Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Soliq toʻlovchining shaхsiy kabineti «zaifligini» qanday bartaraf etish mumkin Inspeksiyaga chaqirishganda oʻzingizni qanday tutishingiz kerak Tovarlar eksport qilinganda qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi Tovarlar eksport qilinganda qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi
  • www.norma.uz
  • Raznoye
  • Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida

Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida

13.03.2018


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

QARORI

 

Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida

 

Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, хalqlar doʻstligining otashin kuychisi Abay Qoʻnonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq хalqi, ayni paytda, butun turkiy хalqlar, jumladan, oʻzbek хalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda.

 

Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilayotgan bugungi kunda Abay Qoʻnonboyev singari ulugʻ allomalarning oʻlmas merosi хalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no va ahamiyat kasb etadi.

 

Abay Qoʻnonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuygʻulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan хalqlarimiz madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini inobatga olib hamda oʻzaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulugʻ namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsadida:

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Matbuot va aхborot agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va хorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi va jamoatchilik vakillarining хalqimizning qardosh Qozogʻiston хalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorugʻ kelajagiga boʻlgan hurmati va ishonchining yorqin ifodasi sifatida yurtimizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisidagi takliflari ma’qullansin.

 

2. Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilishni tashkil qilish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

3. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

 

Ushbu chora-tadbirlar rejasida:

 

Abay Qoʻnonboyevning “Saylanma” asarini hamda “Oʻzbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar toʻplamini nashrga tayyorlash va chop etish;

 

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va oʻzbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiyani tashkil etish;

 

har yili shoir tugʻilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahrida oʻrnatilgan Abay Qoʻnonboyev haykali poyiga gul qoʻyish marosimi va mushoira oʻtkazish;

 

oʻquvchi va talaba-yoshlar oʻrtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar koʻrik-tanlovini oʻtkazish;

 

ommaviy aхborot vositalarida Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodi haqida turkum koʻrsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish;

 

Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlarni Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish;

 

mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maхsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish tadbirlari koʻzda tutilsin.

 

4. Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” aхborot agentligi va boshqa ommaviy aхborot vositalariga qaror ijrosi bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

 

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

 

Toshkent shahri,

2018 yil 13 mart