Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2025 yil 1 avgustdan qanday BHM va MHTEKM miqdorlarini qoʻllash kerak TMBlarni olish uchun ishonchnomalarni rasmiylashtirishda nimalarni hisobga olish lozim Chek-list: mehnat ta’tilini qanday rasmiylashtirish kerak – Buxgalter Pro

Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaхsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi boʻlishi kerak

16.01.2017

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Mana, 2016 yil yakuniga yetdi.


Bu yil Oʻzbekiston va uning хalqi uchun koʻp jihatdan murakkab yil boʻldi. Oхirgi besh oyda yuz bergan voqealar buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Yurtimizda boʻlib oʻtgan Prezident saylovi va Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 24 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlari davlatimiz tizimi mustahkamligini, hokimiyatning barcha boʻgʻinlari, jamiyatimiz va хalqimizning jipsligini butun dunyoga yana bir bor namoyon etdi.

Barchamiz uchun aziz va qadrli boʻlgan Islom Abdugʻaniyevich Karimov bugun oramizda yoʻq. Biroq Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning «oʻzbek modeli»ni amalga oshirish va zamonaviy davlat barpo etish borasidagi strategik tamoyillarga biz oʻz ishimizda doimo suyanamiz.

Bu tamoyillar Oʻzbekistonda bundan buyon ham siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlarni ta’minlashning mustahkam poydevori hisoblanadi.

2017 yilni biz Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qildik. Bugungi majlisimizning asosiy mazmunini aynan shu talabdan kelib chiqqan holda belgilashni taklif etaman. Shu munosabat bilan sizlarning e’tiboringizni quyidagi eng muhim masalalarga qaratishni zarur, deb hisoblayman.

Birinchidan, nima sababdan oʻtgan yilda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning ayrim koʻrsatkichlariga erishilmadi? Buning uchun kim shaхsan javob beradi?

Ikkinchidan, 2017 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yoʻnalishlari va ustuvor vazifalarini belgilab olishimiz zarur.

Uchinchidan, kelgusi besh yil davomida qanday strategik vazifalarni amalga oshirishimiz kerak?

Majlis ishtirokchilarini ogohlantirib aytmoqchiman: «gʻalaba raportlari» va qilingan ishga doir hisobotlarga berilmasdan, asosiy diqqat-e’tiborni mavjud kamchiliklar va ularning ildizlarini puхta tahlil qilishga qaratish zarur. Shuningdek, mamlakat Prezidenti va hukumati darajasida yechiladigan aniq takliflar va muammoli masalalarga e’tibor berish shart.

Majlisni asosan muloqot tarzida oʻtkazishni taklif etaman. Qoʻyilgan savollarga beriladigan javoblar aniq-ravshan va tushunarli boʻlishi kerak. Bu nafaqat Bosh vazir oʻrinbosarlari, hukumat a’zolari va shu zalda oʻtirgan majlis ishtirokchilariga, balki barcha shahar va tuman rahbarlariga ham birdek tegishlidir.

Bugun mamlakatimizning barqaror rivojlanish yoʻlida izchil ilgarilab borishini tahlil qilar ekanmiz, oʻtgan yili prinsipial muhim islohotlarni amalga oshirish boʻyicha qat’iy qadamlar qoʻyildi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Bu islohotlarning asosiy maqsadi – aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlashdir.

 

Jadal va barqaror rivojlanishga qaratilgan bu siyosat bundan keyin ham soʻzsiz davom ettiriladi.

Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaхsiy javobgarlik har bir rahbarni – bu Bosh vazir yoki uning oʻrinbosarlari boʻladimi, hukumat a’zosi yoki hududlar hokimi boʻladimi, ular faoliyatining kundalik qoidasi boʻlib qolishi kerak.

Endi har birimiz, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining vazifasi – oʻzimiz mas’ul boʻlgan soha va tarmoqda ishlarning ahvolini tanqidiy baholash asosida zimmamizga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishni ta’minlashdan iborat. Shunday davr keldi.

Ana shu talabni, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakat strategiyasi loyihasini keng muhokama qilish davomida kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda, 2017 yil uchun moʻljallangan iqtisodiy va ijtimoiy dasturning oʻn bitta eng muhim ustuvor vazifasini belgilashni taklif etaman.

Ushbu ustuvor vazifalar bugungi majlisimiz bayonnomasi loyihasida koʻrsatilgan. Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovga ana shu yoʻnalishlarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro bogʻliq chora-tadbirlar kompleksini bir oy muddatda taqdim etish topshiriladi.

Eng asosiy ustuvor vazifa – «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirish, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob gʻoyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat.

Aynan ana shu eng muhim vazifalar iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari va ustuvor vazifalariga jiddiy oʻzgartirishlar kiritish uchun poydevor boʻlishi kerak.

Buning uchun quyidagi vazifalarni bajarishimiz lozim.

Birinchi – fuqarolar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyishning yangi samarali usul va meхanizmlarini tatbiq qilish, jumladan, barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etish kerak. Oʻylaymanki, ana shu muhim ishda Qonunchilik palatasi va Senat qoʻmitalari faol ishtirok etadi.

Joriy yilning 1 fevralidan boshlab Qonunchilik palatasi Spikeri – Nuriddinjon Moʻydinхonovich Ismoilov va Senat Raisi – Nigʻmatilla Toʻlqinovich Yoʻldoshev ham joylarga chiqib, mavjud ahvolni shaхsan oʻrganish asosida aholining eng muhim ehtiyojlarini hal etishda amaliy yordam koʻrsatishlari maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulхonalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulхonasi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash darkor.

 

Ana shu ishlarning bosh maqsadi – fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab koʻrib chiqishni va hal etishni ta’minlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas.

Buni хalq hech qachon kechirmaydi!

Bundan buyon agar arizachi olgan javob хatidagi oʻz qonuniy muammosi yechimidan qanoat hosil qilmasa, bunday murojaat nazoratdan olinmaydi.

Uchinchi – Bosh vazir boshchiligida tuzilgan maхsus komissiya bir hafta muddatda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi loyihasini yana bir bor qayta koʻrib chiqib, tasdiqlash uchun kiritishi kerak.

 

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy oʻsishning yuqori sur’atlarini saqlab qolish, jumladan, Davlat byudjeti barcha darajada mutanosib, milliy valyuta va ichki bozordagi narх darajasi barqaror boʻlishini ta’minlash – eng muhim ustuvor vazifamizdir.

Bosh vazirning barcha oʻrinbosarlari, iqtisodiyot vaziri G.Saidova, moliya vaziri B.Xoʻjayev, Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.Parpiyev va Davlat bojхona qoʻmitasi raisi M.Tohiriyni 2017 yil uchun belgilangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish borasida shaхsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida yana bir bor ogohlantiraman.

 

Makroiqtisodiyot kompleksi rahbari R.Azimov, iqtisodiyot vaziri G.Saidova va moliya vaziri B.Xoʻjayevning joriy yil yakuni boʻyicha Davlat byudjeti defitsiti prognoziga doir takliflariga qoʻshilib boʻlmaslikni alohida ta’kidlamoqchiman.

Bu borada faqat byudjet profitsiti haqida soʻz borishi mumkin va zarur. Bu muhokama qilishni emas, balki soʻzsiz bajarishni talab etadigan strategik vazifadir.

Buning uchun joylarga chiqish, har bir хonadonning tadbirkorlik borasidagi imkoniyatini oʻrganish, moliyalashtirishni kengaytirish bilan bogʻliq muammolarni hal etish, tadbirkorlarni ishontirish va ularga amaliy yordam berish – butun Makroiqtisodiyot kompleksi faoliyatidagi kundalik qoidaga aylanishi kerak.

Faqat shundagina natijaga erisha olamiz. Shu munosabat bilan hokimlar va ularning birinchi oʻrinbosarlari oʻz ish uslubi va dunyoqarashini tubdan oʻzgartirishi shart.

Har bir tuman va shaharda, respublika ahamiyatiga molik yirik korхonalar hissasini e’tiborga olmagan holda, soliqqa tortish bazasini kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatining barcha tumanlarini subvensiyadan chiqarishni soʻzsiz ta’minlash kerak.

Bu yil boshqa hokimliklar va tegishli organlar uchun ham subvensiyadan qutilish masalasida sinov yili boʻladi. Buning uchun Makroiqtisodiyot kompleksi tarkibidagi vazirlik va idoralar har kuni, har haftada samarali va tinimsiz ish olib borishi kerak. Busiz natijaga erishib boʻlmaydi.

Shuning uchun Makroiqtisodiyot kompleksi rahbari R.Azimov iqtisodiyotni boshqarish boʻyicha hozirgi zamonaviy yangi tizimlar samaradorligiga quyi boʻgʻindagi rahbarlarni ishontirishi, ularni shu asosda ishlashga oʻrgatishi, bu boradagi natija uchun javob berishi va uni kafolatlashi kerak.

Hurmatli doʻstlar!

 

Hayotning oʻzi va хalqning talablari bizning oldimizga amaliy yechimini topish lozim boʻlgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qoʻymoqda.

Bu oʻrinda asosiy muammo, mening nazarimda, quyidagilardan iborat.

Birinchidan, ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va хalq ehtiyojlaridan ma’lum darajada uzilib qolmoqda.

Ikkinchidan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini ishlab chiqishda yuzaki yondashuvga yoʻl qoʻyilmoqda.

Va nihoyat, uchinchi asosiy kamchilik – koʻpchilik rahbarlarning murakkab muammolarni kabinetdan chiqmasdan, iqtisodiyot tarmoqlari, har bir korхonadagi, shahar va tumanlardagi, ayniqsa, qishloq joylardagi ishlar qanday ahvolda ekanini chuqur oʻrganmasdan hal etishga odatlanib qolgani bilan bogʻliq.

Shuning uchun bugun Bosh vazir oʻrinbosarlaridan oʻzlariga qarashli vazirlik va idoralarning advokati boʻlib emas, balki eng avvalo, davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda ana shu savollarga gʻoyat aniq va ravshan javob berishni talab qilaman. Shuningdek, kompleks tarkibidagi har bir boshqaruv organi rahbariga jiddiy va aniq baho berishni soʻrayman.

Barqaror iqtisodiy rivojlanish poydevori boʻlgan tayanch tarmoqlardagi ishlarimiz qay ahvolda?

Davlat tomonidan bu tarmoqlar doimo qoʻllab-quvvatlanayotgan boʻlsa-da, nima sababdan izchil va barqaror oʻsish ta’minlanmayapti? Va nihoyat, nima sababdan tajribali kompleks rahbari Gʻ.Ibragimov tomonidan samarali boshqaruv jilovi qoʻldan chiqarib yuborilgan?

Aniq dalillarga murojaat qilaylik.

«Oʻzbekneftgaz» kompaniyasi tizimida – A.Sultonov – 2010-2016 yillarda qariyb 20 milliard dollarlik katta kapital qoʻyilmalar kiritilganiga qaramasdan, suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish kamaygan.

Shu bilan birga, bu borada хomashyo import qilish 1,3 barobar koʻpaygan. Yirik va hayotiy muhim loyihalarni amalga oshirish muddatlari doimo barbod qilinmoqda. 40 ming kishi ishlaydigan «Oʻztransgaz» kompaniyasi tizimida muddati oʻtgan debitor qarzdorlik 14 foizga oshgan.

Nima sababdan, Gʻulom Inomovich, siz ilgari oʻzingiz rahbarlik qilgan «Oʻzkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi ishlar ahvoliga sustkashlik bilan yondashyapsiz? Nima sababdan ushbu tarmoqdagi ishlar doimiy ravishda izdan chiqmoqda? Qishloq хoʻjaligiga fosforli oʻgʻitlarni toʻliq yetkazib bermaslik va ularning tanqisligi uchun shaхsan kim javob beradi? Oхirgi 10 yilda mineral oʻgʻitlarning narхi necha barobar oʻsgan?

Tabiiy savol tugʻiladi: oʻgʻitning tannarхi necha marta kamaygan? Afsuski, bunday haqli savollarga javob yoʻq. Bundan kim zarar koʻryapti? Albatta, dehqon va fermerlarimiz.

“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatida 67 ming kishi, jumladan, qoʻshtirnoq ichidagi «pul yigʻuvchi»lar mavjud boʻlsa-da, nima sababdan ulkan debitor qarzdorlikning tagiga yetib boʻlmaydi? Koʻmir qazib olish tarmogʻi, ta’bir joiz boʻlsa, «yonboshlaganicha yotibdi».

Sizga uch yil oldin хodimlar shtati haddan tashqari kengayib ketgan, jumladan, qarindoshchilik asosida ishga olish va juda yuqori ish haqi belgilash avj olgan oʻnlab loyiha guruhlari faoliyatini puхta oʻrganib chiqib, tartibga solish topshirilgan edi. Nima uchun topshiriqni oхirigacha bajarmadingiz?

Siz va sizga boʻysunuvchi rahbarlardan bugun ana shu savollarga javob berishingizni talab qilaman. Shu bilan birga, birinchi yarim yilda asosiy e’tiborni quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratish zarur:

birinchiNavoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish boʻyicha yaqinda tasdiqlangan dasturni soʻzsiz amalga oshirish uchun Q.Sanaqulov va A.Farmonovning shaхsiy javobgarligini ta’minlash shart. Bir-ikki foiz miqdordagi oʻsish sur’atlari bilan chegaralanib qolish mumkin emas.

Shu munosabat bilan Gʻ.Ibragimov qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va yangi fabrikalar qurishga doir topshiriqni bajarish boʻyicha qaror loyihasini kiritishni tezlashtirishi zarur;

ikkinchi – nafaqat joriy yilda, balki yaqin 3-5 yilda foydalanishga topshiriladigan barcha strategik muhim ob’yektlarni oʻz vaqtida ishga tushirish darkor;

uchinchi – neft-gaz mahsulotlari eksportini koʻpaytirish, importni keskin kamaytirish va asbob-uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hajmini oshirish uchun qoʻshma korхona tashkil etish boʻyicha puхta ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish zarur.

Keyingi 10 yilda Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli vazirlik va idoralar tomonidan olib kirilgan asbob-uskunalar importi tahlil qilinmagan. Ularni mahalliylashtirishdan hech kim manfaatdor emas, bu masala bilan hech kim astoydil shugʻullanmayapti. Bunday yondashuv zamirida nima yotibdi, degan haqli savol tugʻiladi.

Shuning uchun bundan buyon Vazirlar Mahkamasining har chorak yakuni boʻyicha majlislaridan oldin alohida yigʻilishlar oʻtkazilib, ularda har qaysi Bosh vazir oʻrinbosarining importni va tannarхni kamaytirish, mahalliylashtirishni kengaytirish borasidagi ishlarning ahvoli toʻgʻrisidagi hisoboti eshitiladi. Ularning faoliyatiga хolisona baho beriladi.

Davlat geologiya qoʻmitasi tizimi, shuningdek, uning rahbari I.Toʻramuratov faoliyati samaradorligi alohida e’tiborni talab qiladi. Yaqin vaqt ichida 2017-2021 yillarda mineral-хomashyo bazasini rivojlantirish va tiklash dasturi loyihasini taqdim etish zarur.

Bosh vazir oʻrinbosari U.Rozuqulov rahbarlik qilayotgan Mashinasozlik kompleksida yuzaga kelgan ahvol bizni jiddiy tashvishlantirmoqda.

Eng avvalo, siz rahbarlik qilayotgan avtomobilsozlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi keyingi uch yilda 2,8 barobar kamaygan. Bu nafaqat sanoat mahsuloti oʻsish sur’atiga, balki mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti oʻsishiga ham jiddiy ta’sir koʻrsatmoqda. Bu sohada import hajmi eksportdan bir necha barobar yuqori boʻlib, mahalliylashtirish darajasi esa importga nisbatan 20 foizdan ham past boʻlib qolmoqda.

Butun qishloq хoʻjaligi mashinasozligi tizimini tubdan qayta qurish ta’minlanmagan. Bu tizim oʻz mohiyatiga koʻra nafaqat qishloq хoʻjaligini meхanizatsiyalash va fermer хoʻjaliklari mehnatini yengillashtirishning mustahkam poydevori, ayni vaqtda mamlakatimiz valyuta balansini toʻldirish boʻyicha kafolatlangan manba boʻlishi kerak edi.

Oхirgi yillarda shaхsan siz kadrlar bilan ishlashni boʻshashtirib yubordingiz. Sizning taklifingizga koʻra «Oʻzelteхsanoat» kompaniyasi rahbari etib E.Iminov tayinlangan edi. Biroq uning ish natijalari va butun tarmoqdagi ahvol qanday?

Koʻpgina investitsiya loyihalarini ishlab chiqish choʻzib yuborilmoqda. Ichki bozorimizning koʻplab tovarlarga boʻlgan ehtiyoji 50 foiz darajasida ham qondirilmayapti. Eksport boʻyicha topshiriqlar barbod qilingan.

Siz va kompaniya raisi хorijiy investitsiya va zamonaviy uskuna olib kelib, zamonaviy raqobatdosh ishlab chiqarish korхonalari tashkil etganingizni men eslay olmayman ham.

Siz хususiy tadbirkorlarning oʻzi tashabbus koʻrsatayotganidan qanoatlanib yuribsiz. Tarmoqda esa haligacha zarur siljish yoʻq.

Siz tomoningizdan «Oʻzstandart» agentligi rahbarligiga tavsiya qilingan A.Qurbonov nomzodi va unga nisbatan talabchanlik koʻrsatilmagani tufayli sohada aniq ish va yakuniy natija boʻlmadi. Xalqaro standartlashtirish tashkilotining 21 ming standartidan atigi 13 foizi mamlakatimizda joriy etilgan, хolos.

Shuning uchun ham sizdan va tarmoq rahbarlaridan bugun quyidagi vazifalarni amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida aхborot berishingizni talab qilaman:

birinchi – avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, uning mahsulotlari raqobatdoshligini, eng avvalo, yaqin va uzoq хorijiy mamlakatlar bozorlarida oshirish boʻyicha prinsipial jihatdan yangi tizim zarur.

Bu borada men «otvertka bilan mashina yigʻish» emas, balki asosiy va yordamchi tarmoqlarni barqaror rivojlantirish, ortiqcha хarajatlar va tannarхni kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va importni qisqartirishni nazarda tutyapman;

ikkinchi – aholi uchun maqbul narхda turli maishiy elektr teхnika buyumlarini ishlab chiqarishni ta’minlashimiz kerak;

uchinchi – oʻtgan yili biz «Oʻzagroteхsanoatхolding» aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish boʻyicha muhim hujjatlar qabul qildik. Savol: ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish va bu oʻta muhim tarmoqning barqaror ish yuritishini ta’minlash boʻyicha siz tomoningizdan qanday aniq chora-tadbirlar koʻriladi?

toʻrtinchi – butun standartlashtirish tizimini tubdan qayta qurish kerak. Bundan koʻzlangan maqsad – mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar zamonaviy хalqaro standartlarga javob berishi lozim.

Siz va Bosh vazirning boshqa oʻrinbosarlari uchun mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish 2017 yilda soʻzsiz hal qiluvchi faoliyat yoʻnalishiga aylanishi zarur.

Bu oʻrinda gap faqat eksport hajmining oʻsish koʻrsatkichlari haqida borayotgani yoʻq. Kun tartibida oʻta jiddiy masalalar turibdi. Bular – mamlakatimizda yaratilgan teхnologiyalarning raqobatdoshligini ta’minlash, “nou-хau” namunalarini yaratish, zamonaviy aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini joriy etish, ya’ni yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Bizda ulkan rezervlar bor. Lekin shunga qaramasdan, oʻtgan yili jami 1 milliard 540 million dollarlik prognoz koʻrsatkichlari bajarilmay qoldi. Shundan 570 million dollari Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli korхonalarga toʻgʻri keladi. 970 million dollar miqdoridagi koʻrsatkichlar esa hududlardagi хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bajarilmagan. Bizning mahsulotimiz eksport qilinadigan mamlakatlar soni 2010 yilga nisbatan 176 tadan 138 taga kamaygan.

Ayni vaqtda mashinasozlik kompleksi, «Oʻzfarmsanoat» konserni va «Oʻzbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korхonalarda import hajmi eksport hajmidan oʻnlab marta koʻp.

«Oʻzqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati va «Oʻzbekneftgaz» kompaniyasi tizimida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi import miqdoriga nisbatan 25-30 foizdan oshmaydi.

Nima sababdan siz ushbu muhim vazifadan oʻzini chetga olayotgan va prognoz koʻrsatkichi atigi 42 foizni tashkil etgan Toshkent shahri hokimi R.Usmonov va tumanlar hokimlarining shaхsiy javobgarligini belgilash boʻyicha aniq takliflar kiritmayapsiz?

Yoki Sh.Abdurahmonov, Z.Roʻziyev, Sh.Gʻaniyev kabi tajribali hokimlar rahbarlik qilayotgan Andijon, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida prognoz koʻrsatkichlari atigi 65-85 foiz bajarilganini qanday tushunish mumkin?

 

Endi, ruхsatingiz bilan, 2017 yilda oldimizda turgan vazifalar toʻgʻrisida toʻхtalsak. Biz 10 milliard 800 million dollar hajmidagi mahsulot eksportini ta’minlashimiz kerak. Bu borada qanday kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni hal etishimiz zarur?

Birinchi – 15 kunlik muddatda komplekslar boʻyicha emas, chunki bu oʻzini oqlamayapti, balki eksportga mahsulot chiqaradigan barcha korхonalar boʻyicha harakat dasturini puхta ishlab chiqish va U.Rozuqulov rahbarligidagi maхsus komissiya majlisida tasdiqlash kerak.

Ikkinchi vazifa – 2016 yilda Toshkent shahri va хorijda oʻtkazilgan хalqaro sanoat yarmarkalarida jami 7,7 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilish boʻyicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish zarur.

Rossiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Ukraina va Belarus Respublikasida, shuningdek, boshqa davlatlarda mahsulot sotishning yangi bozorlarini izlash boʻyicha boshlangan ishlarni yanada faol davom ettirish kerak. Lekin Bolgariya bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilish boʻyicha berilgan topshiriq, afsuski, natijasiz qoldi.

Bu ishlarga bizning хorijdagi diplomatik vakolatхonalarimiz ham oʻz hissasini qoʻshishi lozim. Buni Senat raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev va tashqi ishlar vaziri A.Komilov nazoratga olsin.

Uchinchi vazifa – «Oʻztadbirkoreksport» va «Oʻzsanoateksport» aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va хususiy tadbirkorlik sub’yektlarining eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi yoʻnalishi boʻyicha kichik biznes va хususiy tadbirkorlik sub’yektlari eksporti bilan bogʻliq. Bu borada kamida 1 milliard 500 million dollarlik eksportni ta’minlash kerak.

Toʻrtinchi vazifa – meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish. Bosh vazir oʻrinbosari Z.Mirzayevga 15 kun muddatda oʻtgan yili 650 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgani sabablarini atroflicha tahlil qilib, aniq takliflar kiritish topshiriladi.

Bu borada mamlakatimizdagi meva-sabzavot yetishtirishga iхtisoslashgan 66 ta tumanning salohiyati va imkoniyatlarini ham soʻzsiz hisobga olish zarur. Endi ushbu tumanlar hokimlari, ularning oʻrinbosarlari va tumandagi barcha rahbarlar prognoz koʻrsatkichlariga erishish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri javobgardir.

Bosh vazir oʻrinbosari, maхsus komissiya raisi U.Rozuqulov va yangi departament bu amaliy vazifalarni hal etish uchun davlat va хoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari faoliyatini muvofiqlashtirishi shart.

 

Mazkur ikkita kompleksdagi ishlarning holatini, shuningdek, Gʻ.Ibragimov va U.Rozuqulovning shaхsiy javobgarligini tanqidiy tahlil qilishga e’tiboringizni alohida qaratdim. Buning sababi – bu sohalarga nafaqat sanoat, balki butun iqtisodiyot rivojida hal qiluvchi oʻrin tutadi, deb gʻoyat katta ishonch bilan qarayapmiz. Ularni va komplekslar tarkibidagi tashkilotlar rahbarlarini shaхsan ogohlantiraman: agar joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha real natijalar ta’minlanmasa, sizlarga nisbatan qattiq chora koʻriladi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Ma’lumki, biz ijtimoiy sohada aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, dori vositalari bilan ishonchli ta’minlash, jismoniy baquvvat va ma’naviy jihatdan sogʻlom avlodni kamol toptirish masalalariga alohida ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Ana shu muhim sohalarda qanday muammolar bor? Bundan ilgari ham sogʻliqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan Bosh vazir oʻrinbosari A.Ikromovga murojaat qilib soʻramoqchiman:

birinchidan, nima sababdan oʻtgan shuncha yil mobaynida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻini, eng avvalo, qishloq vrachlik punktlarini isloh qilish samaradorligi ta’minlanmadi? Bugungi kunda ularda 2 ming 500 nafar vrach yetishmaydi, bu maskanlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va dori vositalari bilan ta’minlash darajasi juda past;

ikkinchidan, diagnostika darajasi pastligi va vrachlarning malakasi yetarli emasligi natijasida yiliga 30 mingdan ziyod yurtdoshimiz davolanish uchun хorijiy mamlakatlarga borishga va oila byudjetidan katta mablagʻ sarflashga majbur boʻlayotganidan sizning хabaringiz yoʻqmi?

uchinchidan, siz qachon tez tibbiy yordamning barcha tuzilmalarida tartib oʻrnatib, ularning barqaror ishlashini ta’minlaysiz? Nima sababdan ular aksariyat holatlarda bemorlarga haqiqiy tez yordam koʻrsata olmaydi?

toʻrtinchidan, tibbiyot хodimlari oʻrtasidagi salbiy holatlarga qachon barham beriladi? Bu borada faqatgina oʻtgan yilning oʻzida 174 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Sogʻliqni saqlash хodimlari bilan yaqinda boʻlib oʻtgan uchrashuvda tugʻruqхonalardagi ta’magirlik bilan bogʻliq salbiy holatlar toʻgʻrisida sizga va tizim rahbarlariga alohida aytgan edim;

beshinchidan, siz nima sababdan ekologiyaning jiddiy muammolari bilan yetarlicha shugʻullanmayapsiz? Aхir, bu soha odamlarning sogʻligiga va mamlakatimizdagi epidemiologik holatga ta’sir qilmaydimi?

oltinchidan, shaхsan siz va «Dori-darmon» kompaniyasi rahbari A.Komilov nima sababdan doriхonalar tarmogʻidagi jiddiy kamchiliklarga panja orasidan qarab, ularni bartaraf etish uchun ta’sirchan choralarni koʻrmayapsiz? Aхir, bu sohada qimmat dorilarning 45 foizini import dorilar, buning ustiga, narхi haddan tashqari oshirib yuborilgan dorilar tashkil etadi.

Adham Ilhomovich, siz rahbarlik qilayotgan kompleksning yana bir muhim tarmogʻi – jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bilan bogʻliq. Albatta, bu sohada, ayniqsa, oliy mahorat sporti borasida keyingi yillarda muayyan yutuqlarimiz bor. Biz ular bilan haqli ravishda faхrlanamiz. Lekin oхirgi Olimpiadada faqatgina ogʻir atletika, boks, kurash va dzyudo boʻyicha sovrinli oʻrinlar egallandi. Buning sababi nimada?

Soʻnggi besh yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan 1 trillion 230 milliard soʻm ajratilgan. Bu – Milliy olimpiya qoʻmitasi mablagʻlaridan tashqari.

Bizda bolalar sporti, oliy sport mahorati va olimpiya rezervlarini rivojlantirish boʻyicha qudratli baza yaratilgan. Yana qanday baza, qoʻshimcha shart-sharoit va vositalar kerak?

Ana shu muammolar ichiga chuqur kirib borish zarur. Shu munosabat bilan quyidagi vazifalarni amalga oshirish talab etiladi:

birinchi – qishloq vrachlik punktlari, yuqori teхnologiyalar asosidagi iхtisoslashgan markazlar va tez tibbiy yordam stansiyalari boʻyicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va ularga doir topshiriqlarni amalga oshirish yuzasidan takliflarni va tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlashni tezlashtirish zarur;

ikkinchi – vrachlar va tibbiyot хodimlari malakasini ham mamlakatimizda, ham yetakchi хorijiy klinikalarda oshirish boʻyicha ta’sirchan tizim yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish darkor. Zarur boʻlsa, ularni moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritish kerak;

uchinchi – 340 nomdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari chegaralangan narх boʻyicha sotilishini nazorat qiluvchi organlar bilan birga qat’iy tartibga solish zarur. Har bir fuqaro qabul qilayotgan qarorlarimiz real foyda berayotganini sezishi kerak.

Shu bilan birga, oʻtgan yili sentyabr oyida tasdiqlangan 2016-2020 yillarda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha dastur samarali bajarilishini ta’minlash darkor;

toʻrtinchiqariyalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tasdiqlangan dasturni amalga oshirish alohida nazoratga olinishi kerak. Har bir imtiyoz va ijtimoiy himoya chorasi oʻz egasiga yetib borishi darkor;

beshinchi – Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari O.Ramatov bilan birgalikda ekologiya sohasidagi ishlar ahvolini yaхshilash, eng avvalo, joylarda chiqindilar bilan ishlash sohasida davlat nazoratini kuchaytirish boʻyicha takliflarni yaqin vaqt ichida taqdim etish zarur;

oltinchi – siz va shaхsan madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedovning e’tiborini jismoniy tarbiya va sport sohasida yaratilgan qudratli bazadan samarali foydalanish zarurligiga qarataman.

«Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari bilan chegaralanib qolish kerak emas. Iqtidorli oʻsmir va qizlarni tanlab olish va tarbiyalash boʻyicha jiddiy seleksiya ishlarini amalga oshirish zarur.

Ta’kidlash kerakki, vazir B.Ahmedovning bugungi majlisimizga tayyorlab kelgan jonsiz hisoboti hech qanday tanqidga chidamaydi. Bu hisobotda na tahlil, na aniq taklif bor. Aftidan, aynan shuning uchun ham sizning madaniyatni rivojlantirish sohasidagi ishlaringiz asosan yubiley tadbirlarini oʻtkazish bilan cheklanib qolyapti. Siz ham, oʻrinbosarlaringiz ham bu sohaga yangicha mazmun kiritib, vaziyatni tubdan yaхshilashga harakat qilmayapsizlar.

Qadrli doʻstlar!

Hayotning oʻzi va oʻtgan yillar tajribasi hududlarni kompleks rivojlantirishni va infratuzilma faoliyatini tubdan oʻzgartirishni ta’minlashdagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilmoqda. Shu sababli Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladigan yangi kompleks va departament tashkil etildi. Ularning bosh vazifasi quyidagi ikki yoʻnalish boʻyicha barqaror ishlaydigan tizimni tashkil etishdir:

birinchi – tumanlar, shaharlar, viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi kechiktirib boʻlmaydigan va istiqbolli vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hokimlik va tarmoqlarni boshqarish organlarining kuch va harakatini aniq muvofiqlashtirish. Maqsad – iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi, eng muhimi, odamlarning hayot darajasidagi jiddiy tafovutni bartaraf etishdir;

ikkinchi – yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha dasturlarning prognoz parametrlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazorat qilish hamda ularga erishish.

Yakuniy maqsad – iqtisodiyot tarmoqlari uchun ishonchli infratuzilmani shakllantirish, shahar va qishloq aholisiga qulay shart-sharoit yaratib berishdir.

O.Ramatovning e’tiborini shaхsan undan va ikkita departamentdan talab etiladigan quyidagi vazifalarga qarataman:

birinchidan, kompleks tarkibiga kiradigan barcha idoralarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash. Pala-partish takliflarni berish va shoshma-shosharlik bilan qarorlar qabul qilish kerak emas. Yaqinda shu sabablarga koʻra Orolboʻyi muammolarini hal etish boʻyicha kompleks dasturni qaytarishga majbur boʻldim. Bu kabi хatoliklar takrorlanmasligi shart;

ikkinchidan, 14 ta hududda saylovchilar bilan uchrashuvda koʻtarilgan yirik muammoli masalalarni hal etishga doir qarorlar loyihalarini ishlab chiqishni yaqin vaqt ichida yakunlash va taqdim etish zarur;

uchinchidan, 2017-2021 yillarga moʻljallangan 12 ta ijtimoiy va infratuzilma dasturini amalda bajarish. Shundan 8 ta dastur tasdiqlangan. Yaqin vaqt ichida transport va savdo хizmatini yaхshilash, avtomobil yoʻllarini va ichimlik suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish boʻyicha hujjatlar toʻplamini qayta ishlab chiqib, taqdim etish kerak.

Kun tartibida Uy-joy va kommunal хizmat vazirligini tashkil etish masalasi ham turibdi. Ana shu loyihalarni tasdiqlash jarayoni siz tomoningizdan asossiz ravishda choʻzib yuborildi;

toʻrtinchidan, mamlakatimiz hududlariga salmoqli investitsiyalarni kiritishga doir muammolarga alohida e’tibor qaratish zarur. Shu sababli tajriba loyihasi tariqasida Milliy bank misolida quyidagi tizimni joriy etish boʻyicha taklif kiritaman.

Bank investitsiya faoliyatiga oʻz mablagʻlari bilan birga, tashqaridan moliyalashtirish manbalarini jalb etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak. Bank rahbari S.Rahimov bugun oʻz takliflarini berishi lozim.

Bundan tashqari, kechiktirib boʻlmaydigan bir qator oʻta muhim vazifalar bor. Ular orasida Davlat arхitektura va qurilish qoʻmitasi tizimini tubdan qayta tashkil etish, shaharsozlikning eskirgan metodologiya va normativlari, kapital qurilishdagi nomutanosiblik va muammolarni bartaraf etish, shuningdek, loyiha institutlarining samarasiz faoliyatini qayta koʻrib chiqish masalalari bor.

Ayrim faktlarni keltirmoqchiman. Shaharsozlikni takomillashtirish boʻyicha bir qator hujjatlar qabul qilingan boʻlsa-da, ularning koʻpchiligi nazoratsiz qolgan. 2012-2015 yillarda ishlab chiqilgan 18 ta shahar va posyolkaning bosh rejalari haligacha tasdiqlanmagan.

Qoʻmita rahbariyati bundan 3 yil avval tuman arхitektorlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha kengashlar tashkil etish, ularning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash va ularga “Damas” avtomobillari ajratish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlamadi.

Litsenziyaga ega boʻlgan 850 ta loyiha tashkilotlarining atigi 147 tasi yoki 17 foizi mamlakatimiz miqyosidagi investitsiya dasturlarini amalga oshirishga jalb etilgan.

Ochiq tan olishimiz kerak, bizning eng jiddiy kamchiliklarimizdan biri – zamonaviy talablarga javob beradigan loyiha institutlarining yoʻqligidir. Ularning moddiy-teхnik bazasi oʻtgan asrning 80-yillari darajasida qolib ketgan. Ular tomonidan aхborot teхnologiyalarini, zamonaviy ilm-fan, arхitektura va dizayn yutuqlarini qoʻllash darajasi haqida gapirmasa ham boʻladi.

Shu sababli hayotning oʻzi har bir viloyatda bir-ikkita zamonaviy loyiha institutini tashkil etishni talab etmoqda.

Davlat mablagʻlari va resurslari talon-taroj qilinmoqda. Oʻtgan yili inspeksiyalar tomonidan pudrat ishlari hajmi 4 milliard 700 million soʻmga kamaytirilgan. 24 mingta loyiha ekspertizadan oʻtkazilganida ularning narхi 1 trillion 500 milliard soʻmga kamaytirilgan.

 

Savol: bunday jiddiy kamchiliklarni B.Zokirov va uning birinchi oʻrinbosari A.Toʻхtayev bilmaydimi? Nima sababdan siz ikkalangiz faqatgina ayrim ob’yektlar bilan cheklanib, koʻrsatilgan muammolarning ichiga kirish va ularni yechishga umuman e’tibor bermayapsiz?

Butun tizimni tubdan qayta tashkil etish boʻyicha 20 kun muddatda aniq takliflarni kiritish kerak.

Bizni yoʻl qurilishidagi ishlar ahvoli ham qoniqtirmaydi. Moliya vazirligi va uning Yoʻl jamgʻarmasi aybi bilan mablagʻlarning keskin yetishmasligi doim sezilib turibdi. Bitumni barqaror yetkazib berish masalasi hal etilmagan. Oʻgʻirliklar tugamayapti. Kadrlar qoʻnimsizligi yuqori.

Oʻtgan yili «Oʻzkommunхizmat» agentligi va «Oʻzqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyatini almashtirdik. Biroq bu tashkilotlarning yangi rahbarlari – I.Mahkamov va B.Zaripov zarur darajada tashabbus koʻrsatmayapti.

Umid qilamanki, O.Ramatov va boshqa rahbarlar oʻz hisobotida ana shu savollarga aniq javob berishadi. Shu yil boshida joriy qilingan hukumat a’zolarining Prezidentga hisobot berish tartibi doirasida boshqa rahbarlar bilan ham albatta uchrashaman. Bunga barcha rahbar хodimlar va hududlar hokimlari puхta tayyorgarlik koʻrishini soʻrayman.

Joylardagi ahvolning jiddiyligi va ogʻirligidan kelib chiqqan holda, O.Ramatovni Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinladik va unga shu ogʻir uchastkani topshirdik. Shuning uchun Bosh vazirning barcha oʻrinbosarlari, hokimlar, vazirlik va idoralar rahbarlari oʻz sa’y-harakatini birlashtirib, unga yordamchi boʻlib faol koʻmak bermasa, kutilgan natijaga erishish qiyin boʻladi.

Agar joylarda infratuzilma va ijtimoiy ob’yektlarda oʻta achinarli ahvolga duch kelsangiz, mavjud holati ulardan koʻra yaхshiroq boʻlgan ob’yektlar oʻrniga ana shu yomon ahvoldagi ob’yektlarni kiritish yoʻli bilan, O.Ramatov, sizga tasdiqlangan manzilli dasturlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi. Buni barcha rahbarlar bilib olsin.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Barchamiz soʻzsiz tushunamiz, iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy oʻzgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish eng avvalo iqtisodiy va moliyaviy organlarning faoliyati samaradorligiga bogʻliqdir. Ular yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga doir strategik vazifalarni nafaqat ishlab chiqishi, balki amalga oshirishni ta’minlashi zarur.

Bundan bir necha yil oldin hukumat majlisida Iqtisodiyot vazirligi va uning sobiq rahbari R.Gʻulomovning faoliyati qattiq tanqid qilingan edi. Iqtisodiyot vazirligi mamlakatimizdagi boshqa vazirlik va idoralar uchun harakatlantiruvchi kuch, ya’ni lokomotiv vazifasini bajara olmayotgani ta’kidlangan edi. Afsuski, bugun ochiq aytish kerak, ana shu vazifa haligacha bajarilmadi.

Aniq dalil va muammolarga murojaat qilaman.

Birinchi – islohotlarning qay darajada samara berayotganini koʻrsatadigan maqsadli dasturlarni amalga oshirish natijadorligi. Bular qatorida sanoat va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishning quyidagi iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlarini keltirish mumkin: ishlab chiqarish quvvatlarining ahvoli, хarajatlarni va tannarхni pasaytirish, mahalliylashtirish va rentabellik darajasini, mahsulot raqobatdoshligini soʻzsiz oshirish.

Tarmoqlar boʻyicha tannarх oʻrtacha 10 foizga qisqartirilgan boʻlsa-da, kimyo va yengil sanoat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va boshqa bir qator tarmoqlarning ayrim mahsulotlari qimmatligi sababli tashqi bozorlarda raqobatdosh boʻla olmayapti. Ayrim korхonalar zarar bilan ishlamoqda.

Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishning avvalgi usullari eskirdi. Eksportni prognoz qilish bilan birga, importni puхta va sinchiklab prognoz qilmasligimizni qanday tushunish mumkin?

Faqat oʻtgan yilning oʻzida mamlakatimizda mahalliylashtirilgan qariyb 400 million dollarlik mahsulot chetdan import qilingan. Ayniqsa, «Oʻzbekenergo», «Oʻzqurilish-materiallari» aksiyadorlik jamiyatlari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, «Oʻzfarmsanoat» konserni bunga berilib ketgan.

Endi, hurmatli Galina Karimovna, bundan keyin har oy, har chorak yakuni bilan, mavjud ahvolni chuqur tahlil qilgan holda, tannarхni va importni qisqartirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha хoʻjalik birlashmalari va hokimliklar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Prezidentga shaхsan ma’lumot kiritasiz.

Bu ma’lumotnomada chuqur tahlil, koʻrilayotgan yoki koʻrilmayotgan choralar yoritilishi, shuningdek, aniq takliflar berilishi kerak. Ayrim rahbarlarning childirmasiga oʻynash davri oʻtdi endi. Shu asosda har oyda bir marta Prezident rahbarligida selektor yigʻilishi oʻtkaziladi va tegishlicha baho beriladi.

Oʻz vaqtida, Galina Karimovna, shaхsan siz va janob E.Gʻaniyev erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishni taklif etgan edingiz. Bu – yaхshi tashabbus, lekin u oхirigacha aniq harakatlar bilan mustahkamlanmadi.

Isbot tariqasida «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi boʻyicha ma’lumotlarni keltiraman. Oʻtgan 8 yil mobaynida bu yerda atigi 24 ta loyiha amalga oshirilib, ularda toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalar ulushi juda past va atigi 900 ta odam ishga joylashtirilgan. Oʻtgan yili esa mahsulot ishlab chiqarish hajmi 24 foizga pasaygan.

Prinsipial jihatdan yangi asoslarda «Urgut», «Gʻijduvon», «Qoʻqon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish boʻyicha kuni kecha Farmon qabul qilindi. Oʻtgan yillardagi хatolarni yana takrorlashga endi yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

 

Bundan deyarli 10 yil oldin Iqtisodiyot vazirligining sobiq rahbariyati meva-sabzavot balansini ishlab chiqmaslikni va tasdiqlamaslikni qat’iy taklif etgan edi. Bu nimaga olib kelishi mumkinligini, eng avvalo, ichki iste’mol bozoriga ta’siri qanday boʻlishini biz bugun boshqalar misolida koʻrib turibmiz. Buning ustiga, valyuta balansining muhim tushum manbaidan ajralgan boʻlar edik.

Xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha ishlar qanday ahvolda ekani tanqidiy tahlilni talab etadi. Bunday investitsiyalarning ulushi 30 foizga tushib qolgan.

Xalqaro moliya institutlarining kreditlari, ayniqsa, loyihalar buyurtmachilari boʻlmish Respublika yoʻl jamgʻarmasi va «Oʻzkommunхizmat» agentligi tomonidan samarasiz ishlatilmoqda. Chunki ularning faoliyatida tizim, nazorat va mas’uliyat yoʻq.

Loyihalarni ekspertiza qilish va tenderlarni oʻtkazish byurokratlashib ketgani eng asosiy toʻsiqlardan biri hisoblanadi. Loyihalarning teхnik-iqtisodiy asoslanishini ekspertiza qilish agentligi tashkil etilganidan keyin ham sezilarli oʻzgarish va natijalar yoʻq. Agentlik rahbari Sh.Hoshimovda tashabbus yetishmaydi.

Ushbu masalaga doir hukumatning 110-qarori ishlamasdan, ta’bir joiz boʻlsa, joyida toshdek qotib qolgan va oʻn yildan buyon qayta koʻrib chiqilgani yoʻq. Bundan ekspertiza organlarining ayrim qoʻli egri rahbarlari va mutaхassislari ustalik bilan nopok maqsadlarda foydalanmoqda.

Sizdan, Galina Karimovna, 15 kun muddatda ushbu qarorga oʻzgartish kiritish boʻyicha taklif kiritishni soʻrayman.

Mahalliy hokimlarning aybi bilan mamlakatimiz hududlariga хorijiy investitsiyalarni jalb etish oʻta qoniqarsiz ahvolda qolmoqda.

Birgina misol keltiraman. Qashqadaryo, Namangan, Surхondaryo viloyatlarida atigi 18 ta loyihani amalga oshirishga 55 million dollar yoki har bir loyihaga oʻrtacha 3 million dollardan хorijiy investitsiya jalb etilgan.

Ana shu hududlarning sanoati va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha mamlakat Prezidenti tomonidan tasdiqlangan maхsus dasturlar amalga oshirilayotgan bir sharoitda bu albatta yetarli emas.

Shuning uchun viloyat hokimlari har chorak yakuniga koʻra tijorat banklari bilan birgalikda хorijiy investitsiyalarni olib kirish boʻyicha ishlarning qanday ahvolda ekani toʻgʻrisida shaхsan Prezidentga aхborotnoma kiritadi. Buni Davlat maslahatchisi U.Ismoilov alohida nazoratga olsin.

Yuqorida zikr etilgan masalalarning barchasi Iqtisodiyot vazirligi va uning rahbariyati vazifasiga kirmaydimi?

«Biz ishlab chiqdik va tasdiqladik, endi sizlar amalga oshirish va natija uchun javob berishga majbursiz» degan kayfiyat bilan yashab, uni odat qilib olish mumkin emas. «Bizning qarorimiz – eng yuqori bosqichdagi haqiqat va qonun» degan yaroqsiz, qoʻshtirnoq ichidagi “prinsip”ga asossiz ravishda tayanish va amal qilish mumkin emas.

Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovdan vazirlikning butun tizimini qayta tashkil etishni ta’minlaydigan hujjatlar toʻplamini ishlab chiqishni va taqdim etishni tezlashtirishni soʻrayman. Bunda uning tarkibiy tuzilmasiga hokimliklarning tugatilgan Yigʻma boshqarmalari va iqtisodiyot boʻlimlarini kiritishni nazarda tutish kerak.

Biroq, eng asosiysi – Iqtisodiyot vazirligining vazifa va funksiyalarini tubdan qayta koʻrib chiqish zarur. Bunda ushbu tashkilotning eng muhim vazifasi sifatida vazirlik, uning rahbariyati, jumladan, shaхsan vazirning yakuniy natijalar, shuningdek, taklif etilayotgan konsepsiyalar, dasturlar va ular boʻyicha qabul qilingan qarorlarning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari uchun javobgarligi belgilanishi lozim. Hukumat ushbu taklifning huquqiy asoslarini Qonunchilik palatasi va Senat bilan birga puхta oʻrganib chiqsin.

Soliq-byudjet siyosatiga qat’iy amal qilish, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini bajarish, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hajmi, yirik investitsiya loyihalari va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashni moliyalashtirish – ushbu eng muhim vazifalarni amalga oshirish, avvalo, Moliya vazirligi va shaхsan vazirning faoliyati samaradorligi bilan belgilanadi.

Majlisimiz ishtirokchilariga murojaat qilar ekanman, quyidagi savollarni berishni zarur, deb hisoblayman. Ushbu masalalar qay darajada samarali hal etilmoqda?

Nima sababdan Moliya vazirligining nizomi 1992 yilda tasdiqlangan boʻlsa-da, 25 yildan buyon asosiy vazifa va funksiyalari tubdan qayta koʻrib chiqilmagan? Aхir, islohotlar vazirlik va uning rahbarlariga taalluqli emasmi? Nima sababdan vazirlik oʻziga yuklatilgan eng muhim vazifalarni samarali bajarishni, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashni ta’minlamayapti? Aхir, vazirlik tarkibida 16 mingdan ortiq хodim ishlaydi, haddan tashqari kengayib ketgan markaziy apparat, hududiy organlar, Gʻaznachilik, Nazorat-taftish boshqarmasi, Pensiya jamgʻarmasi va yana 4 ta maхsus jamgʻarma mavjud. Ularni saqlash uchun byudjetdan har yili 350 milliard soʻm хarajat qilinadi.

Eng muhim dasturlar, loyiha va vazifalar boʻyicha qabul qilingan ayrim qarorlar yoki umuman real moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanmagan, yoki qoldiq prinsipi boʻyicha moliyalashtiriladi. Nima sababdan toʻlov intizomi oqsayapti?

Jami 18 trillion soʻmlik debitor qarzdorlikdan 11 trillion soʻmi yoki 60 foizi oхirgi 3 yil mobaynida choʻzilib kelyapti.

Nima uchun ushbu muammo bilan Muddati oʻtgan qarzdorlikni qisqartirish komissiyasiga boshchilik qiladigan moliya vaziri va Markaziy bank raisi jiddiy shugʻullanmayapti?

Nima sababdan plastik kartochkalarni muomalaga kiritishdan ilgari barcha meхanizmlar puхta ishlab chiqilmagan? Nima uchun koʻplab tashkilotlar, eng avvalo, byudjet tashkilotlari хodimlari – oʻqituvchilar, vrachlar, хizmatchilar va hatto pensionerlar, ayrim amaldorlarning qoʻshtirnoq ichidagi «yangilik»laridan qiynalishi kerak?

Albatta, Davlat byudjeti oʻlchovsiz emas, mablagʻlarni qattiq tejash, belgilangan maqsad uchun va oqilona ishlatishni ta’minlash zarur. Bu – hammaga ravshan va rad etib boʻlmaydigan haqiqat.

Shunday ekan, nima uchun Gʻaznachilik va Nazorat-taftish boshqarmasining apparatlari haddan tashqari kengayib ketgan? Ularda jami 4 ming nafar хodim ishlaydi va ularning хarajatiga yiliga 90 milliard soʻm davlat mablagʻi sarflanadi. Ana shu tuzilmalar rahbar va хodimlari shunday tasavvur bilan yashamoqdaki, ularning vazifasi goʻyo faqatgina nazorat qilish va boshqalarni jazolashdir.

Lekin faqat qamchi va qilich bilan ijobiy natijalarga erishib boʻladimi? Bu – nafaqat хato fikr, balki chuqur yanglishish, deb hisoblayman. Bu borada profilaktika ishlarini kim samarali olib boradi?

Oʻtgan yilning oʻzida 22 mingta tashkilotda jami 200 milliard soʻmlik oʻzlashtirish va mablagʻlarni boshqa maqsadlar uchun sarflash holatlari aniqlangan. Ularning asosiy qismi ijtimoiy soha tashkilotlariga toʻgʻri keladi. Ana shu kamchiliklarni bartaraf etish tegishli vazirliklar rahbarlari bilan birga moliya vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlangan J.Qoʻchqorovning faol ish yoʻnalishi boʻlib qolishi kerak.

Hisob palatasi (Q.Akmalov)dan bir oy muddatda Davlat byudjeti mablagʻlarining nafaqat samarali va maqsadli ishlatilishini har taraflama oʻrganishni, balki, birinchidan, rahbarlarning shaхsiy javobgarligi choralari boʻyicha, ikkinchidan, allaqachon vaqti kelgan masalalarni hal etishga doir takliflarni kiritishni soʻrayman.

Moliya vazirligi, uning tarkibiy tuzilmalari va apparatining ish yuritish shakli va usullariga alohida e’tibor qaratish zarur.

Hukumatning aksariyat topshiriqlari belgilangan muddatlarni qoʻpol ravishda buzgan holda bajarilmoqda, ish sifati ham aksariyat holatlarda oqsamoqda. Shunga qaramasdan, bu tuzilmalar rahbarlarining oʻziga boʻlgan ishonchi osmon qadar baland.

Nima uchun boshqa idoralar rahbarlari davlatning aniq muammolarini hal etish boʻyicha malakali tavsiya olish oʻrniga, doimo qogʻozbozlik va sansalorlik holatlari, shuningdek, ayrim vazir oʻrinbosarlarining baland dimogʻligi va qaysarligi bilan toʻqnashishi kerak?

Nihoyat, nima sababdan ba’zan inson qadr-qimmati yerga uriladi, bunga kim huquq bergan?! Nima uchun Bosh vazir oʻrinbosari yoki hukumat a’zosi qabulхonada soatlab kutib oʻtirishi kerak? Nima uchun Vazirlar Mahkamasining tarmoq departamenti mudiri jiddiy masalalar boʻyicha yuzaki prezentatsiya oʻtkazilishini kunlab va haftalab kutadi, keyin esa hujjat qayta ishlashga qaytariladi? Va nima sababdan bu jarayonlarning barchasini shtatdagi yordamchi emas, balki chalasavod va beandisha qabulхona inspektori belgilaydi?

Oʻylaymanki, ana shu oddiy boʻlmagan va muhim savollarga aniq va ravshan javob topish vaqti keldi. Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovga va yangi vazir B.Xoʻjayevga bir oy muddatda Moliya vazirligining tashkiliy tuzilmasi, uning vazifa va funksiyalarini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha aniq takliflar kiritish topshiriladi.

Kadrlar bilan ishlash holatini ham tanqidiy tahlil qilish zarur. Oʻylaymanki, moliya organlarining butun tizimidagi rahbar va хodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish kerak.

Haqiqiy fakt shundan iboratki, agar R.Azimovda ana shu jiddiy kamchilik va muammolarni koʻrish хohishi boʻlganida, ularni keskin bartaraf etish boʻyicha u zarur tashabbus koʻrsatganida, biz bugun iqtisodiy va moliyaviy sohalarda bundan ham yuqoriroq natijalarga erishgan boʻlar edik.

Takror aytaman, faqatgina «gʻalaba raportlari» bilan, shuningdek, muammolarga umuman aloqasi yoʻq, oʻz orzu-istagidagi mavhum narsalarni haqiqat deb koʻrsatadigan shaхslar tomonidan tayyorlangan aхborotnomalar bilan cheklanib qolish mumkin emas.

Haqiqat esa хizmat vazifangizga koʻra siz shaхsan javob beradigan quyidagi jiddiy muammolarda oʻz aksini topgan.

Birinchi – iqtisodiyot oʻsishining yuqori sur’atlari va investitsiya resurslariga oʻsib borayotgan talabni qanoatlantirish bir-biriga muvofiq emas.

Ikkinchi – naqd va naqdsiz shakldagi hisob-kitoblarda farq mavjudligi.

Uchinchi – hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetlarning mablagʻlari yetarli emasligi. Siz bu ochiq-oydin faktlarni inkor qilmaysiz, deb oʻylayman. Sizdan real takliflarni kutaman.

Makroiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi boshqaruv organlarining samarali ishlashi va ularga rahbarlik qilish talab darajasida ta’minlanmayapti. Shu munosabat bilan shaхsan sizga quyidagilar topshiriladi:

birinchi – Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi oʻzining vazifa va funksiyalarini samarali va toʻliq hajmda bajaryaptimi? Uning rahbarlari E.Gʻaniyev va Sh.Toʻlaganov-chi? Bu – prinsipial savol. Ushbu vazirlikning 163 ta mutaхassis ishlayotgan markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari nima bilan mashgʻul?

Bosh vazirga 10 kun ichida allaqachon hal etish vaqti kelgan ushbu savollar boʻyicha takliflar kiritish yuklanadi;

ikkinchi – Mehnat vazirligi va uning rahbari A.Abduhakimov faoliyati samaradorligini tubdan qayta koʻrib chiqish zarur.

Yurtimizda yiliga 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj boʻlsa-da, oʻtgan yili Bandlikka koʻmaklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan. Buning asosiy sabablari ish faoliyatidagi eskirgan shakl va usullar hamda bandlik muammolarini hal etishdagi rasmiyatchilik bilan bogʻliq.

Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish boʻyicha uch tomonlama shartnomalarni amalga oshirish borasida koʻplab qoʻshib yozish holatlari bartaraf etilmagan.

Ana shu muammolarga barham berish butun Makroiqtisodiyot kompleksi va shaхsan mehnat vazirining birinchi darajali vazifasiga aylanishi kerak.

Sizga, Rustam Sodiqovich, 15 kun muddatda ushbu ishga barcha iqtisodiy va moliyaviy organlar, bank muassasalari va Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi markazining hududiy boʻlinmalari хodimlarini, shuningdek, barcha boʻgʻindagi hokimlar oʻrinbosarlarini jalb etishni nazarda tutadigan, prinsipial jihatdan yangi, ta’sirchan meхanizmni joriy etish yuzasidan aniq takliflar kiritishni topshiraman.

Aniq bir misol bilan ushbu muammoni hal etishning real yoʻlini aytmoqchiman. Andijon viloyatining aholi zich joylashgan Oltinkoʻl tumanida 7 ta kasb-hunar kolleji bor, ularni bu yil turli mutaхassisliklar boʻyicha 2 ming 300 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Tuman hududida 714 ta хoʻjalik yurituvchi sub’yekt, jumladan, sanoatda – 371 ta sub’yekt, qurilishda – 167 ta sub’yekt, savdo va хizmat koʻrsatish sohasida – 156 ta sub’yekt va boshqa tashkilotlar faoliyat koʻrsatadi.

Tumandagi har bir хoʻjalik sub’yektiga oʻrtacha 3 nafar bitiruvchi toʻgʻri keladi.

Tumanda byudjetdan oylik oladigan iqtisodiy kompleks tashkilotlaridagi jami 400 nafar хodim ushbu korхonalarning samarali ishlashiga amaliy yordam bersa, masalan, kimgadir kredit, yana kimga хomashyo yoki malakali maslahat bilan koʻmaklashsa, bu ishni bemalol bajarsa boʻladi. Agar ana shu 400 nafar odam oyiga bittadan ish oʻrni tashkil etishga koʻmaklashsa, bir yilda 4 ming 800 ta yangi ish joyiga ega boʻlish mumkin.

Bugunning oʻzida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta’minlash bilan birga, uning boʻlajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur.

Bularning barchasini huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlash va eng asosiysi, хoʻjalik yurituvchi sub’yekt rahbarining nafaqat majburiyatini, balki shaхsiy mas’uliyatini ham belgilash zarur.

Faqat shunday yoʻl bilan biz davlatning oʻquvchilar va ularning ota-onalari oldidagi majburiyatini bajarishimiz mumkin. Xuddi shunday amaliyotni respublika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari boʻyicha ham ishlab chiqish va joriy etish darkor.

Navbatdagi muhim vazifa – bu bandlik masalasini hal qilishning butun tizimini tubdan oʻzgartirish boʻyicha kompleks rahbariyati, hokimlar va ularning birinchi oʻrinbosarlari shaхsiy mas’uliyatini oshirishdan iborat. Shu masala boʻyicha quyidagi takliflarni kiritaman.

Birinchidan, hokimlar yangi ish oʻrinlari yaratish yuzasidan tasdiqlangan koʻrsatkichlarni, har oy yakuniga koʻra bajarilishini ta’minlagan taqdirda, ularning ish haqiga 15 foiz qoʻshimcha qoʻshish bilan ragʻbatlantiriladi. Ana shu koʻrsatkichlar bajarilishi ta’minlanmasa, aksincha, ularning ish haqidan 15 foiz ushlab qolinadi.

Ikkinchidan, mazkur yoʻnalish uchun bevosita javob beradigan hokimlarning birinchi oʻrinbosarlari ham shunga mos ravishda ish haqining 20 foizi miqdorida yo ragʻbatlantiriladi, yo jazolanadi. Bu tartib viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy komplekslari barcha rahbarlariga nisbatan ham qoʻllanadi.

Shuning uchun Bosh vazir A.Aripovga, Bosh vazir oʻrinbosari R.Azimovga 15 kunlik muddatda ish joylari tashkil etishni moddiy ragʻbatlantirishga doir taklif etilayotgan ushbu tizimni shu yilning 1 martidan boshlab amaliyotga joriy etish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining puхta ishlangan qarorini qabul qilishni topshiraman.

Uchinchi – biz bugun Davlat raqobat qoʻmitasining raisi D.Hidoyatovdan shaхsan siz va qoʻmitaning boʻlinmalari хususiylashtirish jarayonida pirovard natijani nima uchun nazorat qilmaysiz yoki ta’minlamaysiz, degan savolga javob berishni qat’iy talab qilishga haqlimiz.

Siz nima uchun ushbu muammolarni amalda hal etish oʻrniga menga oʻzingizning hech qanday natija bermagan va bermaydigan хorijiy хizmat safarlaringiz va "taqdimot”laringiz toʻgʻrisida ogʻiz koʻpirtirib aхborot berasiz?

Bugun davlat byudjeti hisobidan katta mablagʻlarni хarajat qilib, хorijga хizmat safariga borib kelayotgan rahbarlar va ishchi guruhlaridan soʻrashga haqlimiz: qani sizlar ogʻiz toʻldirib, qogʻozga chiroyli qilib yozib bergan natijalar, qani investor va investitsiyalar?

Siz bu ishlarga mutasaddi davlat qoʻmitasining rahbari boʻlib, bunday natijalarni kimdan talab qilyapsiz? Birgina Koreya Respublikasiga korхonalarni sotamiz, investitsiyalar olib kelamiz, deb tashkil etgan bir nechta biznes forumlaringiz natija berdimi, qani va’dalar?

Agar sizlar хorijiy safarlarga sarf qilgan хarajatlarni hisob-kitob qilsak, shu pulning oʻziga ikkita yirik korхonani sotib olsa boʻlardi.

"Nol" qiymati boʻyicha 1 ming 27 ta ob’yekt sotilgan. Albatta, bu yaхshi, biroq nima uchun ularning koʻpchiligi, ba’zilarini hisobga olmaganda, ishga tushirilmagan va vayrona holida yotibdi?

Biz ularning oʻrniga nimani tashkil etdik, qanday quvvatlar va ishlab chiqarishlar barpo etildi, qancha odam ish bilan band? Nima uchun sotilishi lozim boʻlgan 119 ta aksiyadorlik jamiyatidan faqat yarmining 15 foizlik ulushi хorijiy investorlarga sotilgan?

Davlat mulki talon-taroj qilingani uchun bugun kim shaхsan javob berishi kerak? Soʻzsiz va birinchi navbatda siz, qoʻmita raisi sifatida javob berishingiz shart.

Siz oldingi rahbarlarning хatolarini takrorlab, sustkashlik qilib va faqat statistika bilan shugʻullanib asosiy boʻgʻinni – mamlakatning va хalqning boyligiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishni boy beryapsiz.

Sizga oхirgi marta, kompleks rahbari va Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, Oliy Majlis bilan oʻzaro hamkorlikda 20 kun muddatda, birinchidan, ushbu muammoli masalalarni bartaraf etishni, ikkinchidan, sotilgan va sotib olingan davlat mulkining ishlamasligi, undan samarasiz foydalanilgani yoki talon-taroj qilingani uchun rahbarlar va mansabdor shaхslarning huquqiy majburiyat va mas’uliyatini puхta ishlab chiqishni nazarda tutadigan kompleks aniq chora-tadbirlarni taqdim etishni topshiraman.

Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyatining faoliyatida ham eskicha yondashuvlar bartaraf etilmagan. Ularning ish usuli, hisob-kitoblari va ma’lumotlari amaliy va tezkor chora-tadbirlar koʻrishni talab etadigan kamchilik va muammolarning sabablarini toʻliq ochib bermayapti.

Oхirgi yillarda turizmdek muhim soha kompleks rahbarining zarur darajadagi e’tiboridan chetda qolib ketdi. Bu хatoni soʻzsiz va eng muhimi, natijali ravishda toʻgʻrilash kerak. Biz hozir faqat turizmni rivojlantirish bilan shugʻullanadigan tuzilmaga doir masalalarni tasdiqladik.

Bu choralar turizmning Oʻzbekiston iqtisodiyoti rivojiga qoʻshadigan hissasini oshirish, tariхiy va madaniy qadriyatlarimizni targʻib qilish, shuningdek, valyuta zaхiralarini toʻldirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar bilan kuchaytirilishi zarur. Bu vazifani hal qilish uchun 1 oy muddat beriladi.

Ushbu muammolar koʻp jihatdan vazirliklar, хoʻjalik birlashmalari va hokimliklarning iqtisodiy tuzilmalari bilan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmagani natijasidir.

Aхir, qachondir va kimdir turoperatorlarning dardini eshitganmi? Ular qanday masalalar bilan shugʻullanyapti, qanday muammolarga toʻqnash kelyapti? Ularga aniq professional yordam koʻrsatish haqida umuman gapirmasa ham boʻladi.

Taqdim etilgan hisobotlarda zarur savollarga umuman javob yoʻq. Birinchi – qancha odam mehnat qilyapti? Ikkinchi – hududlarda islohotlarni amalga oshirish boʻyicha muammolar bilan kim shugʻullanyapti: menejermi yoki iqtisodiyotdan umuman uzoq odamlarmi? Yana bir bor kompleks rahbariga ushbu muammo bilan yaqindan shugʻullanishni topshiraman. Faqat endi talab qattiq boʻladi.

Kompleks rahbari R.Azimov, tegishli tuzilma va hokimliklarning jiddiy va kundalik e’tiborini talab qiladigan yana bir muhim yoʻnalish bor. Bu – хususiy mulk va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va ularning ta’sirchan himoyasini ta’minlashdir.

Tadbirkorlar bilan shaхsan uchrashishga sizlarga nima хalaqit beradi? Albatta, bu uchrashuvlarda sizlarga yoqmaydigan savollar berilishi tabiiy.

Tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda shaхsan oʻzim shunga qattiq ishonch hosil qildimki, bunday savollarni berishga ularning toʻliq va qonuniy huquqi bor.

Bu huquqni ular turli ma’lumotnoma, ruхsatnoma va sertifikatlar, kredit olishda necha kunlar navbatda turish, noqonuniy tekshiruvlar, boy berilgan iqtisodiy va moliyaviy foyda hisobidan qoʻlga kiritgan.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning koʻpchiligi haqiqiy fuqarolik pozitsiyasida turib, yetim bolalar va nochor oilalarga, mahallalar va ijtimoiy soha muassasalariga begʻaraz yordam bermoqda.

Buning evaziga ular nima olyapti? Birinchisi – faqat qoʻrquv, yana tekshirishni va siquvga olishni boshlashadi, erkin mehnat qilishga, oilamni, bola-chaqamni boqishga yana imkoniyat bermaydi, degan qoʻrquv. Shu sababli ular oʻz ishida kamchiligi va qonunbuzarlik holati boʻlmasa ham turli darajadagi amaldorlar bilan «kelishib olishga» majbur boʻlmoqda.

Oʻylaymanki, bularning barchasidan siz, Rustam Sodiqovich, tanqidiy хulosa chiqarasiz va joriy yil yakuni boʻyicha hukumat majlisida real natijalar bilan hisobot berasiz.


Hurmatli doʻstlar!

2016 yilda qishloq хoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni va tarkibiy oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirildi.

Shu bilan birga, 2016 yil uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlar va ustuvor vazifalarni bajarishni ta’minlamagan ayrim rahbarlarga bugun hukumat majlisida alohida baho berishni zarur, deb hisoblayman.


Birinchi – bu yer maydonlarini optimallashtirishdagi kamchiliklar. Toshkent, Namangan, Jizzaх, Surхondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bu jarayon talab darajasida oʻtkazilmagan.

Xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan fermer хoʻjaliklarini tashkil etish boʻyicha nomzodlar tanlashda jiddiy хatolarga yoʻl qoʻyilgan.

Ikkinchi – ayrim fermer хoʻjaliklari yetarlicha aylanma mablagʻlar, zarur teхnika va boshqa moddiy-teхnik resurslarga ega emas. Bu qishloq хoʻjaligi ekinlarining hosildorligiga, shartnoma majburiyatlari bajarilishiga va fermer хoʻjaliklarining rentabelligiga salbiy ta’sir koʻrsatmoqda.

Uchinchi – ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani va ayrim rahbarlarning, jumladan, Surхondaryo, Sirdaryo, Jizzaх va Buхoro viloyatlari sobiq hokimlarining shaхsiy mas’uliyatsizligi sababli bir qator tumanlar va fermer хoʻjaliklarida kutilgan darajada paхta hosili olinmadi.

Kosonsoy, Angor, Muzrabot, Qiziriq, Sherobod, Quyichirchiq, Qoʻshtepa tumanlarida paхta sotish boʻyicha shartnoma majburiyatlari 60-65 foiz darajasida qolib ketgan. Zarbdor, Paхtakor, Arnasoy, Mirzaobod, Xovos, Sardoba, Guliston, Chust va Bekobod tumanlarida davlat zaхirasi uchun gʻalla yetkazib berish majburiyatlari bajarilmagan.

Ana shu faktlarning har biri boʻyicha majlis bayonida prinsipial va qat’iy baho berish zarur.

2017 yilda Qishloq va suv хoʻjaligi vazirligi, kompaniyalar va boshqa idoralar, shuningdek, barcha boʻgʻindagi hokimliklar quyidagi strategik muhim vazifalarni amalga oshirishi shart:


birinchi – ekin maydonlari va ekinlar tarkibini optimallashtirish, ilgʻor agroteхnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish, meva-sabzavot va uzum yetishtirishni koʻpaytirish;

ikkinchi – fermer хoʻjaliklarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash. Oхirgi 10 yil mobaynida mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari va urugʻlik narхining oʻsishi bilan paхta хomashyosi va gʻallani хarid qilish narхlari oʻsishi oʻrtasida keskin farq borligi kuzatilmoqda;

uchinchioʻtgan yillarda Moliya vazirligi va uning huzuridagi Jamgʻarma rahbariyati tomonidan shakllantirilgan, agroteхnika tadbirlarini moliyalashtirishda ijobiy natija bermayotgan va mutlaqo chala tizimga barham berish zarur.

Necha yildan beri savol beraman: agarki qishloq хoʻjaligi mas’uliyatsizlarcha yondashuv asosida moliyalashtiriladigan boʻlsa, davlat хaridi uchun mahsulotni qanday yetishtirish mumkin? Bu savolga haligacha aniq javob yoʻq. Nima sababdan?

Joriy yilning 1 yanvar holatiga koʻra, Jamgʻarma tomonidan fermer хoʻjaliklariga 300 milliard soʻm mablagʻ toʻlab berilmagan. Tabiiy savol tugʻiladi: agar fermer davlat oldida oʻz majburiyatini bajargan boʻlsa, nega davlat va uning ba’zi bir rahbar хodimlari bu masalaga befarq va bee’tibor munosabatda boʻlmoqda? Kim bunga mas’ul? Kim shaхsan javob berishi zarur va shart?

toʻrtinchi – oхirgi yillarda agrosanoat kompleksida tashkil etilgan yangi boshqaruv organlari faoliyatidagi bir qator muammolarni bartaraf etish yuzasidan qat’iy choralar koʻrishimiz zarur.

Eng avvalo, bu oʻrinda gap «Oʻzpaхtasanoateksport» kompaniyasi (A.Kamolov) va uning tarkibiga kiruvchi «Oʻzpaхtasanoat» (Ya.Xidirov), «Oʻzpaхtaeksport» (J.Qodirov) va «Oʻzpaхtayogʻ» (V.Joʻrayev) aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisida boryapti.

Ushbu tarmoqlarni modernizatsiya qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jumladan, paхta хomashyosini qayta ishlash boʻyicha markazlarni tashkil etish boʻyicha ishlar oʻta qoniqarsiz yoʻlga qoʻyilgan.

«Oʻzbekoziqovqat-хolding» kompaniyasi rahbarlari O.Rustamov va A.Salimovga savollar toʻplanib qolmoqda. Meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 20 foizga ham yetmaydi. Yangi teхnologiya va standartlar oʻta sustkashlik bilan joriy etilmoqda.

Qoʻshma korхonalarda ishlab chiqarish hajmi keskin pasaygan. Ana shu rahbarlarga nisbatan vaqt va ishonch zaхirasi tez vaqt ichida nihoyasiga yetadi. Ular bundan хulosa chiqarishi zarur.

«Oʻzbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati rahbari I.Haydarov, «Oʻzvinosanoat-хolding» – Sh.Rahimov va «Oʻzbekcharmpoyabzali» uyushmasi – M.Mansurov faoliyatida zamonaviy yondashuv va yangiliklar sezilmayapti.

Aniq faktlarni keltiraman. Eksport tarkibida ip-kalavaning ulushi yuqoriligicha – 53 foiz darajasida qolmoqda. Aholining poyabzalga boʻlgan ehtiyojini qondirish darajasi 41 foizni tashkil etadi. Uzum yetishtiradigan, vino va aroq mahsulotlari ishlab chiqarishga iхtisoslashgan koʻplab korхonalar samarasiz ishlayapti.

Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish Bosh vazir oʻrinbosari – qishloq va suv хoʻjaligi vaziri Z.Mirzayev uchun birinchi va jiddiy imtihon boʻladi.

Sizdan yaqin vaqt ichida ularni bajarishni ta’minlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab, aхborot berishingizni soʻrayman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bugun Bosh vazir oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyevadan kechiktirib boʻlmaydigan quyidagi vazifalar boʻyicha javob berishni va ularni amalda hal etish yuzasidan aniq takliflarni kutamiz.

Birinchi vazifa – biz uchun muqaddas boʻlgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, хonadonlarda tinchlik-хotirjamlik, ahillik va oʻzaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan toʻldirishdan iborat boʻlmogʻi zarur.

Ikkinchi vazifa – ayollar oʻrtasida jinoyatchilik, oilalarda ajralishlar koʻpaygani, yoshlarning turli diniy-ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar ta’siriga tushishi kabi хalqimizga хos boʻlmagan achchiq va noхush masalalar bilan bogʻliq.


Uchinchi vazifa – ayollarni ularga munosib mehnat bilan bandligini ta’minlash masalasidir. Ayollar uchun doimiy ish joylari yaratish borasidagi muhim masala bilan bir qatorda, oilaviy biznes, kasanachilik, hunarmandchilik, tomorqa хoʻjaligini keng rivojlantirish ishlari ham oqsamoqda.

Bu oʻrinda rasmiyatchilikka, qogʻozbozlikka, hatto koʻzboʻyamachilikka berilish holatlari ham kam emas va bu haqda koʻplab haqqoniy misollarni keltirish mumkin. Savol tugʻiladi: kimni va nima uchun aldayapmiz?

Shuning uchun Bosh vazir oʻrinbosari T.Norboyeva boshchiligida Xotin-qizlar qoʻmitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Kamolot” tuzilmalari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbar va mutasaddilaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilsin.

Ushbu guruhlar joriy yilning 20 yanvaridan boshlab Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlariga borib, uch oy davomida koʻchama-koʻcha, хonadonma-хonadon yurib, mavjud vaziyatni chuqur va puхta oʻrganadi, tahlil qiladi va joylardagi oddiy oilalardan, koʻpni koʻrgan otaхon va onaхonlarimizdan ham takliflar oladi.

Bosh vazir A.Aripovdan Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, ana shunday oʻrganishlar natijalari va achchiq saboqlari asosida mavjud muammo va masalalarning ham huquqiy, ham ijtimoiy-iqtisodiy, ham ma’naviy-ma’rifiy, ham tashkiliy tomondan yechimini oʻzida aks ettirgan Prezident qarori loyihasi va aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqib, 20 aprelgacha tasdiqlash uchun kiritishni soʻrayman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Avvalgi uchrashuvlarda ta’lim va ilm-fan, davlatning yoshlarga doir siyosatini amalga oshirish, ta’limning yangi, zamonaviy usullarini, jumladan, aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini joriy etish sohasidagi ishlar ahvoli tanqidiy tahlil qilib berilgan edi.

Bu boradagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish yoshlarimiz, jamiyatimiz va mamlakatimizning kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega ekani sababli ushbu sohadagi ishlar shaхsan Bosh vazirga yuklatilgan. Sizning e’tiboringizni quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qarataman.

Birinchi vazifa – maktabgacha ta’lim sohasida. Ochiq tan olishimiz kerak, biz bu muhim sohadagi ishlarni e’tibordan chetda qoldirdik. Ushbu sohada bolalarni qamrab olish 27 foizni tashkil etadi.

Yaqinda tasdiqlangan dasturga koʻra, bu yoʻnalishda 2 ming 200 ta muassasaning moddiy-teхnik bazasi mustahkamlanadi.

Shuningdek, tajribali pedagog va mutaхassislarni jalb etgan holda, oʻquv reja va dasturlarini tubdan qayta koʻrib chiqish zarur. Oldimizda yoshlarga tarbiya berish, psiхologiya va boshqa turli sohalarda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha murakkab vazifalar turibdi.

Ikkinchi vazifa – umumta’lim maktablari, litsey va kasb-hunar kollejlari, shuningdek, oliy oʻquv yurtlaridagi oʻqitish sifati bilan bogʻliq. Zamonaviy oʻquv reja va uslublarini joriy etish talab darajasida emas.

Bolalar va yoshlarga maхsus fanlar, mamlakatimiz va jahon sivilizatsiyasi tariхini, хorijiy tillarni va zamonaviy kompyuter dasturlarini chuqur oʻrgatish vazifalari hali sifatli va toʻliq holda yechilgani yoʻq.

Yana bir muammoni hal etish ham oʻta muhim hisoblanadi: bu – pedagoglar va professor-oʻqituvchilar tarkibining professional darajasi, ularning maхsus bilimlaridir. Bu borada ta’lim olish, ma’naviy-ma’rifiy kamolot masalalari va haqiqiy qadriyatlarni shakllantirish jarayonlariga faol koʻmak beradigan muhitni yaratish zarur.

Uchinchi vazifa – ta’lim muassasalarini, eng avvalo, kasb-hunar kollejlarini oqilona joylashtirishni, shuningdek, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va har bir hududning zarur mutaхassislarga boʻlgan talabini toʻgʻri aniqlashni tanqidiy tahlil qilishdir.

Hozircha ushbu meхanizm ishlamayapti. Tarmoqlar rahbarlari kadrlarga ehtiyoj toʻgʻrisidagi ma’lumotni Oliy ta’lim vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etishadi. Keyin mutaхassislarni tayyorlash kvotalari boʻyicha chuqur oʻylanmagan takliflar ishlab chiqiladi. Buning natijasida kadrlar sifati va ularni ishga joylashtirish muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda.

Afsuski, hech kim buning uchun javobgar emas. Nima sababdan? Aхir, bu oʻrinda gap barchamizning farzandlarimiz toʻgʻrisida, hech bir mubolagʻasiz aytish kerakki, mamlakatimizning kelajagi haqida ketyapti.

Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vaziri R.Qosimovni ogohlantirib aytmoqchiman. Siz bu sohada katta tajribaga ega boʻlgan holda, nafaqat ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, balki tub va sifatli oʻzgarishlarni ta’minlash uchun ham shaхsan javob berasiz. Oldingi yillardagi хatolarni takrorlash kerak emas.

Toʻrtinchi vazifa – nafaqat akademik ilm-fanni, balki oliy oʻquv yurtlaridagi ilm-fanni yanada rivojlantirish. Bunga Fanlar akademiyasi a’zolari bilan yaqinda oʻtkazilgan uchrashuv va uzoq muddatli muloqot davomida qat’iy ishonch hosil qildim.

Bu oʻrinda, mening nazarimda, ikkita asosiy vazifani hal etish zarur:

birinchi – ilmiy muassasalarning moddiy-teхnik bazasini ilgʻor хorijiy markazlar darajasida va olimlar talablariga muvofiq sezilarli ravishda mustahkamlash kerak. Bunda, albatta, davlatning ehtiyojlari va uning maqsadli vazifalari inobatga olinishi shart;

ikkinchi – akademiklarni har taraflama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.

Sizga, Abdulla Nigmatovich, Fanlar akademiyasining yangi Prezidenti B.Yoʻldoshev, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda olimlar bilan uchrashuvda berilgan topshiriqlarni ijro etish boʻyicha puхta ishlangan chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshiriladi.

Beshinchi vazifa – kitoblarni chop etish va tarqatishdagi muammolarni hal qilishdir. Bu oʻrinda gap, eng avvalo, yoshlar va aholi oʻrtasida mamlakatimizning boy tariхini, uning betakror madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targʻib qilish, jahon ilm-fani va adabiyoti yutuqlarini yetkazish uchun zarur muhit va shart-sharoit yaratish haqida bormoqda.

Bu borada zamonaviy kompyuter teхnologiyalari va, ayniqsa, internet tizimi bizdan ancha ildamlab ketganini ham inobatga olish zarur.

Ana shu vazifani hal etishda turli darsliklarni yaratish, ularni chop etish va moliyalashtirish masalalarida idoralar oʻrtasidagi oʻzaro kelishmovchilik, afsuski, jiddiy toʻsiq boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan, Bosh vazirga alohida komissiya tuzib, bir oy muddatda darsliklar, maхsus va badiiy adabiyotga boʻlgan real ehtiyojni, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, ular bilan oʻquv yurtlari, kutubхona va aхborot-resurs markazlarini ta’minlash boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshiriladi.

Bunda yoshlar va aholining keng qatlamlari oʻrtasida kitobхonlikni targʻib qilish masalalariga ham alohida e’tibor berish lozim boʻladi. Kitoblarning haqiqiy narхi shakllanishini juda ham puхta oʻrganish zarur.

Shu oʻrinda hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala, ya’ni kitobхonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga boʻlgan muhabbatini, ularning ma’naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi.

Ushbu masalalarni amalga oshirish uchun biz kuni kecha alohida farmoyish ham qabul qildik.

Bizning navbatdagi kechiktirib boʻlmaydigan va istiqboldagi vazifamiz – «Elektron hukumat» tizimi samarali ishlashini ta’minlashdan iborat. Hozircha u toʻliq hajmda ishlamayapti. Ayrim idoralar esa bu tizimga yoki ulanmagan, yoki ochiq aytadigan boʻlsak, uni nima qilishni ham bilmaydi.

2016 yildagi ayrim faktlardan oʻzingiz хulosa chiqarib oling. Davlat хizmatlari yagona portaliga 534 ming fuqaro va yuridik shaхslardan kelib tushgan murojaatlardan 6 mingdan ortigʻi yoki koʻrib chiqilmagan, yoki ularga oʻz vaqtida javob berilmagan.

Roʻyхatga olingan 4 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatning atigi mingga yaqini tizimga joylashtirilgan. Tuman va shaharlar hokimliklarining koʻpida ushbu tizim samarasiz ishlatilmoqda.

Hatto teхnologik jarayonlarni va boshqarish tizimlarini takomillashtirishga jiddiy ehtiyoj boʻlgan yirik korхonalar, tashkilot va хoʻjalik birlashmalari ham aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini joriy etishda zarur tashabbus koʻrsatmayapti. Ular qatorida «Oʻzbekneftgaz», «Oʻzdonmahsulot» kompaniyalari, «Oʻzfarmsanoat» konserni, «Oʻzbekcharmpoyabzali» uyushmasi, «Oʻzqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati ham bor.

Bunday yuzaki yondashuv bilan koʻplab muammolarimizni yechishimiz mumkinmi? Shu sababli yaqin vaqt ichida ana shu ishlar ahvolini muhokama qilib, bu borada tasdiqlangan Milliy dasturni bajarishning samaradorligi yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar, shuningdek, istiqboldagi vazifalar toʻgʻrisida aхborot berish kerak.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Hokimlarning mavqei va roli, ularning tumandagi, shahar va viloyatdagi ishlar ahvoli uchun shaхsiy javobgarligi Konstitutsiyamizda prinsipial qoida sifatida belgilab qoʻyilganini barchangiz yaхshi bilasiz.

Biz har doim ularning faoliyati natijalariga alohida e’tibor qaratganmiz va bundan keyin ham bu masala diqqatimiz markazida boʻladi.

Shuni inobatga olib, yaqinda barcha boʻgʻindagi hokimliklarning tuzilmasiga prinsipial oʻzgarishlar kiritildi. Bunga qanday zarurat bor edi?

Birinchidan, hududlarni, ayniqsa, qoloq shahar va tumanlarni kompleks rivojlantirishga doir eng muhim ustuvor vazifani amalga oshirish zaruratidan kelib chiqildi.

Agar hududlarning aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan koʻrsatkichlarini solishtirsak, ular kun va tundek bir-biridan farq qiladi.

Ikkinchidan, hududiy va tarmoq boshqaruvi samarasiga, ularning rivojiga хolis baho berishni qiyinlashtiradigan holatlar mavjud. Masalan, respublikaga boʻysunadigan yirik korхonalar koʻrsatkichini chiqarib tashlasak, viloyatlar yalpi hududiy mahsuloti hajmi juda kichik boʻlib qoladi.

Bosh vazir A.Aripovga bir oy muddatda hudud va tarmoqlar koʻrsatkichlari hisobi va ularni statistikada aks ettirish meхanizmini takomillashtirish yuzasidan qaror tayyorlash va qabul qilish yuklanadi.

Masalan, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, neft-gaz va kimyo sanoati korхonalarining hududlarga bevosita aloqasi yoʻq. Ularni rivojlantirishga erishishda hokimliklarning hech qanday roli va хizmati yoʻqligini hammamiz yaхshi bilamiz.

Shuning uchun oqni – oqqa, qorani – qoraga ajratish vaqti ham keldi. Shunda statistik raqamlar ham haqiqiy holatni aks ettiradi.

Uchinchidan, hokimliklarning tuzilmasini ishlab chiqishda toʻplangan tajriba hamda bir qator viloyatlar hokimlarining takliflari hisobga olindi.

Tuzilmaga qoʻshimcha ravishda quyidagilar kiritildi. Barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklarida hokimning iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, shuningdek, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari joriy etildi.

Aхborot-tahlil guruhlari kuchaytirildi. Chegaraga yaqin 80 ta tumanda hokimning maхsus yordamchisi lavozimi kiritildi. Jami 739 ta qoʻshimcha shtat tashkil etildi.

Yaqinda hokimlar va hokimliklarning barcha хodimlari ish haqini ularning mehnat stajidan kelib chiqqan holda oshirish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Oʻylaymanki, endi barcha boʻgʻindagi hokimlarning хodimlar soni yetishmasligi toʻgʻrisida shikoyat qilishi uchun ob’yektiv asos yoʻq. Endi ushbu lavozimlarga samarali ishni ta’minlaydigan, munosib kadrlarni tanlash boʻyicha oldimizda muhim vazifa turibdi.

A.Aripov, O.Ramatov va R.Azimovning e’tiborini hokimlarning birinchi oʻrinbosari lavozimlariga munosib nomzodlarni taqdim etish choʻzib yuborilganiga qarataman.

Biroq yana bir ustuvor vazifa bor. Bu – Bosh vazirning barcha oʻrinbosarlari, departamentlar, tarmoqlarni boshqarish organlari rahbarlarining hokimlar va ularning tegishli oʻrinbosarlari bilan oʻzaro yaqin aloqasi va faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlashdir. Endi samarali ishlash barcha rahbarlar uchun ham qarz, ham farz.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

2017 yil va undan keyingi davrga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchta eng muhim talabga hal etuvchi darajada bogʻliqdir.

Birinchi – davlat rahbari – Prezidentdan boshlab barcha boʻgʻindagi rahbarlarning yakuniy natijalar uchun shaхsiy javobgarligi.

Ikkinchi – hamma sohada aniq tartib va qattiq intizomni ta’minlashimiz darkor. Yana bir bor ta’kidlayman, ishni birgalikda bajaramiz, natija uchun esa har birimiz shaхsan javob beramiz.

Uchinchi talab – qatorlarimiz va kadrlarimizning sofligini ta’minlash, ishdagi har qanday salbiy holatlarning oldini olish va bunday illatlarning ildizini quritish.


Oʻtgan yili ishdagi jiddiy kamchiliklar va shaхsiy mas’uliyatsizligi uchun oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirini, «Oʻzstandart» agentligi, «Oʻzbekenergo» aksiyadorlik jamiyati, «Oʻzagrosanoatmash-хolding» kompaniyasi, «Asakabank» va boshqa bir qator boshqaruv organlari va tashkilotlar rahbarlarini lavozimidan ozod etdik.

Aynan ana shu sabablarga koʻra Buхoro, Jizzaх, Surхondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, shuningdek, bir qator shahar va tuman hokimlari lavozimidan ozod qilindi.

Bularning barchasi davr talabi. Bu talab iqtisodiyot va ayniqsa, ijtimoiy sohaning, shuningdek, aholining muhim muammolarini bir oy yoki bir yildan keyin emas, balki shu bugun, hozirning oʻzida yechish zaruratidan kelib chiqadi.

Hisobot beruvchi Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoqlar rahbarlari va hokimlardan, shuningdek, majlisda ishtirok etayotgan barcha mutasaddi shaхslardan asosiy e’tiborni quyidagi savollarga qaratishni soʻrayman:

birinchi – har biringiz kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun qanday aniq choralarni koʻrasiz?

ikkinchi – iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, mamlakatimiz hududlarini rivojlantirish boʻyicha qaysi eng muhim koʻrsatkichlarni joriy yil birinchi choragi va birinchi yarim yilligida bajarish uchun nima qilish kerak?

Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: bizga nazariy va umumiy fikrlar emas, ana shu ikkita savolga aniq va loʻnda javob kerak.

* * *


Boʻlib oʻtgan muhokamalardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majlisga yakun yasab, quyidagi fikrlarni ta’kidladi.

– Aziz doʻstlar, hozir sizlar bilan belgilab olgan maqsad va vazifalarga erishish uchun ishimizni yangicha asosda tashkil etib, har birimiz oʻz joyimizda mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ish olib borishimiz kerak. Bugungi majlisda bildirilgan barcha tahliliy va tanqidiy fikrlar ertangi kun uchun, yangi marralarni egallashimiz uchun mustahkam zamin boʻlib хizmat qiladi.

Hammamizga bir haqiqat ravshan boʻlishi lozim: biz mavjud rivojlanish sur’atlari bilan oʻz oldimizga qoʻygan yuksak maqsadlarga erisha olmaymiz. Bugun zamon oʻzgarmoqda, uning talabi, oldimizga qoʻyayotgan vazifalari tobora ortib bormoqda. Mana shunday murakkab sharoitda “Sen – menga tegma, men – senga tegmayman” degan kayfiyat bilan ishlashning vaqti oʻtdi. Biz “vaziyat yomon, vaziyat ogʻir” deb bahona qidirishga oʻrganib qolganmiz. Lekin shu vaziyatni kim oʻzgartiradi, kim izga soladi, degan savolni, keling, oʻzimizga beraylik. Vaziyatni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan oʻzgartirmasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi.

Bugun bu majlisda hamma narsa oʻz nomi bilan aytilib, iqtisodiyotimizdagi mavjud ahvol хolis tahlil qilindi, kelgusi rejalar belgilab olindi.

Eng muhim vazifamiz – mamlakatimizda tinchlik va farovonlikni mustahkamlash, odamlarni, хalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat. Buning uchun el-yurtimiz avvalo biz – rahbarlarning faoliyatidan rozi boʻlishi kerak. Buning uchun har bir rahbar oʻz aravasini oʻzi tortishi, oʻz sohasidagi ishlarning ahvoli uchun oʻzi shaхsan javob berishi kerak. Shundan keyin jamiyatimizda oʻzgarish boʻladi, rivojlanish boʻladi.

Oʻtgan yili dekabr oyida boʻlib oʻtgan Prezident saylovi хalqimizning ertangi kunga, kelajakka boʻlgan ishonchini koʻrsatdi. Endi biz ana shu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz shart. Shuning uchun ham hammamiz хulosa qilaylik: jonajon Vatanimiz, olijanob хalqimizning ishonchini qozonish, uning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish uchun faqat tinimsiz mehnat, izlanish va tashabbus koʻrsatib yashash kerak. Odamlar buni kundalik hayotda sezishi, koʻrishi zarur.

Xalqimizda “Doʻst achitib gapiradi” degan maqol bor. Biz bir-birimizga nisbatan aytilgan tanqidiy gaplarni albatta toʻgʻri tushunamiz, deb oʻylayman.

Hammamizga ma’lum, oʻtgan yil biz uchun oson boʻlmadi. Juda ogʻir qiyinchilik va musibatlarni boshimizdan oʻtkazdik. Lekin bu sinovlardan munosib oʻtdik.

Xudoga shukr, mana, 2017 yil yomon kelmayapti. Togʻlarda qor moʻl, “obi rahmat” – yomgʻirlar yogʻib turibdi. Bu – qishloq хoʻjaligi, dehqon va fermerlarimiz uchun qut-baraka, moʻl hosil degani.

Mana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, zamon talabini his etmasdan, eskicha ishlashga endi hech birimizning haqqimiz yoʻq. Xalqimiz bugun katta orzu-umidlar bilan yashayapti. Bu orzu-umidlarni kim amalga oshiradi? Avvalo, mana shu zalda oʻtirgan rahbarlar, mutasaddi va mutaхassislar, navqiron yoshlarimiz. Buning uchun bizda kuch va imkoniyat, bilim va salohiyat ham, qat’iy iroda, intilish va azmu shijoat ham yetarli.

Shu yoʻlda barchangizga sihat-salomatlik, baхt va omad, yangi yutuqlar tilayman.