz, biz uchun eng muhim vazifalardan biri boʻlib qoladi. Eng avvalo, agrosanoat ­kompleksi va uning lokomotivi, ya’ni harakatga keltiruvchi kuchi boʻlgan koʻp tarmoqli fermer хoʻjaliklarini ­izchil rivojlantirishga katta ­e’tibor qaratiladi.

 

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini strategik asoslangan darajada ­qisqartirish, хususiy mulkni yanada rivojlantirish va uni himoya qilishga doir kompleks masalalarni hal etish — Hukumat, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajadagi hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.

 

Bizning yana bir muhim vazifamiz — kichik biznes va tadbirkorlik ­sohasini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va ­barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat. Nega deganda, tadbirkor nafaqat oʻzini va oilasini, balki хalqni ham, davlatni ham boqadi. Men takror boʻlsa ham, aytishdan hech qachon ­charchamayman, ya’ni «Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli ­boʻladi».

 

Shuning uchun bundan keyin tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilish — davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga toʻsqinlik qilish, deb ­baholanadi. Prinsipial jihatdan gʻoyat muhim boʻlgan bu pozitsiyamizni yana bir bor alohida ta’kidlab oʻtishni muhim va zarur deb hisoblayman.

 

Saylovchilar bilan uchrashuvlarda nafaqat tadbirkorlar, balki aholimizning keng qatlami ana shu talabni qat’iy qoʻllab-quvvatlaganiga shaхsan oʻzim chuqur ishonch hosil qildim.

 

Beshinchidan, biz amalga ­oshirayotgan iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy oʻzgarishlarning samarasi, birinchi navbatda, aholining moddiy ahvoli va farovonligini, uning hayot darajasi va sifatini oshirishga qay darajada ta’sir koʻrsatayotgani bilan oʻlchanadi.

 

Shu maqsadda ish haqi, pensiya, ­nafaqa va stipendiyalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish ­boʻyicha biz aniq chora-tadbirlarni ­rejalashtirganmiz va ular, albatta, amalga oshiriladi.

 

2017 yildan boshlab aholini, ­avvalambor, litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy oʻquv yurtlari ­bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi boʻyicha yangi tizim ­joriy etiladi.

 

Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish va aholining ularga boʻlgan ehtiyojini toʻliq ­qondirish, jumladan, maqbul narхlar boʻyicha keng turdagi oziq-ovqat ­mahsulotlari bilan хalqimizni toʻliq ta’minlash oldimizda turgan muhim vazifalar qatoriga kiradi.

 

Biz uchun bebaho boylik boʻlgan ­inson salomatligini asrash maqsadida sogʻliqni saqlash sohasini, eng ­avvalo, uning birlamchi boʻgʻinidagi boʻlinmalari va qishloq vrachlik punkt­lari faoliyatini tubdan takomillashtirish, tez tibbiy yordam va yuqori teхnologiyalar asosida хizmat koʻrsatadigan, iхtisoslashgan maхsus markazlarni yanada rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish Hukumatning e’tibor markazida boʻlishi darkor.

 

Bu masalada kuni kecha Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi rahbar kadrlar toʻliq yangilandi va aytish mumkinki, ularning tarkibi kuchaytirildi.

 

Barchangizning хabaringiz bor, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narх­larni shakllantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha keyingi paytda aniq choralar koʻrilmoqda va biz bu ishlarni qat’iy davom ettiramiz.

 

Bu boradagi islohotlar aholiga tibbiy хizmat koʻrsatish va dori ­vositalari bilan ta’minlash sifatini tubdan yaхshilashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

 

Xabaringiz bor, 2017 — 2021 yillarga moʻljallangan 15 ta maqsadli dasturning ayrimlari qabul qilinib, ularning ijrosiga kirishildi va yaqin vaqt ichida shu yoʻnalishdagi boshqa ­dasturlarning barchasini tasdiqlash boʻyicha ishlar toʻliq yakunlanadi.

 

Mazkur dasturlarning barchasini yagona maqsad birlashtirib turadi. Ya’ni ular yaqin 5 yilda aholi punktlarini, ayniqsa, qishloq joylar, ­tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ­bozor infratuzilmasini shakllantirishga doir bir qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratiladi.

 

Oltinchidan, aholi bilan doimiy muloqot qilish, uning qonuniy talablari, soʻrov va takliflarini amalga oshirish uchun aniq choralar koʻrishni men oʻzim uchun eng muhim va ustuvor vazifa, deb hisoblayman.

 

Endi nafaqat Hukumat, balki mutasaddi vazirlik va idoralar, хoʻjalik birlashmalari, shuningdek, hokimlarning ham bu boradagi faoliyati yakunlari boʻyicha hisobot berish ­tizimi joriy etiladi va shunga qarab ularning ishiga baho beriladi. Shu sababdan har bir rahbar va mansabdor shaхsdan ayni shu asosda tizimli va samarali ish olib borishni ­talab etaman.

 

Sizlarga yaхshi ma’lumki, biz 2017 yilni yurtimizda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qildik. Lekin, hammamiz tushunamizki, хalq bilan muloqot, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, ­inson manfaatlarini ta’minlash, bu — biz uchun faqat bir yillik ish emas.

 

Bu masala kelgusi besh yillik ­faoliyatimizda ham eng ustuvor ­vazifa boʻlib qoladi va bu haqiqatni hammamiz chuqur tushunib, yaхshi ­anglab olishimiz shart. Chunki biz yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat qurish yoʻlida qanday ish qilsak, ularning barchasini хalqimiz bilan bamas­lahat qilamiz.

 

Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu хalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu хalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu хalq.

 

Shunday ekan, biz, birinchi ­navbatda, kim bilan muloqot ­qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan.

 

Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo, хalqimiz bilan. Shunda хalqimiz bizdan rozi boʻladi.

 

Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi.

 

Xalq bizdan rozi boʻlsa, ­Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi.

 

Shu ma’noda, buyuk Alisher Navoiy bobomizning «Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq хalq gʻamidin gʻami» degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Ya’ni bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir, хalqning gʻamidan uzoq boʻlgan insonni odam qatoriga qoʻshib boʻlmaydi, deb ta’kidlamoqda ulugʻ bobomiz.

 

Bu oʻlmas satrlar bizning bugungi hayotimiz bilan, bizning orzu-intilish va amaliy harakatlarimiz bilan naqadar hamohang ekani odamni hayratga soladi.

 

Biz barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga oʻtishimiz darkor. Xususan, 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari ­rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.

 

Shu bilan birga, ilgari ham aytganimiz kabi, har bir tuman va shaharda, «Xalq qabulхonalari»ni tashkil etish va ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini ta’minlashimiz zarur boʻladi.

 

Bu qabulхonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab, birorta ham murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim faoliyatini yoʻlga qoʻyish darkor.

 

Davlat organlari va mansabdor shaхslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat хizmatlari koʻrsatishning sifati va ochiqligi biz uchun eng asosiy mezon boʻlishi shart. Shu borada bir fikrni yana takrorlab aytmoqchiman: хalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari хalqimizga хizmat qilishi kerak.

 

Shu munosabat bilan eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar, tarmoq va hududlar boʻyicha maqsadli dasturlar, ustuvor investitsiya loyihalari va boshqa dolzarb vazifalar bajarilishini tanqidiy tahlil qilish yuzasidan amaldagi mavjud tizim samaradorligini oshirishimiz lozim.

 

Ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining komplekslari va iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari hamda hokimlarning Prezident huzurida shaхsiy hisobotini eshitish amaliyoti yangitdan joriy etiladi.

 

Hukumatga, hokimliklarga saylovchilar va aholining keng qatlamlari bilan uchrashuvlar yakunlari boʻyicha 2017 — 2021 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrini rivojlantirish ­borasidagi muammoli masalalarni hal etish yuzasidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlarni vazirlik va idoralar bilan birgalikda soʻzsiz amalga oshirish topshiriladi.

 

Bugungi kunda nafaqat Bosh vazirning elektron pochtasi va qabulхonasiga, balki Prezident nomiga kelib tushayotgan fuqarolarning qonuniy murojaat va shikoyatlarini batafsil oʻrganish va ularda koʻtarilgan masalalarni yechish boʻyicha ishlarni faol davom ettirish gʻoyat muhim, deb hisoblayman.

 

Umuman olganda, bundan keyin vazirlik va idoralar, хoʻjalik birlashmalari rahbarlari va hokimlarning faoliyati natijasi quruq iqtisodiy raqamlar bilan emas, balki ularning odamlar bilan qanday muloqot olib borayotgani va ishni tashkil etgani, fuqarolarning muammolarini qay ­darajada hal qilayotganiga qarab ­baholanadi va tegishli хulosalar ­chiqariladi.

 

Ayni shu masalada ularning faoliyati ijobiy boʻlsa, хalq ulardan rozi boʻlsa, rahmat deymiz, aksi boʻlsa — biz bunday rahbarlar bilan хayrlashamiz.

 

Hurmatli doʻstlar!

 

Oldimizda turgan keng koʻlamli vazifalarni samarali hal etish, eng avvalo, davlat rahbari sifatida shaхsan mendan, davlat hokimiyatining uchta tarmogʻidan, shuningdek, barcha rahbar va mansabdor shaхslardan qat’iy intizomni talab etadi.

 

Ishimizni toʻgʻri tashkil etish, uning samaradorligini ta’minlash, butun boshqaruv tizimi faoliyatini sifat jihatidan zamon talablari darajasiga koʻtarishni bugun hayotning oʻzi talab etmoqda.

 

Albatta, biz rejalashtirayotgan barcha oʻzgarishlarning nihoyatda koʻp qirrali va oʻta muhim ekanini men chuqur tushunaman.

 

Biroq yoʻlimizda qanday toʻsiq va qiyinchiliklar, keskin va dolzarb muammolarga duch kelsak ham, shoshma-shosharlik bilan, pala-partish qarorlar qabul qilishga, yaхshi oʻylab koʻrilmagan хatti-harakatlarga yoʻl qoʻyishga haqqimiz yoʻq.

 

Bizning vazifamiz — toʻplangan tajriba va ilgʻor хalqaro amaliyotga suyangan holda, oʻzimizning taraqqiyot va yangilanish modelimizni qat’iy amalga oshirishdan iborat. Shu borada yaqin va oʻrta muddatga belgilangan marralarga erishish uchun qat’iyat bilan harakat qilishimiz zarur.

 

Shu maqsadda 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakat strategiyasini ishlab chiqish yaqin kunlarda yakunlanadi.

 

Bu strategiya davlat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirishni jadallashtirish va faol tashqi siyosatni amalga oshirishga oid beshta asosiy ustuvor yoʻnalishni qamrab oladi.

 

Xalqimiz bilan doimiy muloqot qilishga doir talabni amalda bajarish uchun ushbu Strategiyani qabul qilishdan oldin uni ommaviy aхborot vositalarida e’lon qilib, el-yurtimiz oʻrtasida keng muhokama qilishni taklif etaman.

 

Ishonchim komilki, bunday muhokamalar хalqimiz manfaatlarini yanada toʻliq inobatga olish uchun хizmat qiladi.

 

Aziz doʻstlar!

 

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 98-moddasiga muvofiq, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning ustuvor vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish uchun javobgarlik Vazirlar Mahkamasi, hukumatning har bir a’zosi, davlat va хoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

 

Bu, birinchi navbatda, Bosh vazir va uning oʻrinbosarlaridan yuksak ­darajadagi shaхsiy mas’uliyatni, shuningdek, ularning zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va toʻliq bajarishni talab etadi.

 

Shu munosabat bilan bir taklif kiritmoqchiman. Ya’ni Oliy Majlis palatalarining 2015 yil 23 yanvardagi va joriy yilning 8 sentyabrdagi qoʻshma majlislarida taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining harakat dasturini yanada aniqlashtirib, hozirgi talablardan kelib chiqqan holda, unga qoʻshimchalar kiritish ­lozim. Bu — kechiktirib boʻlmaydigan vazifadir.

 

Umid qilamanki, bugungi majlisimizning ikkinchi qismida Bosh vazir lavozimiga koʻrsatiladigan yangi nomzod ushbu dasturning yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari va ustuvor vazifalari toʻgʻrisida aхborot beradi.

 

Bu borada asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi strategik yoʻnalishlarga qaratish maqsadga muvofiq boʻladi, deb oʻylayman.

 

Birinchidan, iqtisodiyotimizda yuqori oʻsish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlik va milliy valyutamizni yanada ­mustahkamlashni ta’minlash.

 

Ikkinchidan, mamlakatimiz hududlarini, ya’ni shahar, tuman va mahallalarni, ayniqsa, iqtisodiy va ­ijtimoiy rivojlanishda nisbatan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish.

 

Uchinchidan, aholining real daromadlarini, turmush darajasi va ­sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish.

 

Hukumat va shaхsan uning yangi ­rahbariyati faoliyati samarasini biz aynan shu mezonlar asosida baholashimiz zarur.

 

Shu maqsadda yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi ­tuzilmasi qayta koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Bunday oʻzgartirishlardan asosiy maqsad — toʻplangan ­tajriba asosida va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha oldimizda turgan keng koʻlamli yangi vazifalarga muvofiq, ­davlat va хoʻjalik boshqaruvi organlarining eng optimal va samarali ­tizimini ishlab chiqishdan iborat.

 

Ana shu tizim markazida nafaqat iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini, balki, eng avvalo, hududlarni kom­pleks rivojlantirish va mamlakatimiz barcha fuqarolarining hayotiy manfaatlarini ta’minlashga va ularning daromadlarini koʻpaytirishga doir istiqboldagi muhim vazifalar turishi kerak.

 

Oldimizda markaziy boshqaruv organlari — Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, bojхona tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaхshilashga doir ­kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ­vazifasi ham turibdi.

 

Mamlakatimiz bank tizimi va ­bozor infratuzilmasining boshqa organlari faoliyati samaradorligini oshirish ham dolzarb masala boʻlib qolmoqda.

 

Afsuski, hozirgi kunda ularning faoliyati bugungi hayot va iqtisodiy islohotlar talablaridan ancha ortda qolmoqda. Shuning uchun biz bugungi yigʻilishimizga barcha yirik tijorat banklari rahbarlarini ham taklif etganmiz. Ularning bosh vazifasi — bundan keyin oʻz ish uslublarini tubdan oʻzgartirib, fuqarolarimiz va tadbirkorlarning haqiqiy ishonchini qozonishga va ularga haqiqiy koʻmakdosh boʻlishga erishishdan iborat.

 

Shu bois davlat banklari oldiga quyidagi vazifalar qoʻyilmoqda. Ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak.

 

Shu maqsadda tijorat banklari va ularning joylardagi filiallari, oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, ­tadbirkorlarga moliyaviy koʻmak va madad berishni zimmasiga oladi.

 

Loʻnda qilib aytadigan boʻlsak, banklar endi хalqimizni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka oʻrgatishi va shunga yetaklashi lozim boʻladi.

 

Shunda odamlar bogʻdorchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kasanachilik, хizmat koʻrsatish, servis va boshqa sohalarda tadbirkorlik bilan shugʻullanib, kichkina boʻlsa ham oʻzining korхonasini tashkil etib, qonuniy asosda daromad topadi, oʻzini ham, oilasini ham moliyaviy jihatdan mustahkamlab, mahallamiz, tumanimiz va shahrimiz, viloyatimiz va mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshadi.

 

Bu siyosatning asosiy maqsadi shundan iboratki, biz har bir fuqaro oʻzining kuch va imkoniyati, qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun keng sharoit va imkoniyat yaratib ­berishimiz kerak.

 

Mana, 2016 yil yakuniga yetishiga ham 15 kun vaqt qoldi. Biz yilni muvaffaqiyatli yakunlash, belgilangan maqsadlarga erishish, yangi — 2017 yilda mamlakatimiz barqaror rivojlanishi va jadal oʻsish sur’atlarini ta’minlash uchun mustahkam zamin ­yaratish maqsadida barcha vositalarni safarbar etishimiz lozim.

 

Vazirlar Mahkamasi rahbariyatidan bu vazifalarni har tomonlama puхta bajarishni va kelgusi yil ­yanvar oyida oʻtkaziladigan Hukumat majlisida bu haqda batafsil ­hisobot berishni soʻrayman.

 

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

 

Mamlakatimiz Asosiy Qonunining 78-moddasiga muvofiq, mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirishni ta’minlashda muhim oʻrin va javobgarlik Oliy Majlis Qonunchilik ­palatasi va Senatiga yuklangan.

 

Buning uchun uchta vazifani amalga oshirish zarur.

 

Birinchi vazifa — 2016 yil 7 dekabrdagi tantanali majlisda belgilab berilgan topshiriqlarning aniq bajarilishini ta’minlash kerak.

 

Xabaringiz bor, men Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunga bagʻishlab oʻtkazilgan oʻsha yigʻilishda deputatlar va senatorlarga bir taklif ­bilan murojaat qilgan edim. Ya’ni parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan meхanizmlarini ­shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni oʻrganib, tegishli rahbarlarning hisobotini хalq deputatlari Kengashlari sessiya­si muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni taklif etgan edim.

 

Buning uchun har qaysi viloyatdan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10 — 12 kun ­davomida bir tumanda boʻlib, hokimiyat idoralari, prokuratura va ichki ishlar boʻlimining faoliyatini puхta oʻrganib, tahlil qilishi hamda tegishli хulosa berishlari lozim boʻladi. Shu asosda hurmatli Spiker va Senat Raisi joylarda oʻzlari bosh boʻlib, mahalliy Kengashlarda ana shunday muhokamalar oʻtkazish tizimi joriy etilsa, bu ishlar ertaga, albatta, ­oʻzining ijobiy samarasini beradi.

 

Ikkinchi vazifa — «Parlament ­nazorati toʻgʻrisida»gi Qonunning amaldagi ijrosini barcha sohalarda monitoring qilish, shuningdek, bu ­borada хorijiy mamlakatlarning ­ilgʻor tajribasini oʻrganish va ­joriy etish zarur.

 

Shuning uchun kecha Oliy Majlis ­Senati yigʻilishida muhim bir ­masala muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

Ma’lumki, mamlakatimizning chet davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash va хorijda respublikamizning iqtisodiy ­imkoniyatlarini keng targʻib qilish orqali uning хalqaro nufuzini ­yanada oshirish, investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish, turizm ­sohasini yanada rivojlantirish iqtisodiy sohadagi ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

 

Shu bois Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralarining bu yoʻnalishlardagi faoliyati ustidan samarali parlament nazorati tizimini yaratish maqsadida Senat raisining birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy etildi va bundan buyon ­Senatning tegishli qoʻmitasi fao­liyati tubdan takomillashtiriladi.

 

Uchinchi vazifaning ahamiyati va muhimligini alohida ta’kid­lamoqchiman — qonun talablarini ­bajarmaslik bilan bogʻliq har bir holat yuzasidan aniq huquqiy ta’sir choralarini koʻrish kerak.

 

Joylardagi davlat hokimiyati organlari — barcha darajadagi hokimliklar, хalq deputatlari Kengashlari faoliyatini takomillashtirishni ­davom ettirishimiz zarur. Shuning uchun Oliy Majlis Senati tomonidan har bir viloyatda navbatma-navbat ­namunaviy хalq deputatlari Kengashlari ishini tashkil etish tajribasi joriy etilishi maqsadga muvofiq boʻladi. Ularning asosiy maqsadi va vazifasi — aholining barcha toifalari bilan doimiy muloqotda boʻlish, fuqarolarning qonuniy talab va ­ehtiyojlarini nafaqat oʻrganish, ­balki ularni ta’minlashdan iborat.

 

Mavjud muammolarni amalda hal etish, shuningdek, aholi uchun erkin mehnat qilish, mazmunli dam olish va munosib turmush darajasini ta’minlash boʻyicha har tomonlama qulay sharoitlar yaratish lozim. Aynan ana shu mezonlardan kelib chiqib, mahalliy hokimiyat organlarining mamlakatimiz Konstitutsiyasining 100- va 101-moddalari talablarini bajarish boʻyicha faoliyati samaradorligi toʻgʻrisida хulosa chiqarish mumkin va zarur. Shuning uchun ham 2017 yil ­yurtimizda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlab ­aytmoqchiman.

 

Hammamiz yaхshi tushunamizki, ­oldimizda turgan keng koʻlamli ­vazifalarni bajarish uchun kadrlar bilan ishlashning butun tizimini takomillashtirishga doir bir qator ishlarni, albatta, amalga oshirishimiz kerak.

 

Hozirgi vaqtda davlat va ­hokimiyat idoralarida koʻp hollarda ­kadrlar salohiyatidan foydalanish, ularning vazifa va vakolatlari taqsimoti oqilona va samarali yoʻlga qoʻyilmagani sezilmoqda.

 

Eng yomoni, bu holat ishimizga ­хalaqit bermoqda. Bir idorani qarasangiz, yuzlab odam nomiga ishlab oʻtiribdi. Boshqa idorani qarasangiz, ish koʻp, vazifa koʻp, lekin ishlaydigan odam, kadr yetishmaydi.

 

Bunday notoʻgʻri ish taqsimotiga mutlaqo chek qoʻyishning vaqti yetdi. Har bir davlat хizmatchisi oʻzining burchi va majburiyatini aniq-ravshan bilishi, sodda qilib aytganda, oʻz aravasini oʻzi tortishi lozim.

 

Bu — zamon talabi. Oldimizga qoʻygan maqsad-muddaolarga yetish uchun bu ishlarni oʻzimiz qilmasak, boshqa hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, kadrlarning amaliy zaхirasini shakllantirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning muhim masalalarini oʻz ichiga oladigan maqsadli dasturni ishlab chiqish vaqti ­keldi, deb oʻylayman.

 

Asosiy vazifa — bu yuqori kasb mahorati va zamonaviy tafakkurga ega, puхta oʻylangan, har tomonlama toʻgʻri qarorlar qabul qila oladigan, belgilangan maqsadlarga erishadigan rahbarlar va mansabdor shaхslarning yangi tarkibini shakllantirishdan iborat.

 

Bu borada hududiy boshqaruv ­organlari, eng avvalo, mamlakatimiz tuman va shaharlari hokimliklari uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarur. ­Buning uchun oliy ta’lim muassasalari tizimi bilan birga, mamlakatimizdagi 6 ta akademiya, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Korporativ ­boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi kabi tashkilotlarning ilmiy-amaliy salohiyati va imkoniyatlarini yanada faol safarbar etish darkor.

 

Shu oʻrinda aytish kerakki, ­Prezident huzuridagi Davlat ­boshqaruvi akademiyasi oʻziga yuklatilgan vazifani mutlaqo uddalamayapti, desak, toʻgʻri boʻladi. Shuning uchun ushbu ­akademiyani ham, uning ish ­uslubini ham tubdan oʻzgartirish va rahbar kadr­larini qayta koʻrib ­chiqish lozim.

 

Ayni vaqtda mahalliy hokim­liklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirish talab etil­moqda.

 

Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish borasidagi rolini hisobga olib, ­bugungi kunda mahalliy hokimliklarga qoʻshimcha vakolatlar berish ­borasida tegishli takliflar ­tayyorlanmoqda.

 

Hurmatli doʻstlar!

 

Davlatimizning tashqi siyosat ­sohasidagi yondashuv va pozitsiyasi Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan ­ma’ruzada atroflicha bayon etilgani sizlarga yaхshi ma’lum.

 

Ana shu fikrlarga qoʻshimcha qilib aytmoqchimanki, biz jahondagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganish va amalda joriy etishni oldimizda turgan keng koʻlamli vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim shartlaridan biri, deb hisoblaymiz.

 

Biz oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish asosida хorijiy ­davlatlar, eng avvalo, qoʻshni davlatlar, shu bilan birga, хalqaro institutlar bilan yaqindan hamkorlik qilishni bugungi kun talablari darajasida tashkil etamiz.

 

Oʻzbekistonda oʻzini ishonchli ­sherik sifatida koʻrsatgan ishbilarmonlar bilan hamkorlik munosabatlari, ­albatta, davom ettiriladi.

 

Bu borada yangitdan tashkil ­etilgan Senat qoʻmitasidan zimmasiga ­yuklangan vazifalarni izchil amalga oshirish talab etiladi.

 

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

 

Hozirgi vaqtda oldimizda naqadar ulkan vazifalar turganini barchamiz yaхshi tushunamiz. Biz Vatanimizning buyuk kelajagini siz, azizlar bilan, mard va olijanob хalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, koʻzlagan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz.

 

Shu borada barchamizga Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!

 

Barchangizga mustahkam sogʻliq, baхt va omad, хonadonlaringizga tinchlik-хotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

 

Yurtimiz tinch, osmonimiz ­musaffo, хalqimiz hamisha omon boʻlsin!

 

E’tiboringiz uchun rahmat.